1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va ilm-fan, madaniya-fayllar.org
Falsafaning funksiyalari. Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g’oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan shu tariqa) har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. Bu funksiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi. Falsafaning, dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi, insonning dunyoga munosabati, uning o’z-o’zini va o’zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o’z burchini qanday talqin qilishi avvalo va bevosita uning dunyoqarashiga bog’liq bo’ladi. Yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, inson dunyoqarashida e’tiqodlar va bilimlar, tuyg’ular va emotsiyalar, oqilonalik va irratsionallik, tajriba, intuitsiya va hokazolar chambarchas bog’lanadi. Ayni shu sababli falsafasiz dunyoning yaxlit manzarasini yaratish mumkin emas, chunki, «hamma narsaga aralashadigan» falsafagina dunyoqarashning o’zaro bog’lanmagan turli «parchalari»ni birlashtirib, shu tariqa odamlarning butun borliqqa nisbatan umumiy, izchil va mantiqan to’g’ri munosabatini yaratish imkonini beradi. Bunda falsafa ayrim ikir-chikirlar, ahamiyatsiz tafsilotlarni mavhumlashtiradi va umumiy aloqalarga, turli narsalar va hodisalar xossalarining birligiga e’tiborni qaratadi va shu tariqa o’zining bosh funksiyasi – dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini bajaradi.
Falsafaning gnoseologik funksiyasi tajribada sinash, tavsiflash yoki shak-shubhasiz inkor etish mumkin bo’lmagan, ya’ni fan ochib berish, tadqiq etish va tahlil qilishga qodir bo’lmagan narsalar va hodisalarni oqilona yo’l bilan tushuntirishga harakat qilishdir. Falsafa u yoki bu mohiyati aniqlanmagan yoki kam o’rganilgan hodisalarni tushuntirishga nisbatan o’z yondashuvlari, nazariyalari va gipotezalarini taklif qilar ekan, ularni bilishga bo’lgan qondirilmagan qiziqish o’rnini ma’lum darajada to’ldiradi, shu tariqa mifologik va diniy fantaziyalarga kamroq o’rin qoldiradi. Falsafa gnoseologiyada hal qiladigan boshqa bir muhim vazifa «Haqiqat nima?», «Uning mezonlari qanday?», degan masalalar bilan bog’liq, zero har qanday bilish jarayoni oxir-oqibatda, u yoki bu tarzda haqiqatning tagiga etishga qarab mo’ljal oladi, bu esa eng muhim masaladir.
Metodologik funksiyasi to’g’risida so’z yuritganda metod tushunchasiga murojaat etish o’rinli bo’ladi. Bu tushuncha yunoncha methodos – yo’l, tadqiqot, tekshirish so’zidan kelib chiqqan bo’lib, u yoki bu maqsadga erishishning muayyan usulini, shuningdek borliqni nazariy va amaliy o’zlashtirishga qaratilgan usullar yoki amallar majmuini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, bu faylasuf yoki olim o’zi o’rganayotgan predmet ning tadqiqot yo’lidir. Odatda metodologiya muammolari falsafa doirasida o’rganilgan, biroq ayrim fanlar vujudga kelishi bilan falsafiy (umumiy) metodlar bilan bir qatorda muayyan, ayrim ilmiy metodlar ham rivojlana boshladi. Falsafaning boshqa bir muhim metodologik funksiyasi falsafada ham, ayrim fanlarda ham muhim rol o’ynaydigan har xil kategoriyalarni ishlab chiqishidan iborat. Kezi kelganda yana shuni ham ta’kidlab o’tish lozimki, falsafa o’ta keng tushunchalar, ya’ni kategoriyalar bilan ish ko’rar, ularni ta’riflar ekan, metodologik funksiya bilan bir vaqtda dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini ham bajaradi.
Falsafaning integrativ funksiyasi fan bilan chambarchas bog’liq. Real borliqning yangi va yangi ob’ektlari va hodisalari inson nazariy tadqiqotlari sohasidan o’rin olishi, shuningdek ilgari ma’lum darajada anglab yetilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o’rganishga bo’lgan ehtiyoj ilmiy bilim o’z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq tabaqalanishiga turtki beradi. Buning natijasida ayrim fanlar paydobo’lib, ular nafaqat o’z tadqiqot ob’ekti va predmet ini ajratdi, balki o’zining faqat mazkur fanga xos bo’lgan tili, kagegoriyalar a’’arati va hokazolarni yaratdi. Ammo bu yo’lda jiddiy xavf ham mavjud bo’lib, u shundan iboratki, fanlarning ajralishi natijasida ular o’rtasidagi aloqalar susayadi, ular murakkab kompleks vazifalarni yechishda faol o’zaro aloqa qilish qobiliyatini yo’qotadi. Qarama-qarshi jarayon – ilmiy bilimlarning integratsiyalashuvi va u yoki bu muammolarni yechish uchun kuch-g’ayratni birlashtirish jarayoni bu xavfning oldini olish imkonini beradi.
Madaniy funksiyasi. Falsafa odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg’otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali madaniy funksiyani ham bajaradi. U dunyoni o’zlashtirish va bilishning universal shakli sifatida, insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini o’zida mujassamlashtiradi va ularni butun insoniyat mulkiga aylantiradi. Turli mamlakatlar va xalqlarning falsafa tarixini o’rganish ularning o’tmishdagi va hozirgi madaniyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, g’oyalar almashinuvi va madaniy an’analarning o’zaro ta’siriga ko’maklashadiki, bu madaniy meros bilan uzviy bog’liq bo’lgan ko’pgina muammolarni yechishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aksiologik funksiyasi. Falsafa hayotning ma’nosi, o’lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo’yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga “yaxshi”, “yomon”, “muhim”, “foydali”, “foydasiz” kategoriyalari bilan baho berish orqali– aksiologik (yunon. axia - qadriyat) funksiyani bajaradi. U uzoq muddatli tendentsiyalarni qisqa muddatli tendentsiyalardan farqlash, yuzaki jarayonlarni fundamental jarayonlardan, muhim narsalar va hodisalarni ikkinchi darajali narsalar va hodisalardan ajratish orqali insonning qadriyatlarga munosabati bilan uzviy bog’liq bo’lgan tegishli ehtiyojlarini shakllantiradi. SHu tariqa insonning muayyan qadriyatlari, mo’ljallari va ustuvorliklari belgilanadi, ya’ni tegishli qadriyatlar tizimi tarkib to’adi. Bu tizim odamlarning muhim xususiyati hisoblanadi, ularning hayotga munosabatini aks ettiradi va jamiyatdagi xulq-atvorini ko’p jihatdan belgilaydi.
Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlar xulq-atvori va u yoki bu jamiyatda yuzaga keluvchi munosabatlar bilan bog’liq. Bunda, masalan, axloqiy qadriyatlar, ularning tabiati, asoslari va jamiyatdagi amaliy roli falsafaning tadqiqot predmeti hisoblanadiki, bu jamiyatda yuzaga keladigan va tabiiy yo’l bilan, ya’ni real hayot amaliyotida o’rnatiladigan me’yorlar va qoidalarga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi. Bunday me’yorlar ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim dastak hisoblanadi va odamlarning o’zaro aloqalari, ularning munosabatlari va o’zaro til to’ish darajasida namoyon bo’ladi. Xulosa qilib aytish mumkinki, falsafa doimo axloqda, jamiyatning barcha a’zolari xulq-atvorida namoyon bo’ladi va shu tariqa yana bir muhim funksiya – axloqiy funksiyani bajaradi.
Falsafaning tarbiyaviy funksiyasi haqida fikr yuritilganda bu masalaning xalqaro darajadagi keng va har tomonlama muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda so’z yuritish o’rinli bo’ladi. Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati o’z-o’zini anglab etishga yo’naltirilgan falsafaga muhtojdir.
Qadimgi mutafakkirlar har tomonlama ta’lim va tarbiyani, ya’ni o’z qobiliyatlari va imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishga qodir bo’lgan jismoniy va ma’naviy jihatdan komil insonni voyaga yetkazishni «paydeyya» (yunon. pais – bola) atamasi bilan ifodalaganlar. O’sha vaqtlarda paydeyya aristokratiyaning o’ziga xos belgisi hisoblangan; endilikda faylasuflar ta’lim va tarbiya muammolarini yana birinchi o’ringa qo’yib, ularni hal qilishda falsafaning rolini aniqlashga harakat qilar ekanlar, bu tushunchani yana esga oldilar. Xususan, Boston kongressidagi asosiy ma’ruzalarning mualliflaridan biri frantsuz faylasufi Per Obenk: «Insonning vahshiyona tabiatidan ma’rifatli tabiatga o’tish imkoniyati qay darajada mavjud?», degan savolni o’rtaga tashlaydi. Uning fikricha, insonning yagona tabiati ikki ma’noli bo’lib, faqat ma’rifat (Paydeyya) odamzodni so’zning to’liq ma’nosidagi insonga aylantiradi yoki, Platon ta’biri bilan aytganda, Paydeyya uning ko’zini ochadi.