Taqsimlash (joylashtirish kanallari). Taqsimlash (sotish) kanallarining amal qilishi ishlab chiqaruvchi korxona erkin almashinish talablari va iste’molchilar umididan kelib chiqadigan hamma majburiyatlar va funksiyalarni o‘z bo‘yniga ololmasligi bilan shartlanadi. Zamonaviy texnika va axborot tizimlari ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni yaqinlashtirsa ham, biroq bu bog‘lanishlar turlicha murakkab. Shuning uchun ob’ektiv ravishda vositachilarni jalb qilish zarurati paydo bo‘ladi. Vositachilar yordamiga murojaat qilish o‘z navbatida korxona uchun tovar harakati va xizmat ko‘rsatish jarayonining ma’lum elementlari ustidan nazoratni yo‘qotish tushuniladi. Korxona uchun taqsimlash tarmoqlarini tanlash (sotish tarmog‘i) — bu maqsadli segment iste’molchilarining shaxsiy maqsadlari va talablari bilan bog‘langan strategik yechim. Har qanday taqsimlash tarmog‘i almashinishni amalga oshirish uchun zarur bulgan funksiyalar kompleksini bajaradi.
Insonlar. Korxona ishga malakali odamlarni qabul qilishga intilishi kerak. Malakali xodim samaraliroq, unumliroq ishlaydi, shuning uchun yuqoriroq natijaga erishadi. Eng asosiysi insonlardan qanday foydalanilayotganligidir. Turli xil muammolarni yechish uchun aniq tavsiyalar paydo bo‘ladigan «aql janglari» juda samaralidir. Xodimlar qanday funksiyalarni bajarishini va u yoki bu jarayonlarning qanday usullar bilan amalga oshirilishini bilish ham ancha muhimdir. Marketing strategiyasida asosiy narsa iste’molchi va uning tovardan foydalanish qobiliyati bo‘lganligi sababli uning harakteristikasi alohida ahamiyat kasb etadi.
1 Ergashxodjaeva Sh.J., Qosimova M.S., Yusupov M.A. Marketing. Darslik. – T.TDIU, 2011.-202 b.