Ekologiya atamasini birinchi boʻlib nemis zoologi E.Gekkel 1866 yilda fanga kiritishni taklif qilgan boʻlsa-da, ekologik bilimlar qadimgi Yunoniston, Rim, Sharq hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻz rivojini topgan.
Jumladan, Gippokrat, Aristotel va shu kabi yunon faylasuflari asarlarida ekologiya haqida maʼlumotlar keltirilgan.
Miloddan keyin Yevropada Xristian dinining vujudga kelishi munosabati bilan tabiiy fanlar inqirozga uchragan bir paytda Markaziy Osiyoda u anchagina rivojlandi. Jumladan, oʻzbek ensiklopedist olimi Abu Rayhon Beruniy (973-1051) yozib qoldirgan asarlarida (uning 152 ta asari boʻlib, shundan bizgacha 27 tasi yetib kelgan) yil va fasllarning oʻzgarishi bilan hayvonlar va oʻsimliklarning oʻzgarishi toʻgʻrisida fikr yuritilgan. Uning aytishicha birorta hayvon yoki oʻsimlik turi yer yuzini butunlay qoplab olsa, boshqalarning koʻpayishiga oʻrin qolmaydi. Shuning uchun dehqonlar ekinlarni oʻtoq qiladilar, asalarilar asalni bekorga yeydigan oʻz jinslarini oʻldiradilar. Beruniy — Yer yuzining oʻzgarishi oʻsimlik va hayvonlarning oʻzgarishiga olib keladi, deb taʼkidlaydi.
Beruniy «Saydana» degan asarida 1116 tur dori – darmonlarni tavsiflagan. Beruniyning «Qadimgi avlodlardan qolgan yodgorliklari» va «Hindiston» degan asarlarida oʻsimlik va hayvonlarning tuzilishi hamda ularning tashqi muhit bilan aloqasi haqida ham qiziqarli maʼlumotlar keltiriladi.
Abu Nasr Farobiy (873-950) botanika, zoologiya, odam anatomiyasi va tabiatshunoslikning boshqa sohalarida fikr yuritib, tabiatda boʻlib turadigan tabiiy tanlanishni va insonlar tomonidan olib boriladigan sunʼiy tanlanishni tan oladi.
Ekologiyaga doir fikrlarni buyuk davlat arbobi, shoir va tabiatshunos olim Zahiriddin Muhammad Bobur (1482-1530) ham bayon qilgan. U oʻzining "Boburnoma" degan buyuk asarida oʻsimliklar va hayvonlarning oʻxshash tomonlari va farqlari haqida aniq dalillar keltiradi. Samarqand, Buxoro hududlarida oʻsadigan oʻsimliklar (archalar, butalar, sarv daraxtlari, zaytunlar, chinorlar) va hayvonlarning koʻpchiligi Hindistonda oʻsadigan oʻsimliklar va yashaydigan hayvonlarga oʻxshash ekanligini aytadi. Shu bilan birga Hindistondagi koʻpgina hayvonlar va oʻsimliklar endemik ekanligini qayd qiladi. U bir mamlakat oʻsimliklarini ikkinchi mamlakat yerlariga oʻtqazib bogʻlar barpo qilgan. Jumladan Qobulga shimoldan olcha, Hindistondan banan, shakarqamish keltirib ektirgan. Keyinchalik bu oʻsimliklarni Buxoro va Badaxshonga ham yuborgan.
Ekologiyaning keyingi taraqqiyoti Yevropada XVIII asrda oʻz aksini topadi. Shu zamonda K.Linney va J.Byuffonlar qimmatli ekologik kuzatishlar olib borishgan. XIX asr boshlarida nemis tabiatshunosi A.Gumbold oʻsimlik hayotiy shakllarining dastlabki klassifikasiyasini tuzdi. Shvesariya botanigi O.F.Dekaldol oʻsimliklarga tashqi muhit taʼsirini oʻrganadigan eirriologiya faniga asos soladi (1832 y.). Biroq ekologiya hamma olimlar tomonidan tan olingan fan sifatida faqatgina 1900 yillari shakllandi. Dastavval oʻsimliklar va hayvonlar ekologiyasi sohasida kuzatishlar olib borgan F.Klements va V.Shelfordlar, moddalar almashinuvi va ozuqa zanjiri konsepsiyalariga asos solgan. T.Lindeman va Dj.Xatchinsonlar va koʻl sistemalarini kuzatgan E.Birdje va Chana Djudeye hamda shularga oʻxshash boshqa olimlarning kuzatishlari umumiy ekologiya fanining nazariy asoslarini tashkil etdi. XX asr boshlarida oʻsimlik va hayvonlarning tashqi muhit bilan oʻzaro taʼsirini oʻrganish bosh masala qilib qoʻyildi. Shu bilan birgalikda organizmlarning ichki suv havzalarida yashash sharoitini oʻrganish ham boshlab yuborildi. Suvda yashovchi organizmlarni oʻrganuvchi gidrobiologlar biomassa (nemis olimi T.Demol), biotsenoz mahsuloti (R.Demol, A.Tineman) tushunchalarini taʼriflab berdilar. Ekologlar oʻz tajribalarini dala sharoitida olib boradigan boʻldilar. Ular zararkunandalar, kemiruvchilar va ov qilinadigan sut emizuvchilar sonining oʻzgarib turishini tahlil qildilar, qor qoplamining hayvonlarga taʼsirini oʻrgandilar, tuproqda yashaydigan umurtqasizlarni tekshirdilar.
Ekologiya fanini rivojlantirishga ekosistema va biogeotsenoz tushunchalarining shakllanishi ham katta hissa qoʻshdi. Ingliz olimi A.Tensli (1935) birgalikda yashaydigan avtotrof va geterotrof organizmlarning har qanday toʻdasi va ular hayoti uchun zarur boʻlgan abiotik muhitni ekosistema deb atadi. Akademik V.N.Sukachev esa Yer yuzining muayyan hududida yashaydigan oʻsimliklar, hayvonlar va mikroorganizmlarning, shu hudud landshafti, iqlim, tuproq hamda gidrologik sharoitlari bilan birligini biogeotsenoz deb nomladi. Bu tushunchalarning fanga kiritilishi, ekologiyaning har xil boʻlimlarini bir-biriga yaqinlashtirish imkonini berdi va XX asr boshlarida botanik va zoolog olimlar quruqlikdagi ekologik kuzatishlarni alohida – alohida olib bordilar va natijada oʻsimlik guruhlarining tuzilish qonuniyatlarini oʻrganuvchi fitososiologiya (keyinchalik fitosinologiya) fani paydo boʻldi. Shu davrda guruhlarning almashinish jarayonlari qonuniyatlarini oʻrganish (suksessiya) davom ettirildi.
Oʻsimliklar guruhlarini oʻrganishda T.F.Morozovning "Oʻrmon toʻgʻrisidagi taʼlimoti" (1912 y.) va V.N.Sukachevning "Oʻsimlik guruhlari haqidagi taʼlimotga kirish" (1915 y.) asarlari muhim ahamiyat kasb etdi. Hozirgi zamon nazariy ekologiyasining rivojlanishiga ingliz olimi Ch.Eltonning "Hayvonlar ekologiyasi" kitobi (1927) ham katta taʼsir koʻrsatdi.
XX asrning 20-30 yillarida akademik V.I.Vernadskiy Biosfera toʻgʻrisidagi taʼlimotni yaratib ekologiyani rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. 30-50 yillarga kelib, ekosistema doirasida moddalar aylanishi va energiya oqimini oʻrganish singari umumekologik muammolar koʻtarildi.
40-50 yillarda T.A.Rabotnov va 60-yillarda A.A.Uranov oʻsimliklarning populyatsiyalari toʻgʻrisidagi taʼlimotga asos soladilar. Keyinchalik chet ellarda ham (ingliz olimi Dj.Xarper) shunga oʻxshash ilmiy ishlar paydo boʻla boshladi. 50-yillarga kelib umumiy ekologiya fani shakllandi. Uning shakllanishi va rivojlanishiga gidrobiologiya sohasida erishilgan yutuqlar, quruqlikda yashaydigan hayvonlar va oʻsimliklar ekologiyasiga oid toʻplangan maʼlumotlar, ekosistema yoki biogenosenoz tushunchalarining ifodalanishi, ekologiyani oʻrganishda matematik usullarning keng joriy etilishi va shu kabilar muhim ahamiyat kasb etdi.
Hozirgi zamon ekologiyasining xarakterli xususiyati butun biosferani qamrab oluvchi jarayonlarni tadqiq etishdir. Olimlar tomonidan odam va biosfera oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar (taʼsirlar) sinchiklab oʻrganilmoqda.
Bu sohadagi xalqaro biologik dastur doirasida olib boriladigan ishlar 1964 yilda boshlandi. Uning asosiy maqsadi — Yer sharining turli xil joylardagi ekosistemalarning mahsuldorligini oʻrganish. Ekologiyaning asosiy vazifalaridan biri, bu odam yaratgan tabiiy va sunʼiy sistemalarning tuzilishini ham funksional asoslarini miqdoriy usullar yordamida batafsil oʻrganishdan iborat. Individlarning joylashishini populyatsiyaning yoshi, jinsiy va ekologik tizimini oʻrganish ham ekologiyaning vazifasidir. Bunda qishloq va oʻrmon xoʻjaligi zararkunandalari, kasallik qoʻzgʻatuvchi va tarqatuvchilar populyatsiyalari sonining oʻzgarishiga alohida eʼtibor berilishi lozim.
Markaziy Osiyo va Oʻzbekistonda ekologiya fanini rivojlantirish sohasida bir qancha olimlar oʻz hissasini qoʻshganlar va oʻz maktablarini shakllantirganlar.
1930 yillarda ekologiya yoʻnalishlariga asoslangan Markaziy Osiyo maktabi hozirgi M.Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Davlat Universiteti qoshida shakllandi. Maktab oʻlkaning biologik jamoalarini, ularning tarkibiy qismlarini oʻrganish bilan birga ekolog mutaxassislar tayyorlashda, ekologiyani rivojlantirishda ham ahamiyatga ega boʻldi.
1930 yillarga kelib ekologik ilmiy izlanishlarning natijalari ilmiy asarlarda oʻz aksini topa boshladi. Bularda faqat maʼlum joyning ekologik holati haqida gap bormay, balki ekologiya fanining asoslari biosenologiya va fitosenologiya kabi sohalari ham rivojlantirildi.
Markaziy Osiyo ekologlarining, ayniqsa, oʻlkaning ayrim landshaftlarining ekologiyasini oʻrganish, tizim faolligi, dinamikasi va evolyusiyasi, shuningdek, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning muammolari ishlab chiqildi. D.N.Kashkarov ishlarida landshaftning ayrim elementlari va ularning oʻzaro bogʻliqligi, birligi hamda modda va energiya almashinuvi, namlik, tuproq va biotik omillarning roli, antropogen omilining landshaftlarga taʼsiri va boshqalarni ochib bergan.