Suqrotgacha bo‘lgan falsafiy tizim va Suqrot maktablari. Suqrotgacha bo‘lgan davr Yunon mutafakkirlarining asarlari ayrim fragmentlar va keyingi davrlar faylasuflarining asarlarida keltirilgan iqtiboslar ko‘rinishidagina bizgacha etib kelgan. Bunday iqtibos va parchalarni Diogen Laertskiyning “Mashhur faylasuylarning hayoti va hikmatli so‘zlari” asari, shuningdek, Aflotun, Arastu, Plutarx, Sekst Empirik, Kliment Aleksandriyskiy kabilarning ishlarida uchratish mumkin. Suqrotgacha bo‘lgan falsafiy maktablarga Ioniya dengizi qirg‘oqlarida joylashgan Milet shahri nomi bilan ataluvchi Milet maktabi, asosida Pifagor ta’limoti yotgan pifagorchilar maktabi, Levkipp-Demokritning atomlar to‘g‘risidagi nazariyasini o‘zida ifoda etgan atomistlar maktabi va janubiy Italiyada joylashgan Eley shahri faylasuflari maktabi kiradi. Shuningdek Suqrotgacha yashagan, antik falsafaga katta hissa qo‘shgan Yunon-Rim faylasuflari ham bu davrga mansubdirlar. Xususan, Fales, Anaksimen, Anaksimandr, Geraklit, Ksenofan, Pifagor, Parmenid, Empedokl, Anaksagor, Levkipp, Demokrit kabi faylasuflar, ba’zilari Suqrot bilan qisman zamondosh bo‘lishiga qaramay, Suqrotgacha bo‘lgan falsafiy tizim vakili sanaladi. Bu tizim ularning ijodi nuqtai nazaridan emas, balki usuli va ta’limotining xarakteri bilan farqlanishiga binoan ajratilib ko‘rsatiladi. Mil. Avv. 640-562 yillarda yashab ijod etgan Ioniyaning Milet shahrida tug‘ilgan Fales Yunon falsafasining asoschilaridan biri bo‘lgan. Astronomiya, geometriya, arifmetika singari ko‘plab sohalardagi serqirra bilimlari Fales falsafiy dunyoqarashining shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Masalan, bu davrda yaxshigina taraqqiy etgan geometriya ilmiy abstrakt mushohada yuritish uchun nazariy asos vazifasini o‘tagan. Bu esa, Falesning olam mohiyatini bilish haqidagi qarashlarining shakllanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Fales hamma narsaning asosida suv yotadi, hamma narsa suvdan paydo bo‘lgan va unga qaytadi deb hisoblagan. Bunday qarash falsafadan oldingi mifologik kosmogoniyalarda ham mavjud edi. Ammo, Falesning bu boradagi qarashlari mifologik kosmogoniyadan butkul farq qiladi. U suvni muayyan shakl yoki mifologik kuch sifatida emas, amorf, doimiy harakatchan, materiyaga jamlangan ko‘rinishda tushungan. Milet maktabining yana bir vakili Anaksimandr bo‘lib, mil. av.510–540- yillarda yashagan, olamning asosi sifatida ko‘rinmas modda apeyronni ko‘rsatadi. Hamma narsani qamrab olgan substansiya apeyronda issiqlik va sovuqlikni qarmaqarshiligi yuzaga keladi. Ularning kurashi esa, kosmosni vujudga keltiradi. Jumladan, issiqlik olov ko‘rinishida namoyon bo‘lsa, sovuqlik osmon va erga aylanadi. Anaksimandr birinchilardan bo‘lib, materiyaning saqlanishi qonunini va organik hayotning evolyusion taraqqiyoti haqidagi gepotezalarni ilgari suradi. Uning ta’kidlashicha, odam barcha hayvonlar singari baliq evolyusiyasining mahsulidir. U “Tabiat haqida” nomli asar yozgan. Ammo, mazkur asar bizgacha etib kelmaagan. Anaksimandrning shogirdi Anaksimen esa hamma narsa havodan kelib chiqqanligini ta’kidlaydi. Mangu, harakatchan havo quyuqlashib dastlab bulutlarni, keyin suvni va nihoyat er, toshlarni vujudga keltiradi. Keyin esa undan olov kelib chiqadi. Suqrotgacha bo‘lgan antik falsafiy fikr taraqqiyoti mobaynida vujudga kelgan o‘ziga xos yo‘nalishlardan yana biri Eley maktabi hisoblanadi. Olamning doimiy o‘zgarib turishi g‘oyasini ilgari surib, stixiyali dialektikaga asos solgan naturfaylasuflardan farqli ravishda ayni maktab vakillari harakatni inkor qiluvchi metafizik ta’limotga asos soldilar. Eley maktabining asoschisi Parmenid (Mil. Avv. 540 –470) olamni narsalar bilan to‘ldirilgan harakatsiz shar shaklida tasavvur qilgan. mutafakkir Parmenidning ta’limotiga ko‘ra haqiqiy borliq mangu harakatsiz bo‘lib, uni faqat aqliy mushohada orqali bilish mumkin. Unga ko‘ra narsalar nimadandir kelib chiqqan degan fikr, ularning qismlarga ajralishi to‘g‘risidagi mulohazaga olib keladi. Mutafakkirning ta’kidlashicha, bunday qarash haqiqat emas, balki haqiqatga o‘xshab tuyuladigan fikr xolos. Parmenid tomonidan qo‘yilgan borliqning mangu harakatsiz ekanligini isbotlash vazifasi uning shogirdi Eleylik Zenon tomonidan amalga oshirildi. Ayni vazifani amalga oshirish maqsadida Zenon o‘zining qator aporiya-paradokslarini ishlab chiqdi. Masalan, Axilles va toshbaqa haqidagi aporiyasida harakatni boshlash imkonsiz ekanligini isbotlashga urinadi. Uning barcha aporiyalari harakatning mumkinligi ziddiyatning paydo bo‘lishiga olib kelishi to‘g‘risidagi g‘oyani isbotlashga qaratilgan. Zenon aporiyalarida uzuluklilik va uzluksizlikning birligi g‘oyasi hamda harakatsiz tushunchalarda harakatni tasavvur qilishdek murakkab falsafiy muammoni tushuntirib berishga intilgan.
Suqrot (Mil. Avv. 470 – 399) o‘zigacha yashab ijod qilgan mutafakkirlardan farqli ravishda birinchi marta inson va uning hayoti bilan bog‘liq muammolar, xususan, qanday yashash va qanday fikrlash lozimligi masalasiga diqqat qaratdi. Quyosh va oyning tutilishi, meteoritning tushishi kabi hodisalarni o‘rganadigan tabiat falsafasi insonning qanday yashashi va fikrlashi lozimligi haqida bilim bermasligini ta’kidlagan mutafakkir insonning o‘z-o‘zini anglashga intilishini haqiqiy bilim deb hisoblaydi. Uning o‘z-o‘zingni angla degan hikmati ayni mulohazaning isboti bo‘la oladi. Suqrot moddiy olam va narsalar dunyosini bilish imkonsiz, shuning uchun nazariy emas, balki amaliy yashash san’atini o‘rganish lozimligi g‘oyasini ilgari suradi. Suqrotning umri mobaynidagi faoliyati bahslarda kechgan. U monologda bir yoqlama xato fikrlar bayon qilinadi deb hisoblaydi. Suqrot haqiqatni bilishning mayevtika usulini kashf etdi. Unga ko‘ra predmet haqidagi qarama- qarshi fikrlarning o‘zaro to‘qnashuvi haqiqatga olib boradi. Bahs jarayonida yuzaga keladigan bir predmet haqidagi o‘zaro qarama-qarshi mulohazalar yangi savollar qo‘yish yo‘li bilan bartaraf qilib boriladi. Suqrot axloq va ezgulikni bilim bilan aynanlashtiradi. Aniqrog‘i, nima yaxshi va nima yomonligini bilgan inson ahmoqona ishlarni qilmasligini ta’kidlaydi. Suqrot insonni ijtimoiy kosmosni aks ettiruvchi mikrokosmos sifatida tasavvur qiladi. bu kosmos esa inson tomonidan anglangan bo‘lmog‘i lozim. Suqrotning axloq falsafasi ratsionalistik xususiyat kasb etadi. Unga ko‘ra har qanday bema’ni hatti-harakat bilimsizlik mahsuli sanaladi. Buyuk Yunon faylasufi Aflotun (Mil. Avv. 427–347) Suqrotning shogirdi va izdoshi bo‘lgan. Aflotun o‘zining falsafiy qarashlarini “Suqrot apalogiyasi”, “Bazm”, ”Parmenid” singari dialoglari hamda, “Davlat”, “Qonunlar” kabi traktatlarida bayon qilib bergan. G‘oyalar haqidagi qarashlar mutafakkir ta’limotining asosini tashkil qiladi. U olamda mavjud narsalar o‘z g‘oyasiga ega deb hisoblagan. Aflotun g‘oyalarni narsalarning hissiy yo‘l bilan bilish imkonsiz bo‘lgan obrazlari deb tushuntiradi. G‘oyalar narsalarning mohiyatiga daxldor bo‘lgan qat’iy o‘zgarmas xususiyatlari va tuzilishini o‘zida namoyon qiladi. Aflotunga ko‘ra g‘oyalar mangu va birlamchidir. Masalan, tirik daraxt qurib tamom bo‘lishi, yoki uchburchakning rasmini o‘chirib tashlash mumkin. Ammo, daraxt va uchburchakning g‘oyalari mangu qoladi. G‘oyalar materiyani tartiblashtirgan holda borliqni boshqaradi. Materiya noborliq bo‘lib, u g‘oyaning shaklini qabul qiladi. Aflotun o‘zining gnoseologiyasida ruh va xotirlash haqidagi qarashlariga tayanadi. Materiya bilan birikkan abadiy jon o‘zining g‘oyalar olamidagi vazifalarini unutadi. Uning soyalar olamidagi bilish jarayoni xotirlashdan iborat xolos. Mutafakkir g‘oyalar to‘g‘risidagi bilim haqiqiy bilim bo‘lib, hissiy olam haqidagilari esa bilim emas, aksincha ehtimoliy fikrlar ekanligini ta’kidlaydi. Aflotun dialektikani bilishning asosiy usuli sifatida ko‘rsatadi. U o‘zining g‘oyalar haqidagi qarashlaridan kelib chiqqan holda ideal davlat ta’limotini ishlab chiqadi. Aflotunning ideal davlatida faylasuflar davlat boshqaruvi, harbiylar uning himoyachisi, qolganlar esa kundalik moddiy ehtiyojlarni ta’minlash bilan shug‘ullanadilar. Aflotun davlatida tartib va qonun ustuvor bo‘ladi. Aflotunning so‘nggi asari “Qonunlar” deb ataladi. Aflotunning shogirdi, qomusiy olim va faylasuf Arastu (mil. av. 384–322) Aflotun ta’kidlagan g‘oyalar narsalarning ulardan ajralmagan shakli ekanligi to‘g‘risidagi qarashni ilgari suradi. Arastu fikricha, g‘oyalar narsalardan alohida mavjud emas. Arastu shakl materiyani voqe’likka- konkret narsaga aylantiradi deb ta’kidlaydi. Arastu to‘rt turdagi sababni tan oladi: 1. Materiya sabab - narsalar undan tashkil topadi. Aniqrog‘i u narsalarning xomashyosi - substrati sanaladi. 2. SHakl sabab- narsalarning g‘oyasi-mohiyatini anglatadi. 3. Harakat sabab - harakatning manbaini anglatadi. 4. Maqsad sabab-“nega?”, “nima uchun” singari savollarga javob bo‘ladi. aniqrog‘i, narsa hodisalarning nima uchun mavjudligini bildiradi. Falsafa tarixida Arastu falsafasi uch qismga bo‘lib o‘rganiladi. Ular: bilish haqida bilim berishni nazarda tutadigan nazariy falsafa (“Metafizika” asarida bayon qilingan), inson haqida bilim berishni nazarda tutadigan amaliy falsafa(“Siyosat” va “Axloq” asarlarida bayon qilingan), ijod jarayoni haqida bilim berishni nazarda tutadigan ijod falsafasi(“Poetika” va “Ritorika” asarlarida bayon qilingan). SHuningdek, Arastuning “Fizika haqida”, “Osmon haqida”, “Hayvonlarning qismlari haqida”, “Ruh haqida” singari tabiiy-ilmiy masalalarni tushuntirishga qaratilgan asarlari ham mavjud. Ruhni hayotning boshlanishi deb hisoblagan mutafakkir uning uch darajasini ajratib ko‘rsatadi. Unga ko‘ra ruh o‘simlik ruhi, hayvon ruhi va aqlli ruh kabi darajalardan tashkil topadi. Arastuning ijtimoiy-siyosiy qarashlari uning “Siyosat” nomli asarida bayon qilib berilgan. Faylasufning ta’kidlashicha, siyosat bu aqlga muvofiq qurilgan davlatchilik hayoti haqidagi ta’limotdir. Arastu insonni boshqalar bilan birgalikda yashashga moyil siyosiy hayvon, ijtimoiy mavjudot sifatida ta’riflaydi. U davlat oila, qishloq singari dastlabki ijtimoiy birlashmalardan tabiiy yo‘l bilan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Mutafakkir davlat boshqaruvining monarxiya, aristokratyai, politiya shakllarini to‘g‘ri, tiraniya, oligarxiya, demokratiya kabi ko‘rinishlarini esa noto‘g‘ri deb hisoblagan. “Nikomax etikasi” asarida axloqiy qarashlarini tushuntirib bergan Arastu bu borada oltin o‘rtalik g‘oyasini ilgari suradi. Arastu formal mantiqning asoschisi sanaladi. Arastu falsafasidan keyin fan bilimga mantiqiy tushunchalar vositasida erishish yo‘li sifatida tushinila boshlandi. Arastu bilan Yunon falsafasining mumtoz davri o‘z nihoyasiga etdi.