1-mavzu. Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli



Yüklə 112,06 Kb.
səhifə4/13
tarix28.11.2023
ölçüsü112,06 Kb.
#167186
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
1-Falsafa fanining predmeti. Qadimgi dunyo falsafasi.

Mifologik dunyoqarash. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, afsona, rivoyat degan ma’noni anglatadi. Mifturli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir. Mifda bilimlar, diniy e’tiqodlar, ma’naviy madaniyatning turli elementlari, san’at, ijtimoiy hayot kurtaklari birlashgan bo‘lib, shu tariqa ibtidoiy odamlar dunyoqarashi muayyan darajada tartibga kelgan, ularning dunyo haqidagi qarashlari esa qisman tizimga solingan. Mazkur tizimga solishning muhim shakllari epos, ertaklar, afsonalar, rivoyatlar bo‘lib, miflar avvalo ular orqali ifodalanadi. SHu tariqa to‘plangan bilimlar va tajriba keyingi avlodlarga o‘tishi ham ta’minlanadi. Mifologik dunyoqarashning o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu oddiy rivoyat emas, balki og‘zaki «muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea-hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga ta’sir ko‘rsatuvchi muayyan borliq sifatidagi in’ikosidir. Mif, insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar xulq-atvori va o‘zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan, chunki unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati o‘z ifodasini topgan. Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo‘ladi.
SHunday qilib, mif kimningdir uydirmasi yoki «o‘tmish sarqiti» emas, balki shunday bir o‘ziga xos tilki, inson uning yordamida qadim zamonlardanoq dunyoni tavsiflagan, o‘zining o‘sib borayotgan tarqoq bilimlarini umumlashtirgan, talqin qilgan, tasniflagan va muayyan tizimga solgan. Xususan, mifologik dunyoqarashda olam makon va vaqtda bir vaqtning o‘zida chekli va cheksizdir. Mifda ota, oqsoqol hukmi va qaror topgan an’analar muhim rol o‘ynaydi. Rivoyat va uning mazmuniga nisbatan bunday munosabat zamirida e’tiqod, borliqni bevosita, emotsional idrok etish yotadi. Mifologik dunyoqarash dunyoni yaxlit tushunish bo‘lib, unda shubhaga o‘rin yo‘qdir. Masalan, Zaroastrizm mifologiyasida dunyo yaxshilik xudosi Axuramazda va yomonlik xudosi Axrimanning doimiy ziddiyatida rivojlanadi, Maya qabilalari miflarida Ketsalkoatl xudosi dunyoning yaratuvchisi. Vikinglar mifologiyasi dunyoning paydo bo‘lishi asosida olov va muzlikning to‘qnashishi g‘oyasi yotadi. Tqnashuv oqibatida Ivir xudosi paydo bo‘lgan, uning sochlaridan o‘simlik dunyosi, tomiridagi qondan daryo va dengiz suvlari, qovirg‘asidan ayol, mushaklaridan erkak paydo bo‘lgan. Vikinglar mifologiyasi ham ko‘p xudolilikka asoslangan. Mifologik dunyoqarashda – odamlar o‘z dunyolarida yashaydigan va boshqa dunyolarni boshqaradigan ayrim oliy mavjudotlar sifatida qaraladi. Bu xudolar orasida biron-bir eng katta va eng qudratli xudo, masalan, antik mifologiyada Zevs mavjud bo‘lishi mumkin, biroq hatto shu xudo ham faqat o‘ziga teng xudolar orasida birinchidir. Uni istalgan paytda taxtdan «ag‘darish»ga harakat qilish va oliy hokimiyatni boshqa xudo egallashi mumkin. Masalan, Zevs bir paytlar o‘z otasi – xudo Kronosni taxtdan ag‘dargan, Kronas esa o‘z otasi Uranni taxtdan ag‘dargan, shuning uchun Zevsning o‘zi ham kimdir uning hokimiyatini egallashga harakat qilmasligi uchun sergak bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan. SHu sababli, hatto eng katta xudo mavjud bo‘lsa ham, dunyoning mifologik manzarasida yuqorida doim dunyoni boshqarishga ko‘p sonli nomzodlar mavjud bo‘ladi. Hatto eng katta xudolar ham Qismat hukmi ostida bo‘lsalar-da, Qismatning o‘zi ham nimalardadir shu xudolarga bo‘ysunadi. Dunyoning vujudga kelishini ta’riflar ekanlar qadimgi yunon mifologiyasi ham cheksiz xaos g‘oyasiga tayanadi. Mifologiya (miflar majmui sifatida) qadimgi odamlar dunyoqarashi bilangina uzviy bog‘liq emas. Kundalik ongda yashaydigan din, falsafa, siyosat, san’atda aniq-ravshan yoki pardalangan ko‘rinishda mavjud bo‘lgan miflar bugungi kunda ham (kim uchundir ko‘proq, kim uchundir kamroq darajada) odamlar hayoti va ijodida faol rol o‘ynab, har qanday inson dunyoqarashining tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Jamiyatning axborotlashuvi jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan sharoitda mif televidenie, radio, vaqtli matbuot, hozirgi saylov texnologiyalari vositasida ba’zan ijtimoiy ong bilan manipulyasiya qilish, oldindan belgilangan jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.

Yüklə 112,06 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin