1-Falsafa fanining predmeti. Qadimgi dunyo falsafasi.
Falsafaning mazmuni va bosh vazifasi haqidagi qarashlar. Falsafani odatda davrning fikrlardagi in’ikosi, o‘z davrining ma’naviy kvintessensiyasi deb ataydilar. Falsafaning mazkur tavsifidan uning olamshumul vazifasi – o‘z davrining jarchisi sifatida amal qilish, ma’naviy-tarixiy o‘zgarishlar bilan hamqadam va hamnafas bo‘lish kelib chiqadi. Bu erda falsafaning hayot bilan chambarchas aloqasi ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Voqelikni tushunish va tushuntirish falsafaga qo‘yiladigan asosiy talabga aylanadi. Davrning haqqoniy manzarasini yaratish kelajakning spekulyativ sxemalarini yaratishga barham beradi, borliqning mazmun va mohiyatini anglab etishga keng yo‘l ochadi. Falsafa o‘z davri ma’naviy madaniyatining markazi vazifasini bajarish orqali koordinatalar abadiy tizimini yaratishga yordam beradi, davr saboqlarini aniqlash va tushuntirish yo‘li bilan inson tafakkuriga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Qadim zamonlarda Platon shunday degan edi: «Toki davlatlarda faylasuflar podsholik qilmas ekanlar yoki hozirgi shohlar va podsholar oqilona falsafiy mulohaza yuritishni o‘rganmas va davlat hokimiyati bilan falsafaning mushtarakligi qaror topmas ekan, davlat yovuzliklardan xalos bo‘la olmaydi»2. Boesiy poetik intuitsiyasida falsafa o‘ng qo‘lida kitob, chap qo‘lida esa saltanat hassasi – skipetr tutgan Iloha obrazida gavdalanadi. Bu timsollarning mavjudligi tasodifiy bir hol emas. Falsafa bilim berish bilan bir qatorda, dunyoni oqilona boshqaradi va skipetr bu fikrni tasdiqlaydi. YAngi davrda fransuz olimi Rene Dekart (1596–1650) har qanday mamlakat aholisining grajdanlik va o‘qimishlilik darajasi bu erdagi falsafiy tafakkur darajasi bilan belgilanadi, degan fikrni ilgari surgan3. Ingliz faylasufi David YUm (1711–1776) falsafaga bo‘lgan munosabat asosida millatga «tashxis» qo‘yish mumkinligini isbotlashga harakat qilgan. Mutafakkirning fikricha, falsafiy bilimga qiziqishning yo‘qligi millat tafakkurining cheklanganligi alomatidir. Qadimgi yunon falsafasida bilim va xulq-atvor oliy ideali donishmandlik tushunchasi bilan bog‘lanadi. U inson aqliga abadiyat va cheksizlik sari yo‘l ochadi, o‘tkinchi narsalarga sabr-toqatlilikni o‘rgatadi. Aynan donishmandlik yordamida inson munosib va to‘laqonli hayotga erishishi mumkin. Donishmandlikka intilayotgan odam har doim narsalar va hodisalar tabiatiga mos ravishda ish ko‘rishi lozim. Platon inson tanasi haqida gap borganda tabiblarni, o‘simliklar to‘g‘risida so‘z yuritilganda esa – ziroatchilarni donishmandlar deb ataydi. U o‘zining «ideal davlat» haqidagi nazariyasida jamiyatni uch tabaqaga: davlat arboblari – faylasuflar; soqchilar (harbiylar); dehqonlar va hunarmandlarga ajratadi, bunday davlatda donolik, jasorat, sabr-bardoshlilik va adolat kabi to‘rt tamoyil ustuvor bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi. Aristotel insonning qadr-qimmati uning aqliy faoliyatida ko‘zga tashlanadi, deb hisoblaydi. O‘z davrining eng dono kishilaridan biri bo‘lgan Sitseron falsafaning mohiyatini quyidagicha tushuntiradi: «Falsafa (donishmandlik), qadimgi faylasuflar ta’biri bilan aytganda, ilohiy va insoniy qilmishlarni ularning sabablari va mohiyatlari nuqtai nazaridan bilishdir»4.Sofistlar falsafani dunyoviy donishmandlik, mulohaza yuritish san’ati sifatida tushungan bo‘lsalar, stoiklar donishmandlikning «amaliy maqsadlari»ga, ya’ni o‘z hayotini oqilona tashkil etishga qaratganlar. Faylasufning so‘zlari insonni azob-uqubatlardan forig‘ etishiga Epikurning ishonchi komil bo‘lgan.
Falsafani ko‘pincha «tafakkur maktabi» deb ataydilar. U bir qolipda fikrlash uslubi tugagan, oydek ravshan bo‘lgan narsa shubha va taajjub uyg‘otgan joyda boshlanadi. Inson hayot mazmuni bilan bog‘liq masalalar (Immanuil Kant tilida ular quyidagicha yangraydi: «Men nimani bilishim mumkin?», «Men nima qilishim kerak?», «Men nimaga umid qilishim mumkin?», «Inson nima?») ustida bosh qotira boshlagani zahoti u darhol falsafaga «asir» tushadi, borliqni falsafiy anglab etish sohasiga kirib qoladi. Ingliz faylasufi Tomas Gobbs (1588–1679): «Falsafa sening tafakkuring farzandi... va sening o‘zingda yashaydi»5, deganida, bizningcha, to‘la haq bo‘lgan. Darhaqiqat, falsafiy mulohaza yuritish har bir insonga xos xususiyat. Zero hayotning mazmuni, erkinlik, adolat va umrboqiylik haqida mulohaza yuritishni biron-bir insonga taqiqlash mumkin emas. Falsafa borliqni bilish, asoslar va birinchi tamoyillarni tadqiq etish bilan shug‘ullanadigan alohida soha sifatida, his etish, mushohada yuritish va tasavvur qilish tarzida amal qiladigan oddiy ongdan farqli ravishda, tushunchalar vositasida bilishni nazarda tutadi. Tushunchalar bilan ish ko‘rish san’ati zaruriy aloqalar va sababiy bog‘lanishlarni aniqlashni, hayot taassurotlarining xaotik tasodifiy oqimini tartibga solishni talab qiladi. Mulohaza kuchini tarbiyalash e’tiborni jamlash, uni predmetga qaratishni nazarda tutadi. Tafakkur intensional, ya’ni u muayyan predmetga qarab mo‘ljal oladi. Tafakkur predmetning tabiati haqidagi tasavvurga mos ravishda mulohaza yuritadi. Predmetni o‘zida «idrok etgan» kishigina mazkur predmet o‘zi haqida so‘zlovchining tili bilan gapirishiga umid qilishi mumkin.