Axloqiy tarbiya. Pestalotssi tarbiyaning asosiy vazifasi — kelgusida ijtimoiy hayotda qatnashib foyda yetkaza oladigan va hamma jihatlari uyg’un bo’lib kamol topgan inson yetishtirishdir, deb biladi. Bolani boshqalarga foyda keltiradigan ishlarda muttasil mashq qildirish yo’li bilan uning axloqi voyaga yetkaziladi. Pestalotssining fikricha, bola organizmining kundalik ehtiyojlarini qondirish asosida bolada onaga nisbatan tug’ilayotgan mehr-muhabbat axloqiy tarbiyaning eng oddiy elementidir. Bolaning axloqi uchun oilada negiz solinadi. «Ota-onaning uyi, — deydi Pestalotssi, — axloq maktabidir!». Bolaning onaga bo’lgan muhabbati asta-sekin oilaning boshqa a’zolariga ham o’tadi.
Aqliy ta’lim. Pestalotssining aqliy ta’lim to’g’risidagi ta’limoti boy va mazmunli ta’limotdir. Pestalotssi o’zining insonning hamma jihatlarining bir-biriga uyg’unlashib kamolga yetishi to’g’risidagi asosiy g’oyasiga tayanib, aqliy ta’limni axloqiy tarbiya bilan bog’lab olib borish kerakligini ko’rsatadi va tarbiyalovchi ta’lim olib borishni talab qiladi.
Har qanday ta’lim kuzatishga va tajribaga asoslanishi hamda xulosalar va umumlashmalar darajasiga ko’tarilishi lozim, deydi Pestalotssi kuzatishlar natijasida bolada ko’rish, eshitish sezgilari va boshqa sezgilar hosil bo’ladi, bu sezgilar bolada fikrlash va so’zlash ehtiyojini tug’diradi, deydi.
Odamning sezgi a’zolari yordamida tashqi dunyo to’g’risida hosil qilgan tasavvurlari dastlab ravshan va aniq bo’lmaydi. Ta’limning vazifasi ham shundan iboratki, u mana shu tasavvurlarni tartibga solishi va aniqlashi, ravshan tushunchalar darajasiga yetkazishi, «tartibsiz tasavvurlarni ravshan tasavvurlarga va ravshan tasavvurlarni ochiq ko’rinib turgan tasavvurlarga» aylantirishi kerak. Ta’lim, birinchidan, o’quvchida o’zining sezgi a’zolari vositasi bilan hosil qilgan tajribalar asosida bilimlar zahirasini to’plashga yordam beradi, ikkinchidan, bolaning aqliy qobiliyatlarini o’stiradi.
Pestalotssi ta’limning har bosqichi uchun maxsus ravishda tanlab olingan, har bir bolaning o’ziga xos aqliy kuchlarini hamda qobiliyatlarini tinimsiz va muntazam ravishda o’stirib boradigan tizim vositasi bilan bolalarga aqliy ta’lim berishga intildi.
Pestalotssi ta’limni soddalashtirishga va psixologiya negiziga