3. Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi
XX asrda ilmiy-texnikaviy taraqqiyot natijasida biosfera ichida noosfera ya'ni texnikaviy muhitning paydo bo'lishi inson hayoti va faoliyatining asosi bo'lgan mehnatga katta ta'sir ko'rsata boshladi. Bugun uyali aloqa, kompyuterlarsiz hayotni tasavvur etib bo'lmaydi. Bu esa texnika hayotimizga tobora chuqur kirib borayotganini ko'rsatadi. Albatta, biosferadagi barcha o'zgarishlarning sababchisi inson — uning tafakkuri ekanligi barchaga ayon. XXI asr yuqori texnologiyalar, axborotlar asri sifatida namoyon bo'lmoqda. Bu esa kishilarning ongi, faoliyati mana shu tezkorlikka moslashishi lozimligini taqozo etadi.
Texnika rivojining ko'p yillik tarixi bizning texnik bilimlarimiz, ixtirochilik, konstruktorlik qobiliyatimiz fan, inson ehtiyojlari, yashash muhiti rivojiga muvofiq doimiy mukammallashib borishini ko'rsatmoqda. Hozirgi zamon sivilizatsiyasi sanoat va texnika taraqqiyoti bilan bog'liqdir. U industrial sivilizatsiya yoki texnogen jamiyati deb atalmoqda.
Inson va jamiyat «texnosfera»da joylashgan bo'lib, texnika bir joyda to'xtab turmaydi. Texnika innovatsiyasi inson hayotini to'xtovsiz o'zgartirib turuvchi katalizator — harakatga keltiruvchi sifatida inson ongidan joy oldi. Mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish ijtimoiy hayotga, iqtisod, siyosat va mafkuraga kirib keldi. «Inson va mashina» munosabatlari tobora yangicha mazmun kasb etib bormoqda.
Har qanday rivojlangan texnika ham ijtimoiy masalalarni insonsiz hal eta olmaydi. Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnika asrida taraqqiyot taqdirini ma'naviy jihatdan yetuk odamlar hal qiladi. Texnikaviy bilim, murikkab texnologiyani egallash qobiliyati ma'naviy barkamollik va mustaqil tafakkur bilan birga borishi kerak. Texnik taraqqiyotni, uning jamiyatdagi o'rni va rolini to'xtatish, inkor etish mumkin emas, Shunday ekan, texnogen sivilizatsiyada inson texnogen madaniyat-fan amaliyoti, texnikaning yangidan-yangi shakllari, ularni ishlata bilish uquvi va mahoratiga ega bo'lishi taqozo etiladi.
Dostları ilə paylaş: |