1-Ma'ruza. Fanga kirish. Yog’larni qayta ishlash texnologiyasining rivojlanishi



Yüklə 16,59 Kb.
tarix24.10.2023
ölçüsü16,59 Kb.
#160133
1-ma\'ruza


1-Ma'ruza. Fanga kirish. Yog’larni qayta ishlash texnologiyasining rivojlanishi

Yog'-moy sanoati Oʻzbekiston Respublikasining oziq-ovqat sanoatini yetakchi tarmoqlaridan biri bo'lib, aholi va xalq xo'jaligini tozalangan o'simlik moylari, ularni qayta ishlash mahsulotlari boʻlgan margarin, mayonez, glitserin, yog' kislotalari va sovun bilan ta'minlaydi.


Respublikamiz yogʻ-moy sanoatining asosiy vazifasi yuqori samarali uskunalarni qo'llash va ilg'or texnologiyalardan foydalanib, korxonalarning texnik darajasini oshirish, xalq xo'jaligi ehtiyojlari uchun ekologik toza, raqobatbardosh, yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishdan iborat. Bu vazifalarni bajarishda malakali kadrlar tayyorlash katta ahamiyatga ega.
Yog'larni qayta ishlash texnologiyasi bir qator ishlab chiqarishlarni oʻz ichiga oladi. Bular orasida eng muhimlari yogʻlarni rafinatsiyalash, gidrogenlash, margarin va margarin mahsulotlari, mayonez, yog' kislotalari, glitserin va sovun ishlab chiqarishdir. Oʻzbekistonda yogʻni qayta ishlash sanoatining asosiy xom-ashyosi paxta moyi va uni qayta ishlash mahsulotlari hisoblanadi.
Respublikamiz iqtisodiy mustaqilligining bugungi bosqichida korxonalarda oʻrnatilgan jihozlardan ehtiyorkorlik bilan foydalanish, ularni ishlatish muddatini uzaytirish uchun profilaktika va ta'mirlashni amalga oshirish lozim. Shu bilan birga eskirgan jihozlarni xorijda ishlab chiqarilgan kam xarj texnika bilan almashtirish, respublikamizning mashinasozlik sanoati bazasida yogʻ-moy sanoati jihozlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bugunning talabidir.
Mamlakatning kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan asosiy talablardan biri o'sib borayotgan yosh, barkamol avlodni tegishli yoʻnalishdagi ixtisosliklar bo'yicha darslik va oʻquv adabiyotlari bilan ta'minlashdan iboratdir.
Urganch yog'-moy aksiyadorlik jamiyatning ilk tarixidan hozirgi kungacha.
1889 yil dekabr oyida “Bolshaya Yaroslavskaya Manufaktura” shirkati (Chor Rossiyasi) tomonidan Toza (yangi) Urganchda ishga tushirilgan ilk sanoat korxonasida bor-yoʼgʼi 60 kishi ishlagan va yiliga 50 tonna paxta xom ashyosini qayta ishlab, qora yogʼ ishlab chiqarilgan.
1910 yilda korxona korpuslari yangidan qurilgan va germaniyalik aka-uka Kraftlar tomonidan oʼzlari olib kelgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlantirilgan. Zavod 1920 yilgacha oʼz xoʼjayinlariga katta daromad keltirgan. Korxona fuqarolar urushi tufayli 2 yil toʼxtab qolgan va soʼngra milliylashtirilgan. Zamon talabiga koʼra ishlab chiqarish mahsulotlarini koʼpaytirish uchun 1930 yilda Urganch shahrining Shovot kanali boʼyidagi kenglikda paxta tozalash zavodi qurib bitkazildi. Ikki korxona oraligʼida qisqa relьsli temir yoʼl qurilib ot, tuya, eshak bilan yuritiladigan maxsus vagonetkalarda xom ashyo, mahsulotlar tashilgan. Ikkinchi jahon urushi davrida har ikki korxona ham 50 foiz quvvat bilan ishlagan, keyin yana oʼz mavqeini tiklab olgan.
Korxonaga uzoq yillar mohir tashkilotchi, Ikkinchi jahon urushi qahramoni Sotim Nurmatov, Ivan Timofeevich Sorokin, keyinchalik Telьman Musaev kabi ustozlar rahbarlik etishgan. Ular respublika va sobiq ittifoqdagi turdosh sanoat korxonalari, ilmiy tekshirish institutlari bilan hamkorlikda muayyan yutuqlarni qoʼlga kiritganlar. Yangi texnologik liniyalar, ishlab chiqarish sexi va boʼlimlarini ishga tushirganlar. Bir soʼz bilan aytganda, nafaqat viloyat, balki qoʼshni Qoraqalpogʼiston hamda Toshhovuz atroflaridagi isteʼmolchilar ham yogʼ, sovun, sheluxa, kunjara mahsulotlari bilan taʼminlangan.
Yillar oʼtishi bilan aholi sonining oʼsib borishi, paxta plantatsiyalarining kengaytirilganligi sababli yetishtirilgan paxta, chigit xom ashyosini qayta ishlash imkoniyatlarini qayta koʼrish — yangi yirik zamonaviy korxona qurish zaruriyati tugʼildi.
1965 yilda Urganch shahar sanoat zonasi maydonida yangi yi-rik korxona qurilishga kirishilib va nihoyat 1977 yil 28 oktyabrda yogʼ-ekstraktsiya ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Dastlab zavodning asosiy ishlab chiqarish sexlari chigit xoʼjaligi, chigitni tozalash va tayyorlov, moyjuvoz, rafinatsiya, ekstraktsiya va mistsellada yogʼ oqlash sexlari, elevator shrot ombori, keyinchalik yogʼ qadoqlash, soapstokni qayta ishlash va xoʼjalik sovuni ishlab chiqarish sexlari ishga tushirildi.
Loyiha boʼyicha oʼrnatilgan texnologik uskunalarning bir tekis ishlamasligi, xizmat koʼrsatuvchi muhandis va ishchilarda tajribaning yetishmasligi natijasida ishda nosozliklar boʼlib turar va buning oqibatida butun bir texnologik tizimning 4-5 soatlab toʼxtab qolishi holatlari boʼlgan. Texnologik reglamentga koʼra yogʼ ishlab chiqarish jarayonlari uzluksiz olib boriliщi zarur, aks holda yordamchi materiallar sarfi belgilangan meʼyordan oshib oʼz navbatida boshqa (bugʼ, suv, ekstrabenzin) yoʼqotishlar ham ortiqcha boʼladi. Yuqoridagi sabablarga koʼra tayyorlov, moyjuvoz va ekstraktsiya sexlaridagi asosiy texnologik uskunalarni yangi unumdor, foydalanishda qulay boʼlgan zamonaviy uskunalarga almashtirish, yaʼni keng koʼlamda modernizatsiyalash va texnik, texnologik qayta jihozlash tadbirlarini oʼtkazish zaruriyati tugʼildi.

1983 yilda “SKET” kompaniyasidan (Magdeburg, GDR) qovurish qozonlari, G-24 rusumli yogʼ presslari, Polьsha Xalq Res-publikasidan tosterlar (shrot tarkibidagi ekstrabenzinni uchi-ruvchi uskuna) keltirib oʼrnatildi. 1986 yilda tayyorlov sexi-dagi jihozlar shelushitellar, bitter-separatorlar ham “SKET” firmasidan olib kelinib oʼrnatildi. Texnologik uskunalarni moliyalashtirishda mablagʼlarning bir qismi korxona hisobidan, bir qismi davlat kapitali hisobiga amalga oshirildi. Shu yillarda korxonada dastlabki modernizatsiya va qayta jihozlash tadbirlari oʼtkazilgandan keyin loyihada koʼrsatilgan quvvatga erishildi. Urganch yogʼ-moy korxonasiga oʼsha yillarda rahbarlik qilgan rahmatlik ustoz T.Musaevning xizmatlari tahsinga sazovordir. U kishi sohaning yetuk mutaxassisi, mehribon murabbiy edi.


Аholi isteʼmoli uchun sifatli oʼsimlik yogʼi ishlab chiqarish masalasi hamisha korxona mutaxassislarining diqqat markazida boʼldi. Bunda asosan ilgʼor fan-texnika yutuqlarini, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish zarur. Аna shulardan biri aholi isteʼmoli uchun yetkazib berilayotgan rafinatsiyalangan (tozalangan, oqlangan) oʼsimlik yogʼini ekstraktsiya va yogʼ oqlash sexlariga xizmat qiluvchi aylanma suvlarni sovutish inshooti (gradirnya) quvvatini oshirish uchun 1 sektsiya qoʼshimcha montaj qilindi.

1991 yil 31 avgustda mamlakatimizda eʼlon etilgan Milliy istiqlol korxonamizning tez surʼatlar bilan taraqqiy etishiga yoʼl ochib berdi. Korxona 1994 yilda davlat tasarrufidan chiqarilib OАJ – ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Natijada chet el investitsiyalari, texnika va texnologik jarayonlarning korxonaga kirib kelishi yuksalishning yangi bosqichini boshlab berdi. Jumladan avval muammo boʼlib turgan maxsus bino qurilib, ammiakli kompressor sexi ishga tushi-rildi. Sexda ikkita “P-220” va 1 ta “P-110” ammiakli kompressor agregatlari oʼrnatildi. Bu agregatlar ilgarigi freonli agregatlarga nisbatan 2 barobar quvvatli boʼlib, ammiak gazida ishlaydi, yaʼni rassolni sovutib berish imkoniyat darajalari yuqori ekanligini koʼrsatdi. Sex ishga tushirilgandan keyin texnologik jarayonlarga ishlatiladigan ekstrabenzinning sarfi keskin kamayishiga erishildi.


2003-2004 yillarda korxonadagi yordamchi xizmatlar boʻlimlarini rivojlantirishga, ish sharoitlarini yaxshilashga, ularning texnik bazalarini zarur texnologiyalar bilan jihozlashga e'tibor qaratildi. Shu yillarda mexanika ta'mirlash tsexiga qoʻshimcha stanoklar, elektr payvandlash apparatlari, gaz bilan kesuvchi apparatlar xarid qilindi. Korxonaga asosiy kirish darvozasining oʻng tomonida yangidan RMS payvadlash boʻlimi, bosh energetik xizmati va oʻt oʻchirish deposi qurildi. Bu ishlar-ni amalga oshirishda 1999-2003 yillarda korxonaga rahbarlik qilgan B.K.Bobojonov, bosh muhandis lavozimida ishlagan Z.Roʻzmatovlarning xizmatlari katta boʻldi.

Respublika hukumati tomonidan chet el investrlari uchun katta imkoniyatlar yaratib berildi. Korxonaning 50,2 foiz aksiyalarini Shveysariyaning “Floil Holding Ltd” kompaniyasi 1 mln. 117 ming AQSh dollari miqdorida investisiya kiritish sharti bilan sotib oldi.


Korxonani 2004-2005 yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish biznes rejasiga modernizasiyalash va texnik qayta jihozlash tadbirlari oʻtkazish kiritildi. Bunga koʻra chet el investori oʻzining investisiya majburiyatlari hisobiga ekstraksiya tsexiga eskirgan “MEZ-350” ekstraktori oʻrniga yangi mo-dernizasiyalashgan “B6-T 1 MEM-400” rusumli Boloxova mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilgan (RF) qiymati 730 ming AQSh dollariga teng boʻlgan ekstraktor, moyjuvoz tsexiga 2 ta yangi unumdor “ETR-20,16” yogʻ presslari (SKET, Germaniya) qiymati 390 ming AQSh dollari, 3 ta “MTZ-80” traktori (Minsk, Belorussiya), qiymati 40 800 AQSh dollariga teng zamonaviy dastgohlar xarid qilindi.
Oʻtkazilgan tadbirlar natijasida bugungi kunda korxona-ning ishlab chiqarish quvvatlari sezilarli darajada ortib, kuniga 800 tonna texnik paxta chigitini, 400 tonna soya va 200 tonna kungaboqar donini qayta ishlash quvvatiga ega boʻldi. Shuningdek, kuniga 135 tonna tozalangan paxta yogʻi, 63 tonna plastik idishlarga qadoqlangan yogʻ, 48 tonna xoʻjalik sovuni va 20 tonnadan ziyod olein, palmetin yogʻ kislotalari qorishmasi ishlab chiqariladi.

Aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilganligining 23 yilligi, vohada ilk bor asos solingan birinchi sanoat korxonasi Urganch paxta-moy zavodi ishga tushirilganining 128 yilligini bayram qilar ekanlar, quyidagi fakt va raqamlar bilan faxrlanishga haqlari bor deb oʻylaymiz. Endilikda korxonada bir kecha-kunduzda:


— 800 tonna texnik paxta chigiti qayta ishlanadi;

— 135 tonna tozalangan (rafinasiyalangan) paxta yogʻi;

— 63 tonna plastik idishlarga qadoqlangan yogʻ;

— 48 tonna xoʻjalik sovuni;

— 30 tonna salomas ishlab chiqarilmokda;

— 3 tonna distillangan gliserin;

— 27 tonna texnik salomas yogʻ kislotalari.

Oddiy til bilan aytganda, korxonamizning atigi bir sutkada ishlab chiqargan mahsulotlar koʻrsatkichi sobiq Urganch yogʻ-zavodi jamoasi 1 yilda ishlab chiqargan mahsulotdan deyarlik ming marta ziyod.


Koʻrinib turganidek, nafaqat viloyat, respublika, shu bilan birga jahonning koʻplab mamlakatlariga tanilgan korxonamiz oʻzining kechmish tarixida qanchadan-qancha qiyinchiliklarni engib oʻtib, koʻplab ishchi-xizmatchilar sulolasini tarbiyalab voyaga etkazdi.

Korxona viloyat hokimligi va respublika hukumati, shuningdek, chet ellardagi sheriklarining, ilmiy — tekshirish institutlarining, xususiy kompaniyalarning diplomlari, tegishli sertifikatlari, minnatdorchilik maktublari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Mahalliy va xorijlik iste'molchilar korxonada ishlab chiqarilgan a'lo navli qadoqlangan paxta yogʻi, xoʻjalik sovuni va boshqa mahsulotlarni xech qanday e'tirozlarsiz xarid qilmoqdalar.
Yüklə 16,59 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin