1. Ijara shartnomasi va oldi-sotdi shartnomasi o’rtasidagi farq
636-modda. Ishning bahosi Pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi yoki uni aniqlash usullari ko‘rsatiladi. Ular shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ishning bahosi ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Pudrat shartnomasidagi ishning bahosi pudratchining chiqimlarini va unga to‘lanadigan haqni o‘z ichiga oladi.
Ishning bahosi smeta tuzish yo‘li bilan aniqlanishi mumkin.
Ish pudratchi tomonidan tuzilgan smeta bo‘yicha bajarilgan taqdirda, smeta buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga ega bo‘ladi va pudrat shartnomasining bir qismi bo‘lib qoladi.
Ishning bahosi (smeta) taxminiy yoki qat’iy bo‘lishi mumkin. Pudrat shartnomasida bunday ko‘rsatma bo‘lmasa, ishning bahosi (smeta) qat’iy hisoblanadi.
Agar qo‘shimcha ishlarni bajarish zarur bo‘lib qolsa va shu sababli ishning taxminan belgilangan bahosini (taxminiy smetani) ancha oshirishga to‘g‘ri kelsa, pudratchi bu haqda buyurtmachini vaqtida ogohlantirishi shart. Buyurtmachi pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirishga rozi bo‘lmagan taqdirda, shartnomadan voz kechishga haqli. Bunday hollarda pudratchi buyurtmachidan ishning bajarilgan qismining bahosini to‘lashni talab qilishi mumkin.
Buyurtmachini pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirish zarurligi to‘g‘risida o‘z vaqtida ogohlantirmagan pudratchi ish uchun shartnomada ko‘rsatilgan baho bo‘yicha haq olish huquqini saqlab qolgan holda shartnomani bajarishi shart.
Pudratchi, qoida tariqasida, qat’iy baho (qat’iy smeta)ni oshirishni, buyurtmachi esa uni kamaytirishni talab qilishga, shu jumladan bajarilishi kerak bo‘lgan ishning to‘la hajmini yoki buning uchun zarur xarajatlarni pudrat shartnomasi tuzilayotgan paytda nazarda tutish imkoniyati bo‘lmagan hollarda ham, haqli emas.
Pudratchi tomonidan taqdim qilinishi kerak bo‘lgan materiallar va uskunalar, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan unga ko‘rsatiladigan xizmatlar bahosi ancha oshgan va buni shartnoma tuzish vaqtida nazarda tutish mumkin bo‘lmagan hollarda ushbu Kodeksning 383-moddasiga binoan pudratchi belgilangan ish bahosini (smetani) oshirishni talab qilishga, buyurtmachi bu talabni bajarishdan bosh tortgan taqdirda esa, shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.