Diniy dunyoqarash. Dunyoqarashning tarixan ikkinchi shakli dindir. (Din so`zi arabchadan tarjimada e`tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma`nolarni anglatadi.) Mif kabi, din zamirida ham e`tiqod, tuyg`ular va emotsiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya`ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo`lgan bo`lsa-da, umuman olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif ta`sirida insonning abstrakt fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan.
Diniy dunyoqarash odamlarning g`ayritabiiy narsalar (xudolar, «oliy aql», qandaydir absolyut va sh.k.)ga bo`lgan e`tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori va o`ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an`anaga, rivoyat qiluvchining, ya`ni oqsoqolning obro`siga e`tiqod kuchli bo`lsa, dinda g`ayrioddiy narsalarga e`tiqod birinchi o`rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar obro`si esa ikkinchi darajali rol o`ynaydi. Xullas, din murakkab ma`naviy tuzilma va ijtimoiy-tarixiy hodisa bo`lib, unda e`tiqod muqarrar tarzda birinchi o`ringa qo`yiladi va hamisha bilimdan ustun turadi.
Dinning asosiy funktsiyalari. Mif bilan taqqoslaganda, din funktsiyalari murakkabroqdir. Din funktsiyalari orasida quyidagilarni farqlash mumkin:
dunyoqarashni shakllantirish funktsiyasibutun borliq qachon va nima uchun paydo bo`lgan va bunda g`ayrioddiy kuchning olamshumul roli qanday namoyon bo`lgan, degan savollarga javob beradi;
kommunikativ funktsiyasimuloqot va shaxslararo aloqalarning muayyan tipini ta`minlaydi, jamiyatning jipslashuvi va yaxlitligiga ko`maklashadi;
tartibga solish funktsiyasiodamlar xulq-atvorini tartibga soluvchi tegishli me`yorlar va qoidalarni belgilaydi;
kompensatorlik funktsiyasietishmayotgan axborot, diqqat-e`tibor, g`amxo`rlik o`rnini to`ldiradi, hayot ma`nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo`qligini sezdirmaydi, ya`ni insonning kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o`rnini to`ldiradi.