1. Mantiq fani predmeti, vazifalari va rivojlanish bosqichlari. Tushuncha turlari, munosabatlari va mantiqiy amallari. Hukm va xulosa – tafakkur shakli sifatida


Tushuncha tafakkur shakli sifatida



Yüklə 0,71 Mb.
səhifə7/20
tarix03.04.2023
ölçüsü0,71 Mb.
#92735
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   20
5- Mavzu

3. Tushuncha tafakkur shakli sifatida
Tushuncha predmet va hodisalarning umumiy, muhim belgilarini aks ettiruvchi tafakkur shaklidir.
Belgilar deb, predmetlarni bir-biridan farq qiluvchi hamda ularning bir-biriga o‘xshashligini ifoda qiluvchi tomonlarga, xususiyatlarga aytiladi. Har bir predmet olamdagi boshqa predmetlar bilan (bevosita yoki bilvosita) aloqada bo‘lganligi uchun ko‘p belgilarga ega. Ularning ba’zilari faqat bitta predmetga xos bo‘lgan, uning individual, yakkalik belgilarini tashkil qilsa, boshqalari predmetning ma’lum bir guruhiga tegishli bo‘lib, umumiy belgilar hisoblanadi. Masalan, har bir kishi faqat o‘zigagina xos bo‘lgan ruhiy kechinmalar va shu kabi individual belgilarga ega. SHuning bilan birga kishilarning ma’lum bir guruhiga (mehnat jamoasi, millat va shu kabilarga tegishli) yoki barcha kishilarga (mehnat qilish, fikr yuritish qobiliyatlari, ijtimoiy munosabatlarda ishtirok qilishi va shu kabilar) xos bo‘lgan umumiy belgilarga ega.
Individual va umumiy belgilarning ba’zilari predmetning mavjud bo‘lishi uchun zarur bo‘lib, uning tabiatini, mohiyatini ifodalaydi. Bunday belgilar predmetning muhim belgilari deyiladi. Masalan, davlatning mavjud bo‘lishi uning o‘z maydoni, aholisi, hokimiyat organlariga ega bo‘lishini taqoza etadi.
Nomuhim belgilar predmetning mohiyatini tashkil qilmaydi. Ularning yo‘qolishi bilan predmetning tabiati o‘zgarmaydi. Masalan, qaysi irqqa, millatga, jinsga taalluqli bo‘lishi individning inson sifatida mavjud bo‘lishi uchun muhim emas.
SHuni xam aytish lozimki, predmet belgisining muhim yoki nomuhim bo‘lishi, bizning predmetga amalda qanday munosabatda bo‘lishimizga qarab xam belgilanadi. Xususan, bir munosabatda muhim bo‘lmagan belgilar, boshqa munosabatda muhim bo‘lishi mumkin. Masalan, kishining layoqati uning qanday kasbni tanlashi uchun muhim bo‘lsa, inson sifatida mavjud bo‘lishi uchun muhim emas. Bunday muhim belgilar predmetning ma’lum bir munosabatdagi muhim belgilari deyilib, ob’ektiv muhim belgilardan (predmetning mavjud bo‘lishi bilan zaruriy aloqada bo‘lgan belgilardan) farq qiladi.
Nihoyat, predmet to‘xtovsiz harakatda, taraqqiyotda bo‘lganligi uchun, vaqt o‘tishi bilan uning muhim bo‘lgan belgisi nomuhim bo‘lgan belgiga yoki, aksincha, nomuhim belgisi muhim belgiga aylanishi mumkin.
Masalan, bevosita kuzatiladigan faktlar empirik bilish bosqichida muhim ahamiyatga ega bo‘lsa, nazariy bilish bosqichida unga kamroq murojaat qilinadi.
Demak, tushunchada predmet o‘zining muhim belgilari orqali fikr qilinib, bu belgilar predmetning umumiy va individual belgilari bo‘lishi mumkin. Masalan, «Hamza Hakimzoda Niyoziy» tushunchasida predmetning umumiy belgilari (inson, yozuvchi) bilan bir qatorda, individual muhim belgilari (xususan, «Boy ila xizmatchi» dramasining muallifi) ham fikr qilinadi.
Tushunchaning hissiy bilish shakllaridan tubdan farq qilishiga alohida e’tibor berish zarur. Sezgi, idrok va tasavvur predmetning yaqqol obrazlaridir. Biz faqat birorta konkret predmetni, masalan, o‘zimiz yozib o‘tirgan qalamni idrok qilishimiz yoki u to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. «Umuman qalam»ni idrok qilib bo‘lmaydi. CHunki tushuncha predmetning yaqqol obrazi emas, balki abstrakt obrazidir. Qalam tushunchasi o‘zida konkret qalamlarning barchasini qamrab olgani holda, ularning har biriga xos bo‘lgan individual belgilarni tashlab yuborib, umumiy, muhim belgilarini ifoda qiladi. Ayni paytda bu belgilar qalamni boshqa predmetlardan, masalan, kitobdan farq qildirib turadigan spetsifik beliglar bo‘lib ham xizmat qiladi.
Tushuncha predmetning nomuhim belgilaridan chetlashar ekan, demak uni to‘laligicha aks ettira olmaydi. Bu ma’noda u hissiy bilish shakllariga nisbatan borliqdan uzoqroqda turadi. Lekin, tushuncha predmetning muhim belgilarini in’ikos qilishi, mohiyatini aks ettirishi bilan hissiy bilish shakllariga nisbatan borliqni chuqurroq, to‘laroq ifoda etadi.
Tushuncha, hissiy bilish shakllaridan farqli o‘laroq, inson miyasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aks etmaydi. U ma’lum bir mantiqiy usullardan foydalanilgan holda hosil qilinadi. Bu usullar taqqoslash, analiz, sintez, abstraksiyalash, umumlashtirishlardan iborat.
Taqqoslash yordamida predmetlar o‘zaro solishtirilib, ularning o‘xshash, umumiy tomonlari va bir-biridan farq qildiruvchi individual belgilari aniqlanadi.
Taqqoslash analizni taqoza qiladi. CHunki predmetlarni yaxlit holda solishtirib bo‘lmaydi. Ular u yoki bu xossasiga ko‘ra taqqoslanishi kerak. Buning uchun u xossalar ajratilishi lozim. analiz yordamida predmet fikran uni tashkil qiluvchi qismlar, tomonlarga ajratilib, har qaysisi alohida o‘rganiladi.
Sintez analizga teskari usul bo‘lib, u analiz davomida ajratilgan qismlar, tomonlarni fikran birlashtirib, predmetni bir butun holiga keltirishdan iborat. Sintez bo‘lmasa predmet haqida yaxlit fikr hosil qilib bo‘lmaydi. Analiz va sintez uzviy bog‘liqdir.
Tushuncha hosil qilish uchun predmetning yuqoridagi usullar bilan aniqlangan umumiy va individual belgilarining muhimlari ajratilishi, nomuhimlari chetlashtirilishi lozim. Bu esa abstraksiyalash yordamida amalga oshiriladi.
Umumlashtirishda predmetlar ularning ayrim umumiy, muhim xususiyatlariga ko‘ra sinflarga birlashtiriladi va shu tariqa bitta tushunchada bir jinsli predmetlarning barchasini fikr qilish imkoniyati yaratiladi.
Tushunchaning shakllanishi so‘z bilan uzviy bog‘liq. Ular o‘rtasidagi aloqadorlik tafakkur va til o‘rtasidagi bog‘lanishning konkret tarzda namoyon bo‘lishidir.
Tushunchalar so‘z va so‘z birikmalari yordamida ifoda qilinadi. Masalan «talaba», «tarix fakulteti», «O‘zbekiston milliy universiteti» va shu kabilar so‘zlardan iborat. Lekin bundan tushuncha va so‘z aynan bir xildir, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Bitta tushuncha har xil tillarda, ba’zan bir tilda ham turli xil so‘zlar bilan ifoda qilinadi. Tilimizdagi omonim va sinonim hodisalari so‘z va tushunchaning nisbiy mustaqil holda mavjudligidan dalolat beradi.
SHuni ham aytish lozimki, so‘zning ko‘p ma’noga ega bo‘lishi ba’zan fikr yuritish jarayonida tushunchalarni aralashtirib yuborishga olib keladi. SHuning uchun ham fan va texnikada ko‘proq terminlardan foydalaniladi. Termin qat’iy bitta tushunchani ifoda qiluvchi so‘z bo‘lib, muayyan ilmiy bilish sohasida bir xil ma’noda ishlatiladi.
Tushuncha o‘zining mazmuni va hajmiga ega. Tushunchaning mazmunini unda fikr qilinayotgan predmetning muhim belgilari yig‘indisi tashkil etadi. Masalan, «fan» tushunchasining mazmunini fanning muhim belgilari, ya’ni uning amaliyot bilan aloqada ekanligi, predmetlarning birorta sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, prinsiplar shaklidagi ob’ektiv chin (haqiqiy) bilimlar sistemasidan iborat bo‘lishi, dunyoqarashning shakllanishida ishtirok qilishi va shu kabilar tashkil qiladi.
Tushunchaning hajmi esa unda fikr qilinayotgan predmetlar yig‘indisidan iborat. Masalan, yuqorida misol qilib keltirilgan «fan» tushunchasining hajmi mavjud barcha fanlarni: matematika, fizika, mantiq va hokazolarni o‘zida qamrab oladi.
Tushunchaning mazmuni va hajmi uzviy bog‘liq bo‘lib, u tushunchaning mazmuni va hajmi o‘rtasidagi teskari nisbat qonuni yordamida ifodalanadi. Bu qonunga muvofiq tushunchaning hajmi kengaytirilsa, mazmuni torayadi va aksincha hajmi toraytirilsa, mazmuni kengayadi. Masalan, «Fan» tushunchasining mazmuniga «mantiq»ga oid bo‘lish» belgisini qo‘shish bilan hajm jihatidan undan torroq bo‘lgan «mantiq fani» tushunchasiga o‘tiladi.«Fan» tushunchasining hajmini kengaytirish bilan mazmun jihatidan unga nisbatan torroq bo‘lgan «ijtimoiy ong shakli «tushunchasi hosil qilinadi. Bunda faqat fanga xos bo‘lib, boshqa ijtimoiy ong shakllarida, masalan san’atda bo‘lmagan spetsifik belgilar tushuncha mazmunidan chiqarib tashlanadi.Bu qonun tushunchalar bilan olib boriladigan qator mantiqiy amallar asosida yotadi.



Yüklə 0,71 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin