Qurilish materiallari ishlab chiqarish tarixi Qurilish materiallari sanoati — uy-joy qurilishi, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqalardagi qurilish sohalari uchun qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sanoat. Bir qancha tarmoqlarni oʻz ichiga oladi. Sement, asbest-sement shiferi, asbest-sement quvurlari, devor materialari (gʻisht), ohak, gips, deraza oynalari, yumshoq yopma materiallar, tabiiy toshlardan qoplama materiallar, bezak hamda pol uchun sopol (keramik) plitalar, isitgich radiatorlar va konvektorlar, chinni-fayans sanitariya-qurilish buyumlari, linoleum, yigʻma temir-beton konstruksiyalar va detallar, qurilish materiallari (maydalangan, chaqilgan tosh, qum, shagʻal, qum-shagʻal aralashmasi) va boshqa qurilish materiallari sanoatining asosiy mahsulotlari hisoblanadi.
Qadimda gʻisht, cherepitsa, sopol plita, sopol vodoprovod quvurlari, gips va ohakli yopishqoq materiallar va boshqa qurilish materiallari maʼlum edi. 19-asrning 1-choragida mexanik chidamliligi yuqori boʻlgan, suvda qotadigan portlandsement kashf etilib, qurilishda beton va temir-beton ishlab chiqarish va ularni ishlatishga sharoit yaratdi. XIX-XX asrlarda qurilish hajmining keskin oshishi natijasida qurilish materiallari sanoatining mahsulotlari tur tarkibi va ishlab chiqarish hajmlari yuqori surʼatlarda yuksaldi.
Oʻzbekistonda tabiiy xom-ashyolardan qurilish materiallari sifatida foydalanish tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Ayniqsa, binolar qurilishida xom gʻisht, guvala, yogʻoch sinch, ganch, oddiy tuproq (loy)dan tiklanadigan paxsa devorlar asrlar davomida asosiy qurilish materiallari boʻlib kelgan. Humdonda pishirilgan gʻisht, sopol, chinni koshin, ganch, yoʻnilgan granit, marmar toshlardan, saroy, madrasa, masjid, rabotlar qurilishida keng qoʻllanilgan.
Respublikada qurilish materiallari sanoati xalq xoʻjaligidagi sanoat tarmogʻi sifatida XX-asr boshlarida paydo boʻldi. 1913- yilda hozirgi Oʻzbekistonda jami 20 dan koʻproq kichik gʻisht zavodlari, ohak va alebastr ishlab chiqarish korxonalari ishlagan. XX-asrning 20- yillaridan boshlab dastlabki qurilish materiallari sanoati korxonalari (sement, gʻisht zavodlari) qurilishi boshlandi va qisqa muddatlarda sement sanoati, shisha-oyna sanoati, toshga ishlov berish (toshtaroshlik), noruda qurilish materiallari korxonalari barpo etildi.
21-asr boshida Respublikaning koʻp tarmoqli Qurilish materiallari sanoatida sement, asbest-sement, devorbop materiallar, yumshoq tom va gidroizolyatsiya materiallari, tabiiy toshlardan qoplama materiallar, polimer xom ashyodan qurilish materiallari va buyumlar, temir-beton konstruksiyalari va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlandi. Tarmoq korxonalarida
100 dan ortiq nomdagi asosiy mahsulot turlari tayyorlanadi.
Qurilish materiallari sanoati tarmoqlari yuksak mexanizatsiyalashgan va xalq xoʻjaligining qurilish materiallariga boʻlgan talabini toʻla qondiradi. Xorijiy investorlar ishtirokida yangi qoʻshma korxonalar qurilmoqda, ishlab turgan korxonalar zamonaviy texnologiya bilan jihozlanib kengaytirilmoqda. 2003 -yilda Oʻzbekistonda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning umumiy hajmida qurilish materiallari sanoati salmogʻi 4,9% ni tashkil etdi. Tarmoqda faoliyat koʻrsatadigan eng yirik tashkilot "Oʻzqurilish materiallari" aksiyadorlik kompaniyasi (1997- yilda tashkil etilgan)dir. Uning tarkibidagi 80 korxona (23 aksiyadorlik jamiyati, 39 ta masʼuliyati cheklangan jamiyat, 14 ta xususiy korxona, 4 qoʻshma korxona) respublikada obyektlar qurilishini barcha turdagi qurilish materiallari bilan taʼminlaydi.
2003- yilda respublika qurilish materiallari sanoatida (yirik va oʻrta korxonalar boʻyicha) 4062,5 ming t sement, 568,1 ming km2 ichki devorlarni qoplashga moʻljallangan bezakli sopol plitkalar, 34,7 mln. m2 yumshoq yopma (tom) materiallari, 313,7 mln. donadorlika shartli taxta shifer, 360 ming m2 linoleum, 6434,5 ming m2 deraza oynasi (2 mm qalinlik hisobida), 41,9 ming tonna ohak, 49,2 ming tonna gips va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarildi.