TUSHUNTIRISH XATI 3- sinf “Tabiatshunoslik” darsligi bilan tanishish va tahlil. Tabiatshunoslik fanini hozirgi zamon talablari asosida o‘qitishda insoniyat uchun muhim ahamiyat kasb etadigan zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarining rivojlanishi, ularning ishlab chiqarish sohalarida va kundalik hayotda tutgan o‘rni, fan-texnika taraqqiyoti bilan bog‘lashga olib keladigan fanning tadqiqot yutuqlarini ko‘rsatish.
Tabiatshunoslik fanida o‘rganiladigan tabiiy va ijtimoiy hodisalar va tushunchalar, qonuniyatlarni o‘quvchilarga tushunarli holda umumiy o‘rta ta’lim maktablari darsliklarida sodda va aniq bayon etish, bunda asosiy e’tiborni o‘quvchilarning yosh psixologik xususiyatlarini va o‘quvchilarning bilim olish va o‘quv materialini tushunish hamda puxta va mukammal o‘zlashtirish imkoniyatiga e’tibor qaratishdan iborat.
Tabiatshunoslik fanini o‘qitishning asosiy maqsadi o‘quvchilarda tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy obyekt, jarayon va hodisalar, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolar haqida tushunchalarni shakllantirish, tahliliy fikrlashga o‘rgatish, olgan nazariy bilimlarini amalda qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Tabiatshunoslik fanini o‘qitishning asosiy vazifalari- o‘quvchilarda tabiatga, o‘z Vataniga muhabbat hissini uyg‘otish, tabiatni asrash va muhofaza qilish, nazariy bilimlarini amalda qo‘llash malakalarini shakllantirish, tabiatni kuzatish, tahlil qilish, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarkib toptirish hamda ijtimoiy hayot va ta’lim olishni davom ettirishlari uchun zarur bo‘lgan bilimlarni egallashi, hozirgi zamon talablari, ta’lim sohasidagi jahon andozalari va milliy rivojlanish manfaatlariga mos keladigan tafakkur va bilimlarni egallashi, shu bilan birga ulardan kundalik hayotlarida
foydalana olishga o‘rgatishdan iborat.
Tabiatshunoslik fanini o‘rganishning birinchi davri I va II sinflarda
Atrofimizdagi olam fanida Yer, Quyosh, ob-havo, fasllar, Yer yuzasining tuzilishi, tabiatni muhofaza qilish, shahar, qishloq, ulardagi kishilar hayoti, mehnati haqida, IIIIV sinflarda tabiat, tabiat hodisalari, mamlakatimiz geografiyasi haqida boshlang‘ich ma’lumotlar beriladi.
Zamon talablari asosida xalqaro miqyosida o‘quvchilarga ta’lim – tarbiya berishda umumta’lim fanlari bo‘yicha fanlararo bog‘lanish va amaliy yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan. Tabiatshunoslik fanini o‘qitishda ham fanlararo integratsiyaga alohida e’tibor qaratish zarur. O‘qish, matematika, texnologiya va tasviriy san’at fanlari bilan o‘zaro bog‘liklikda o’qitish dars samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Axborot kommunikatsion texnologiyalar jadal rivojlanayotgan davrda o‘qituvchi tomonidan dars jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishi dars samaradorligining oshishiga va o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu o‘quv dasturida boblar kesimida mavzularga ajratilgan umumiy soatlar hajmi keltirilgan bo‘lib, ularning taqsimlanishi o‘qituvchi tomonidan ijodiy yondoshgan holda amalga oshiriladi. Jumladan, taqvim mavzuiy rejani tuzishda o‘quv dasturida boblarga ajratilgan umumiy soat hajmidan chiqmagan holda taqsimlanishi zarur.
Shuningdek, o‘quvchilar bilimida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida mavzularga ajratilgan soat hajmini 15% gacha o‘zgartirish va metodik kengash yig‘ilishida kelishilgan holda maktab pedagogika kengashida muhokama qilinib, tasdiqlanishi maqsadga muvofiqdir.
O‘quv dasturining boshida har bir sinf o‘quvchilarining o‘quv faoliyati natijalariga qo‘yiladigan talablar keltirilgan. Bu o‘z o‘rnida o‘quv yili boshlanishida pedagoglarning harakat strategiyasini belgilab beradi.
Mazkur dasturda tavsiya etilayotgan adabiyotlar ro‘yxatidan fan o‘qituvchilari ijodiy yondoshgan holda mavzularni kengaytirib o‘qitishda foydalanishlari mumkin.
Mazkur o‘quv dasturi 2019/2020 o‘quv yilida III sinflarda amaliyotga joriy etiladi.