1 Mavzu: Falsafa va uning jamiyat hayotidagi roli Ma'ruza rejasi


Dunyoqarashning tarixiy shakllari



Yüklə 62,69 Kb.
səhifə3/19
tarix19.10.2023
ölçüsü62,69 Kb.
#157740
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
1-ma`ruza

Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. SHunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi. Jamiyatning tarixiy taraqqiyoti bilan insonning amaliy va nazariy bilish faoliyati ham rivojlanib borib dunyoqarashning yangi-yangi tarixiy shakllari paydo bo‘ladi. Mifologik (afsonaviy), diniy va ilmiy-falsafiy dunyoqarashlar kishilik tarixida vujudga kelgan dunyoqarash shakllaridir. Dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din bo‘lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Ko‘nikmalar, tajriba va oddiy bilimlar to‘planishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga o‘tkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, to‘plangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» etilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda bo‘lganidek, dunyoqarashda ham o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan.
Ibtidoiy odamlarning ancha rivojlangan dunyoqarashida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq ayni shunday tartiblilik dastavval mif hamda dinning ilk shakllari ko‘rinishida vujudga keldi.
Mifologik dunyoqarash. Mifologiya ya'ni afsonaviy dunyoqarash – kishilik jamiyati taraqqiyotining ilk bosqichida paydo bo‘lgan bo‘lib, u tabiat kuchlari va hodisalarini hissiy qiyofalar va alohida vujudlar shaklida jonlantirib tasvirlovchi, kishilarning hayolotiga asoslanuvchi qarashlar va tasavvurlardir. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, afsona, rivoyat degan ma'noni anglatadi. Mif – bu turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir.
Mifda bilimlar, diniy e'tiqodlar, ma'naviy madaniyatning turli elementlari, san'at, ijtimoiy hayot kurtaklari birlashgan bo‘lib, shu tariqa ibtidoiy odamlar dunyoqarashi ma'lum darajada tartibga kelgan, ularning dunyo haqidagi qarashlari esa muayyan tizimga solingan. Mazkur tizimga solishning muhim shakllari epos, ertaklar, afsonalar, rivoyatlar bo‘lib, miflar avvalo ular orqali ifodalanadi. SHu tariqa to‘plangan bilimlar va tajriba keyingi avlodlarga o‘tishi ham ta'minlanadi.
Mifologik tafakko'rning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu oddiy rivoyat, biron-bir voqea haqidagi hikoya emas, balki og‘zaki «muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea-hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga ta'sir ko‘rsatuvchi muayyan borliq sifatidagi in'ikosidir. Mif, ayniqsa insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar xulq-atvori va o‘zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan, chunki unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati o‘z ifodasini topgan. Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo‘ladi.
SHunday qilib, mif kimningdir uydirmasi yoki «o‘tmish sarqiti» emas, balki shunday bir o‘ziga xos tilki, inson uning yordamida qadim zamonlardanoq dunyoni tavsiflagan, o‘zining o‘sib borayotgan tarqoq bilimlarini umumlashtirgan, talqin qilgan, tasniflagan va muayyan tizimga solgan.
Mifda ota, oqsoqol hukmi va qaror topgan an'analar ayniqsa muhim rol o‘ynaydi. Rivoyat va uning mazmuniga nisbatan bunday munosabat zamirida e'tiqod, borliqni bevosita, emotsional idrok etish yotadi. Mifologik dunyoqarash dunyoni yaxlit tushunish bo‘lib, unda shubhaga o‘rin yo‘qdir.
Mifologiya (miflar majmui sifatida) qadimgi odamlar dunyoqarashi bilangina uzviy bog‘liq emas. Oddiy ongda yashaydigan din, falsafa, siyosat, san'atda aniq-ravshan yoki pardalangan ko‘rinishda mavjud bo‘lgan miflar bugungi kunda ham (kim uchundir ko‘proq, kim uchundir kamroq darajada) odamlar hayoti va ijodida faol rol o‘ynab, har qanday inson dunyoqarashining tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Jamiyatning axborotlashuvi jadal sur'atlarda o‘sib borayotgan sharoitda mif televidenie, radio, vaqtli matbuot, hozirgi saylov texnologiyalari vositasida ba'zan ijtimoiy ong bilan manipulyasiya qilish, oldindan belgilangan jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.

Yüklə 62,69 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin