1-mavzu. Banklarda buxgalteriya hisobini tashkil qilinishi
2.Banklardahujjatlaraylanishinitashkilqilish. Hujjatlar aylanishi operatsiyalarning qonuniyligi, hujjatlarning haqiqiyligi va to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini hamda ularning hisobda to‘g‘ri aks ettirilishini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga oladi.
Hujjatlarning rasmiylashtirilgan vaqtdan boshlab ular bo‘yicha operatsiyalar bajarilgunga qadar bo‘lgan vaqt ichidagi tartibli harakatiga bank operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar aylanishi deyiladi.
Hujjatlar aylanishi bank operatsiyalarining o‘z vaqtida to‘g‘ri va qonuniy tarzda amalga oshirilishida katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun har bir bankda hujjatlarning aylanishi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish vaqti grafiklarda aks ettiriladi.
Bankning har bir ish kunining 5-6 soati bevosita mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ajratiladi. Kunning qolgan qismida esa avvalgi kun hisob materiallari tekshiriladi, shu kunning operatsiyalariga yakun yasaladi va ertangi kun operatsiyalariga tayyorgarlik ko‘riladi. Shu kun kelib tushgan hujjatlar shu kunning o‘zida, kechki payt kelib tushgan hujjatlar esa ertasi kun o‘tkaziladi, chunki hujjatlar kechki pochta orqali kelishi mumkin. Hujjatlar aylanishi aks etgan grafiklarda bank operatsiyalarini bajaruvchi bank xodimlarining bir-biriga hujjatlarni uzatish, banklararo aylanmalar guruhsi, kassaga yoki bankning hisoblash markazlariga, ya’ni komputer bo‘limiga uzatish vaqtlari belgilanadi.
Banklarda ish kuni va hujjatlar aylanishini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan asosiy talablar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular “O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritishni va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 3-maydagi 11/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada o‘z ifodasini topgan. Yo‘riqnomada ko‘rsatilgan talabnomalar quyidagilardir:
– Operatsiya kuni davomida, ya’ni ish kunining birinchi yarmida bankka kelib tushgan barcha hisob-kitob, pul hujjatlari shu kunning o‘zida qabul qilinishi, rasmiylashtirilishi va buxgalteriya hisobi varaqlarida qayd etilishi kerak. Operatsiya kuni tugagandan keyin bankka kelib tushgan barcha hujjatlar qoida tariqasida kelasi ish kunida mijozlarning hisobvaraqlariga kiritiladi.
Shaxsiy komputerlar yordamida fayllarga ishlov berish tartibi va ularni Hisob-Markaziga jo‘natish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi banklari o‘rtasida elektron to‘lovlar tizimi bo‘yicha hisob-kitoblar yuritish to‘g‘risida”gi Nizom hamda unga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar asosida amalga oshirilishi lozim.
Operatsiyalarning sifatli o‘tkazilishini tartibga solib turish uchun har bir bank bo‘limida doimiy ravishda bankka katta miqdorda hisob-kitob va pul hujjatlarini taqdim etuvchi asosiy mijozlardan hujjatlar qabul qilish qat’iy grafiklarini tuzish lozim.
Operatsiya kuni davomida mijozlardan barcha hujjatlarni bevosita buxgalteriya xodimlarining o‘zlari qabul qilib oladilar. Operatsiya kuni tugagandan so‘ng, ya’ni kunning ikkinchi yarmida hujjatlar bankka maxsus qutilar orqali topshiriladi. Ulardagi hujjatlar har soatda olib turilishi kerak.
Barcha hisob-kitob va pul hujjatlaridan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan summalar, jumladan, budjetga ajratmalar, ish haqi va shunga tenglashtirilgan naqd pul to‘lovlari mijozning “Talab qilib olinadigan” depozit bo‘yicha hisobvarag‘ida yetarli pul mablag‘lari bo‘lgan taqdirda, ya’ni shu hisobvaraqdagi mablag‘lar chegarasida to‘lanadi.
Banklarda bajariladigan barcha operatsiyalarning buxgalteriya hisobini olib borish bankning hisob-operatsion bo‘limiga yuklatilgan. Hisob-operatsion bo‘limi bank faoliyatining ko‘lami va yo‘nalishi, mijozlar soni hamda boshqa ko‘rsatkichlarga qarab bir qancha guruhlardan iborat bo‘ladi. Bu guruhlarda ish yurituvchilarni mas’ul ijrochi deb ataladi. Har bir mas’ul ijrochiga bir nechta mijozlar bo‘lib berilib, ular o‘z mijozlari bo‘lmish yuridik va jismoniy shaxslarning hisob-kitob, kassa, valuta va kredit va boshqa operatsiyalari bo‘yicha hisob ishlarini olib boradilar, ularga xizmat ko‘rsatadilar. Bu guruhlar hisob guruhi deyiladi. Bundan tashqari, hisob-operatsion bo‘limda banklararo hisob-kitoblar bo‘limi, davlat budjetini kassaviy ijrosi bo‘limi, bank ichki operatsiyalarini tashkil etish bo‘limi ham mavjud bo‘ladi. Bu bo‘limlarda ishlovchi buxgalterlar soni ham mazkur bo‘limda bajariladigan operatsiyalar ko‘lami bilan belgilanadi.
Banklararo hisob-kitoblar bo‘limining vazifasi mas’ul ijrochilardan boshqa banklarga tegishli bo‘lib, o‘tkazilishi kerak bo‘lgan hujjatlarni qabul qilish, ularni banklar bo‘yicha saralash, hujjatlardagi yozuvlarning to‘g‘riligini filiallararo aylanmalar bo‘yicha nazorat qilish va boshqa bankka hujjatlarni elektron pochta orqali jo‘natishdan iborat. Lekin hozirgi kunda deyarli barcha tijorat banklarida hisob-kitob hujjatlari mas’ul ijrochidan so‘ng bosh buxgalter tekshiruvidan o‘tkaziladi va elektron axborot bankining hisoblash markaziga uzatiladi. Bu yerda elektron to‘lovni boshqa banklarga o‘tkazish ishlari bajariladi.
Davlat budjetining kassaviy ijrosi bo‘yicha bo‘lim buxgalterlari davlat budjeti daromadlari va xarajatlari bo‘yicha operatsiyalarni tashkil etadi, bu operatsiyalar hisobini olib boradilar, davlat budjeti xarajatlarining to‘g‘ri va qonuniy sarflanishi ustidan nazorat qiladilar. Ichki bank operatsiyalari bo‘yicha bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
bank asosiy vositalarini, kam baholi va tez eskiradigan buyumlarni sotib olish, ularning eskirishi, qayta baholanish hamda hisobdan chiqarilishini hisobga olish;
bank nomoddiy aktivlarini, materiallarni sotib olish, eskirishi, qayta baholash, hisobdan chiqarilishini hisobga olish;
bank boshqaruv apparati va xodimlarining xarajatlarini hisoblash va hisobga olib borish;
bankning barcha daromadlari bo‘yicha hisobni olib borish;
bankning barcha xarajatlarini hisobga olib borish va hokazo.
Yuqorida sanab o‘tilgan bo‘limlar majmuasi bankning hisob-operatsion bo‘limini tashkil etadi. Hisob-operatsion bo‘limni bank bosh buxgalteri boshqaradi. Bankdagi mijozlar soni, bajaradigan operatsiyalar ko‘lami va hisob- operatsion bo‘limdagi guruhlar soniga qarab bosh buxgalterning bir yoki ikki muovini tayinlanadi. Yordamchi va Bosh kitoblarda operatsiyalarni qayd etish, dasturli komputer tizimida hisobotlar tuzish ishlariga umumiy rahbarlik qilish bank bosh buxgalterlariga yuklanadi. Agar bosh buxgalter bo‘lmasa, ya’ni mehnat ta’tilida, xizmat safarida yoki kasal bo‘lsa, bank rahbarining buyrug‘iga ko‘ra. uning muoviniga topshiriladi. Bankning buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish bilan bankning bosh buxgalter shug‘ullanadi.