1-mavzu. Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida xalqaro moliya munosa
To‘lov shartlari – tashqi iqtisodiy bitimlarning muxim elementidir. Ularning ichida quyidagilar farqlanadi: naqdli to‘lovlar, kredit taqdim etilishi bilan xisob-kitoblar, naqdli to‘lov bo‘yicha opsionli kredit (tanlov xuquqi bilan).
Xalqaro xisob-kitoblardagi naqdli to‘lov tushunchasi eksport tovarlari sotib oluvchiga yetkazib berilganidan so‘ng ularga pul to‘lanishini yoki tovarlar shartnoma shartlariga muvofiq yetkazib berilganligi to‘g‘risida guvoxlik beruvchi xujjatlarga qarshi bo‘lgan to‘lov ko‘zda tutiladi. Biroq, zamonaviy sharoitlarda tovar importyor mamlakatiga ko‘p xolatlarda to‘lov amalga oshirilishi lozim bo‘lgan xujjatlardan avval yetib keladi va sotib oluvchi tovarlarni ularga xaq to‘lanishidan avval saqlash (trast) tilxati, bank kafolati evaziga olishi mumkin. Shunday qilib, tovarlar so‘nggi manzil portiga yetkazib berilganidan so‘ng to‘lov amalga oshiriladi, tovarlar jo‘natilganligi to‘g‘risidagi xabarnomaga qarshi amalga oshiriladigan to‘lovlar bundan mustasno. Kontragentlar kelishuviga xamda sotilayotgan tovarlar xususiyatlariga bog‘liq bo‘lgan xolda importyor ma’lum bir bosqichda to‘lovni amalga oshiradi: jo‘natilish portida tovarlarni yuklash ishlari tugaganligining tasdig‘ini olgandan so‘ng; tovar xujjatlarining komplekti (schyot-faktura, konosament, sug‘urta polisi va boshqalar)ga qarshi; ba’zida to‘lovni 5-7 kunga, neft yetkazib berish bo‘yicha esa – 30 kunga kechiktirish bilan; so‘nggi manzil bo‘lgan portda importyor tomonidan tovarni qabul qilib olinib bo‘lgandan so‘ng. Tovarning turiga bog‘liq bo‘lgan xolda ba’zi xolatlarda xisob-kitoblarning aralash shartlaridan foydalaniladi: qisman xisob-kitob– tovar xujjatlari topshirilganidan so‘ng amalga oshadigan to‘lov; yakuniy xisob-kitob–tovarlar qabul qilib olinganidan so‘ng (tovarlar so‘nggi manzil portiga yetib kelganidan so‘ng sotib oluvchi tomonidan qabul qilib olinadi va ularning sifat xarakteristikalari tekshiriladi, chunki transportirovka davrida ularning sifati buzilgan bo‘lishi mumkin).
Xalqaro to‘lovlar valyutalar o‘zaro almashuvi xamda tashqi savdo ishtirokchilari tomonidan bir-biriga kreditlar taqdim etish jarayonlari bilan chambarchas bog‘lanib ketadi. Xalqaro valyuta-kredit va xisob-kitob operatsiyalarining o‘zaro bog‘liqligi quyida o‘z ifodasini topadi. Sotilayotgan tovarning turiga (masalan, mashinalar va jixozlar) xamda sotuvchilar bozorida raqobatning kuchayishi va yangi maxsulot iste’mol bozorlarini kengaytirish maqsadida ularning kreditdan foydalanishga qaratilgan intilishlariga qarab tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha xisob-kitoblar tijorat kreditidan foydalangan xolda amalga oshiriladi. Tijorat krediti tovar sotuvchisi tomonidan sotib oluvchiga bir necha oydan, 5-8 yilgacha, aloxida xolatlarda esa bundan xam katta muddatlarga taqdim etiladi. Tashqi savdo operatsiyalarida importyor tijorat krediti evaziga uni so‘ndirishga qaratilgan, oddiy veksel shaklidagi qarz majburiyatini yozib beradi yoki eksportyor tomonidan berilgan o‘tkaziladigan veksellar-trattalarda to‘lovni amalga oshirishga yozma tarzdagi rozilik (aksept) beradi.
Tovar qiymatining ma’lum bir qismiga tijorat xujjatlari taqdim etilganidan so‘ng, qolgan qismiga esa – shartnomada belgilangan davrdan so‘ng xaq to‘langanda, tijorat krediti shaklidagi tovarlar uchun xisob-kitoblar naqdli to‘lovlar bilan birgalikda amalga oshirilishi mumkin. Tashqi savdo shartnomasi ijrosining ma’lum bir bosqichida shartnomadagi taraflar, tijorat kreditidan tashqari, bir-birlarini majburan kreditlashlari mumkin. Masalan, bo‘nak shaklidagi to‘lovlarda importyor eksportyorni, ochiq xisobvaraq bo‘yicha xisob-kitoblarda esa sotuvchi sotib oluvchini kreditlaydi.
Xisob-kitoblar shartlarining alternativ shakli bu naqdli to‘lovning opsionli kreditidir. Agarda importyor sotib olingan tovar uchun to‘lovni kechiktirish xuquqidan foydalansa, unda u naqdli to‘lovda taqdim etiladigan diskont (skidka)dan maxrum bo‘ladi. Xisob-kitoblar xalqaro muomalada ishlatiladigan turli xil to‘lov vositalari – veksellar, to‘lov topshiriqnomalari, bank o‘tkazmalari (pochta va telegraf), cheklar, plastik kartochkalari yordamida amalga oshiriladi. Xorijiy instrumentlar (Foreign items, ingl.) – boshqa mamlakatda deponirlangan xamda ushbu mamlakatda to‘lanishi lozim bo‘lgan cheklar, veksellar (oddiy va o‘tkaziladigan) va muomalaning boshqa kredit vositalari. Shartnoma to‘lov shartlarining eng murakkab qismi bo‘lib, xisob-kitob turini tanlash xamda ushbu xisob-kitoblarni amalga oshirish yo‘llarini shakllantirib, izoxlash xisoblanadi. Kontragentlarning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan manfaatlarini xalqaro iqtisodiy munosabatlarda o‘zaro bog‘lash va ularning to‘lov munosabatlarini tashkil etish, xisob-kitoblarning turli shakllaridan foydalanish orqali amalga oshiriladi.