1.1. Iqtisodiyot fani nimani o‘rganadi? Dunyoda iqtisodiyotdan holi, mustaqil bo‘lgan birorta ham soha, birorta ham inson yo‘q. Inson xohlaydimi yoki yo‘qmi, lekin farovonlikda yashash uchun iqtisodiy qonunlarga bo‘ysunishi kerak. Ushbu qonunlar inson kelajagini - unga qulay va uzoq umr ko‘rishni ta’minlaydigan faoliyat turini tanlashga imkon beradi. Undan tashqari inson o‘z hayoti mobaynida daromadlarni topish va ularni sarflash bilan bog‘liq iqtisodiy muammolarni hal etishga harakat qiladi. Buning uchun esa inson oddiy iqtisodiy qoidalarni bilishi, shuningdek, iqtisodiyotning tuzilishi va unda vujudga keluvchi iqtisodiy munosabatlar to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishi lozim.
Fanning mavzusi - u yoki bu fanning nimani tadqiq etishi va o‘rganishidir.Masalan, biologiyada tirik tabiat, organik hayotning rivojlanish qonunlari o‘rganiladi, falsafa tabiat, jamiyat va tafakkur rivojlanishining universal qonunlari haqidagi fandir. Biz iqtisodiyotni o‘rganishni boshlaymiz. "Iqtisodiyot" so‘zining o‘zi yunon tilidan kelib chiqqan bo‘lib, tom ma’noda "uy xo‘jaligini yuritish qoidalari"ma’nosini anglatadi. ("oikos" - uy, maishiy, "nomos" - qoida, qonun). Arab leksikonida «iqtisod» tejamkorlik ma’nosida tushunilgan, chunki islom diniga oid adabiyotlarda tejamkorlikka alohida e’tibor berilgan. Lekin, hozirgi davrda iqtisodiyot tushunchasi faqat uy xo‘jaligini yuritish yoki tejamkorlik ma’nosi bilan cheklanmaydi. Iqtisodiyot - bu jamiyatning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlovchi xo‘jalik yuritish tizimi.Hozirgi davrda iqtisodiyot uy xo‘jaligi, firmalar va davlat hamda ular o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlardan iborat bo‘lgan juda murakkab organizm hisoblanadi.
Iqtisodiyotning asosiy vazifasi - bu odamlarning hayoti uchun zarur bo‘lgan va ularsiz jamiyat rivojlana olmaydigan ne’matlarni doimiy ravishda yaratishdir. Iqtisodiyot cheklangan resurslar dunyosida inson ehtiyojlarini qondirishga yordam beradi.
Ushbu kursda "Iqtisodiyot" atamasi "Iqtisodiyot nazariyasi", "Iqtisodiyot fani" ma’nosida qo‘llaniladi (sinonim so‘zlardan bunday foydalanishga ko‘plab misollar keltirish mumkin, masalan, matematika va matematik nazariya, biologiya va biologiya nazariyasi).
Iqtisodiyot nazariyasi ijtimoiy fan hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, Iqtisodiyot nazariyasi odamlar o‘rtasidagi aloqalar va munosabatlarni hamda jamiyatdagi inson xatti-harakatlarini o‘rganadi. Shu bilan birga, sotsiologiya va falsafadan farqli o‘laroq, faqatgina iqtisodiyot fani, iqtisodiy aloqalar va munosabatlarni va odamlarning iqtisodiy xatti-harakatlarini o‘rganadi. Inson hayotida doimo "iqtisodiy muammolar" mavjud bo‘ladi. Masalan, oila a’zolari
ko‘paygandan so‘ng, oilaning turar joyini kengaytirish zarurati vujudga keladi, biroq oilada turar joyni kengaytirish uchun mablag‘ yo‘q. Oyoq kiyim ishlab chiqaradigan korxona bankrot bo‘lish arafasida, u yerda ishlab chiqarish hajmi shunchalik pasayganki, 1000 ishchi o‘rniga 200 ishchi ishlamoqda, qolganlari ishsiz qoldi, biror mamlakatda devalvatsiya ro‘y berdi, natijada yilning boshida import tovarlarning narxi 4-5 baravarga oshib ketdi. Talabaning bir oy yashashiga 2 mln. so‘mi bor, bu mablag‘ni talaba turlicha sarflashi mumkin. Ammo bu pul miqdori yetarli emas, shuning uchun u pulni sarflashning eng yaxshi oqilona usulini tanlashga harakat qilishi kerak. Qo‘shimcha daromad izlash, ishsizlik va devalvatsiya va tanlov zarurati (pulni qanday sarflash kerak? Nima sotib olish kerak?) - bularning barchasi iqtisodiy muammolardir. Shuningdek, iqtisodiyot fani ijtimoiy munosabatlarni, ne’matlarni ishlab chiqarish taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish jarayonida iqtisodiyotni tashkil etish va tartibga solish, narxlar va pul daromadlari, ishsizlik, inflyatsiya, qashshoqlik va tengsizlik, atrof-muhitning ifloslanishi kabi ko‘plab muammo va masalalarni ko‘rib chiqadi. Ushbu barcha muammolar ishlab chiqarish harajatlarining minimal miqdori bilan zarur miqdordagi tovarlarni yaratish muammosining aksi hisoblanadi. Haqiqat shundaki, inson ehtiyojlari cheksizdir, ammo ularni yaratish uchun zarur resurslar cheklangan. Demak, iqtisodchilarning diqqat markazida odamlar ehtiyojlarini maksimal darajada qondirish uchun moddiy ne’matlarni ishlab chiqarishda cheklangan resurslardan samarali foydalanish yo‘llarini izlash yotadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, iqtisodiy muammolar odamlar tomonidan, kishilik jamiyati doirasida hal qilinadi.