10.2 Makroiqtisodiy tahlil va uning vazifalari
Makroiqtisodiyot tushunchasi ikki ma’noda tushuniladi:
1. Ta’limot. Milliy ishlab chiqarishning yangi darajasi, ishsizlik va inflyatsiya haqida ta’limot. Iqtisodiy tizimning bir butun yaxlit holdagi xususiyatlari, milliy iqtisodiyotning rivojlanish omillari va natijalarini o‘rganadi.
2. Tahlil etish sohasi. Makroiqtisodiy tahlilda jamiyat miqyosida yuz beradigan iqtisodiy jarayonlarning kechishi tahlil etiladi. Bunda iqtisodiyotning rivojlanish qonuniyatlarini, xo‘jalik yurituvchi turli subyektlarning faoliyat ko‘rsatishi, ishsizlik, inflyatsiya, pul – kredit va moliya tizimlari, iqtisodiy o‘sish muammolarnii yaxlit holda o‘rganadi.
Milliy iqtisodiyotning pirovard maqsadi mamlakat barcha aholisining doimiy ravishda o‘sib boruvchi ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini to‘laroq qondirishdan iborat. Milliy iqtisodiyotning mazkur asosiy maqsadga erishish borasida o‘z oldiga qo‘ygan vaziafalar naqadar samarali bajaralayotganligi makroiqtisodiy tahlil yordamida aniqlanadi. Makroiqtisodiy tahlilning maqsadi – tegishli makroiqtisodiy ko‘rsatkichlardan foydalanish asosida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida vujudga kelgan holatlarni ochib berish, milliy iqtisodiyotda yuz berayotgan o‘zgarishlarni tushuntirish va uning faoliyatini yaxshilash uchun iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishga yordam berishdan iborat. Bu maqsadga erishishning muhim shartlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1) avvolo makroiqtisodiy tahlilni amalga oshirish uchun tegishli uslubiy yondashuvlarning ishlab chiqilganligi shu jumladan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblash uchun statistik ma’lumotlarning mavjudligi;
2) milliy iqtisodiyotni tahlil qilishga tarixiy jihatdan va har taraflama keng yondashuv;
3) iqtisodiy tizim salohiyatini makroiqtisodiy tahlil natijalariga asoslanib obyektiv baholamasdan turib mamlakat iqtisodiyotiga aralashuv salbiy holatlarning vujudga kelishiga sabab bo‘lishini anglash;
4) makroiqtisodiy tahlil natijasida to‘plangan tajribadan boshqa mamlakatlar amaliyotida foydalanish imkoniyatlariga obyektiv baho berilganidan so‘ng undan ehtiyotkorlik bilan foydalanish mumkinligini tushunish;
5) ishlab chiqarishning barqaror va samarali o‘sishi mamlakat aholisining bandligini ta’minlash va daromadlar oshishining manbai ekanligini tushunish.
Makroiqtisodiy tahlilning asosiy o‘ziga xos usuli – bu makroiqtisodiy agregirlash, ya’ni hodisalar va jarayonlarni yaxlit holatga keltirish, birlashtirish tushuniladi. Agregirlangan kataliklar bozorning holatini va uning o‘zgarishini tavsiflaydi (YaMM, YaIM, narxlarning umumiy darajasi, inflyatsiya va ishsizlik darajalari va boshqalar).
Makroiqtisodiy agregirlash xo‘jalik subyektlariga (uy xo‘jaliklari, firmalar, davlat, xorijiy davlatlar) va bozorlarga (tovarlar va xizmatlar, qimmatli qog‘ozlar, pullar, ishchi kuchlari, real kapital, xalqaro valyuta) nisbatan qo‘llaniladi.
Makroiqtisodiy tahlilda iqtisodiy modellardan keng foydalaniladi - turli xil iqtisodiy hodisalar va jarayonlar ular orasidagi funksional munosabatlarni aniqlash uchun rasmiylashtirilgan tavsiflar (mantiqiy, grafik, algebraik). Makroiqtisodiy modellar tizimning asosiy elementlari va ularning aloqalariga e’tibor qaratish uchun ikkinchi darajali elementlardan qochishga imkon beradi. Iqtisodiy voqelikning mavhum ifodasi sifatida paydo bo‘lgan makroiqtisodiy modellar umumiy bo‘la olmaydi, shuning uchun, makroiqtisodiyotda turli xil mezonlarga ko‘ra tasniflanishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p turli xil modellar mavjud.
Makroiqtisodiy tahlil bizga butun jamiyat darajasida hal qilinishi mumkin bo‘lgan bir qator muammolarni aniqlashga imkon beradi:
barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish ;
iqtisodiy sikllarni tahlil etish;
inflyatsiya va ishsizlik o‘rtasidagi bog‘liqlik;
iqtisodiyotning real va pul sektorlarini o‘zaro harakati;
mamlakat savdo balansining tahlili.
mamlakat ichida milliy bozorlar bilan iqtisodiyotning tashqi sektori o‘rtasida o‘zaro aloqalar;
davlatning samarali makroiqtisodiy siyosatni olib borishiga erishish.
Makroiqtisodiy tahlil iqtisodiy ko‘rsatkichlar yordamida olib boriladi. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yordamida ma’lum vaqt oralig‘ida milliy iqtisodiyotning rivojlanishiga baho beriladi, rivojlanish tendensiyalari undagi ijobiy va salbiy, ya’ni muammoli holatlarni aniqlaydi, undan so‘ng mavjud muammolarning yechimini topish maqsadida tadbirlar ishlab chiqiladi. Boshqacha aytganda, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yordamida amalga oshirilgan makroiqtisodiy tahlil natijalariga asoslanib, davlatning ijtimoiy - iqtisodiy siyosati ishlab chiqiladi. Bu tizimga kiruvchi turli xil ko‘rsatkichlar, birinchidan, bizga ma’lum vaqt oralig‘idagi ishlab chiqarish hajmini hisoblash va milliy iqtisodiyotning faoliyat yuritishiga bevosita ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash imkonini beradi. Ikkinchidan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi, milliy mahsulot harakatining barcha bosqichlarida, ya’ni ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash, qayta taqsimlash va natijada foydalanish bosqichlarida ko‘rgazmali shaklda aks ettirish imkonini beradi. Nihoyat, uchinchidan, mazkur ko‘rsatkichlar tizimi mavjud resurslar va ulardan foydalanishning mos kelishi kuzatilganda, mamlakatdagi umumiy iqtisodiy muvozanatlik holatini aks ettiradi.
Dostları ilə paylaş: |