Gandimiyon shartnomasi: K.P.Kaufman Xivani bosib olgandan so’ng xon xazinasini kontribusiya (tovon) evaziga musodara qilib, xazina bilan birga qadimiy qo’lyozmalar, xonning taxti va toji, tanga zarb qiladigan tamg’a va zarb tasviri, qo’ng’irot sulolasi xonlarining hokimiyati ramzlari va boshqa qo’lga kiritilgan moddiy boyliklarni Sankt-Peterburgga jo’natdi. K.P.Kaufman Xivani egallagandan so’ng Xiva xonligi bilan muzokaralar o’tkazish uchun Gandimiyon qishlog’idagi qarorgohiga bordi. U taklif etgan sulh shartnomasini Xiva xoni Muhammad Rahimxon 21873-yil 12-avgustda imzolashga majbur bo’ldi. Ushbu shartnoma Xiva xoni Rossiya imperiyasi tobeligiga o’tganligini ko’rsatardi. Shartnomaning birinchi moddasida: «Sayid Rahim Bahodirxon o’zini Butun Rossiya imperatorining sodiq xodimi deb tan oladi. U qo’shni hukmdorlar va xonlar bilan har qanaqa bevosita do’stona munosabatlardan va ular bilan biron-bir savdo yoki boshqa shartnomalar tuzishdan voz kechadi hamda Rossiyaning O’rta Osiyodagi oliy hokimiyati ruxsatisiz ularga qarshi hyech qanday jangovar harakatlarni amalga oshirmaydi», deb yozib qo’yilgan edi. Bu bilan Xiva xoni mustaqil ravishda tashqi dunyo, hatto yaqin qo’shnilari bilan ham aloqa o’rnatish imkonidan mahrum etildi. Faqat ular bilan Rossiya imperiyasi roziligi bilangina aloqa qila oladigan bo’ldi.
Xiva xonligiga qarashli Amudaryoning o’ng sohili, unga qo’shni yerlarning barchasi, bu joylarda yashaydigan o’troq va chorvador aholisi bilan xon tasarrufidan chiqdi. Amudaryo bo’ylab erkin harakatlanishi uchun Rossiya kemalariga keng huquq berildi. Rossiyalik savdogarlar hamda ularning mollari uchun xon va mahalliy hokimlar javobgar bo’ladigan bo’ldi. Ular xonlikda erkin yurish, boj to’lovlarisiz savdo qilish huquqini qo’lga kiritdilar.
Gandimiyon shartnomasida: «Amudaryoning chap qirg’og’idagi ruslar uchun zarur va qulay bo’lgan yerga ular o’zlarining pristanlarini qurish huquqiga ega. Xonlik ushbu pristanlarning saqlanishi va xavfsizligi uchun javobgar. Ular uchun joyning tanlanishi, O’rta Osiyodagi rus oliy hokimiyatining tasdiqlashiga bog’liq», deb ko’rsatib qo’yildi.
Shartnomaga binoan Xiva xonligi 2 million 200 ming rubl miqdoridagi tovonni 20 yil davomida to’lashi belgilandi. Xonlik xazinasida yetarli darajada pul bo’lmaganligi uchun bu tovon aholidan yig’ib olinadigan bo’ldi.
Gandimiyon shartnomasi Xiva xonligining Rossiya imperiyasiga tobeligini, xonning davlat boshlig’i darajasida boshqa davlatga bo’ysunganligini ko’rsatuvchi hujjat bo’ldi. Shartnoma shu bilan birga xonlik aholisini juda og’ir ahvolga solib qo’ydi. Tovon bilan birga yangi soliq va majburiyatlarni to’lash xalqning zimmasiga tushdi. Qolaversa, xonlik hududining uch baravar qisqarishi xonlikning davlat sifatida nomigagina mavjudligini, aslida mustaqilligini yo’qotgan protektoratga aylanganligini ko’rsatardi.