Dunyoqarashning tuzilishidunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.
Dunyoni sezish– bu o`zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Bunda tuyg`ular, kayfiyat dunyoni go`yoki ranglarga bo`yaydi, uning obrazini sub`ektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug` bo`lib tuyulishi mumkin bo`lgan nur, sog`lom odam uchun normal bo`ladi; dalьtonik ranglar gammasini, ko`rish qobiliyati normal bo`lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish to`g`ri yoki noto`g`ri bo`lishi, ya`ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto`g`ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o`xshash fantaziyalar paydo bo`ladi.
Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek tabiatda yuz beruvchi voqea va jarayonlarning o`zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir. Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bo`lsa, dunyoni tushunish esa faqat odamlarga xos xususiyatdir.
Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. SHunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida o`zini o`zi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi.
Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din, falsafa va fan bo`lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Ko`nikmalar, tajriba va oddiy bilimlar to`planishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga o`tkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, to`plangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» etilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda bo`lganidek, dunyoqarashda ham o`zini o`zi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan.
Masalan, bu hodisaning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun shaxsiy kutubxonada kitoblar yig`ilishi bilan bog`liq misolga murojaat etish o`rinli bo`ladi. Mazkur kutubxonada kitoblar bir nechta bo`lsa, ularni tizimga solish talab etilmaydi, ular qaerda yotgani va ularning o`zaro munosabati qandayligi ham ahamiyat kasb etmaydi. Kutubxona hajmi o`nlab kitoblar bilan o`lchangan taqdirda esa, ulardan foydalanishga qulaylik yaratish uchun kitoblarni muayyan tarzda joylashtirish, tizimga solish talab etiladi. Kitoblar soni qancha ko`p bo`lsa, ular bilan ishlash shuncha oson va qulay bo`lishi uchun ularni tasniflash, tartibga solish, ruknlarga ajratish tizimi shuncha murakkab bo`ladi.
Ibtidoiy odamlarning ancha rivojlangan dunyoqarashida o`zini o`zi tashkil etish qonunlariga muvofiq ayni shunday tartiblilik dastavval mif hamda dinning ilk shakllari ko`rinishida vujudga keldi.