26. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasining mohiyatini tushuntiring? 564-modda. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi Transport vositasini ekipaji bilan ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi transport vositasini vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun haq evaziga ijaraga oluvchiga beradi va o‘z kuchi bilan uni boshqarish hamda texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Transport vositasini ekipajsiz ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmagan holda vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun ijaraga oluvchiga haq evaziga beradi. Ushbu bobning ijara shartnomasini nomuayyan muddatga qayta tuzish va ijaraga oluvchining ijara shartnomasini yangi muddatga qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalari transport vositasini ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qo‘llanmaydi.
27.Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi qanday shaklda tuziladi? 565-modda. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasining shakli Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi, uning muddatidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak bundan ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin.
Avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.