1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va ilm-fan, madaniya-fayllar.org
Millatparvarlik. Yana bir muhim axloqiy tamoyil, bu –millatparvarlik. U, ma’lum ma’noda, vatanparvarlik tamoyilining yanada muayyanlashgan shakli. Zero, millatni sevish keng ma’noda Vatanni sevish degani. Vatansiz millatning bo’lishi yoki rasmana erkin va baxtli yashashi mumkin emas.SHu o’rinda millatparvarlikni millatchilik bilan qorishtirib yubormaslik to’g’risida qisqacha to’xtalib o’tmoq lozim. Millatchilik o’z millatini ajratib olib, unga buyuklik maqomini berishga intilish bo’lsa, millatparvarlik, boshqalarni kamsitmagan holda, o’z millati ravnaqi uchun kurashish, bu yo’lda, lozim bo’lsa, o’z hayotini ham fido qilish demakdir. U insonparvarlik bilan ham chambarchas bog’liq. CHunki o’z millatini chin dildan sevmagan odam hech qachon boshqa millatlarni seva olmaydi.
Asl millatparvar – milliy o’zligini anglab yetgan inson. U o’z millati bilan faxrlanadi, o’z millati bilan butun jahonning faxrlanishini istaydi. CHunonchi, Navoiy do’ppi bilan to’n kiygan o’zbekni har qanday shoh jamolidan afzal ko’radi:
SHohu toju xil’atekim, men tomosho qilg’ali O’zbakim boshida qalpoq, egnida shirdog’i bas.86 Lekin Navoiy shu faxrlanishi, g’ururlanishi barobarida o’zgalarga kibr bilan qaragan emas, aksincha, o’zga til vakili bo’lmish Jomiyga bag’oyat hurmat–izzat ko’rsatib, unga, pirim, deb qo’l bergan.
Millatparvarlik tamoyili asosida milliy g’oya yotadi, u millatni sevish amaliyotining – millatparvarlikning ilmiy–nazariy asosi sifatida maydonga chiqadi. Milliy g’oyaning zamonaviy, biz tanlagan ko’rinishini, uning mafkuraviy jihatlarini Respublikamiz Prezidenti Islom Karimov shunday ta’riflaydi: «Milliy mafkuramiz har qanday millatchilik va shunga o’xshash unsurlardan, boshqa elat va xalqlarni mensimaslik, ularni kamsitish kayfiyati va qarashlaridan mutlaqo xoli bo’lib, qo’shni davlat va xalqlar, umuman, jahon hamjamiyatida, xalqaro maydonda o’zimizga munosib hurmat va izzat qozonishda poydevor va rahnamo bo’lishi darkor».87 Uning ikkinchi jihati esa mana bunday talqin etiladi: «Milliy g’oya birinchi navbatda yosh avlodimizni vatanparvarlik, el–yurtga sadoqat yo’lida tarbiyalash, ularning qalbiga insonparvarlik va odamiylik fazilatlarini payvand qilishdek olijanob ishlarimizda madadkor bo’lishi zarur».88 Asl millatparvar ana shunday bo’lishi kerak. Asl millatparvar insonlarning umri millatning umri kabi mangudir. Millat yo’lida o’z jonini tikkan Munavvar qori, Behbudiy, Fitrat, Abdulla Qodiriy, CHo’lpon singari minglab fidoyilarni xalqimiz hech qachon unutmaydi.