Market-meykerlar- bu turli valyutalarni bitimlar bo’yicha sotib olish va sotish kurslari kotirovkasini doimiy ravishda amalga oshiruvchi moliya muasassalari hisoblanadi.
Albatta, market-meykerlar faqatgina chet el valyutalarini milliy valyuta bilan solishtirmaydilar, balki ular milliy valyutaga tegmagan holatda chet el valyutalarini o’zlarini kotirovkalarini ham amalga oshirishlari mumkin.
Umuman, ma’lum bir valyutalarni emitenti bo’lgan mamlakatlarda shu valyuta bo’yicha market-meykerlar mazkur mamlakatda joylashgan bo’ladi. Evro bo’yicha etakchi market-meykerlarni Germaniyadan, Shveytsariya franki bo’yicha esa, Shveytsariyadan topish mumkin. Market-meykerlar o’zi mutaxassis bo’lib hisoblangan valyutani oldi-sotdi kursi kotirovkasini amalga oshiradi.
Nisbatan kam banklar, butun dunyo bo’yicha valyuta kotirovkasini beradilar, shunday bo’lsada, Buyuk Britaniyaning keng tarmoqli kliring banklari kabilar o’z mijozlariga keng ko’lamda kotirovkalarini taklif etadi.
Valyuta bozorida kam uchraydigan valyuta bilan bog’liq operatsiyalarni tijorat banklarida diling bo’limini o’zi emas, balki qo’shimcha bo’limlar amalga oshiradilar. Kam uchraydigan valyutalar, asosan, valyuta bozori rivojlanmagan mamlakatlarda yoki chet el valyutasi bilan bog’liq operatsiyalarga ma’lum bir cheklovlar qo’yilgan mamlakatlarda uchraydi. Albatta, bunday cheklovlar mamlakat hududiga valyuta kirib kelishiga emas, balki ko’proq chiqib ketishiga joriy qilinishi keng qo’llaniladi. Agar, banklar ushbu (kam qo’llaniladigan) valyutalar bo’yicha mijozlarning talablarini bajara olmasa, ular o’zlarining filiallari yoki boshqa valyutalarda pul qabul qilish yoki to’lovni amalga oshirish maqsadida vakillik banklardan foydalanadilar.
Naqd kassa bitimi deganda, odatda, spot operatsiyalari tushuniladi.
Spot operatsiyasi, qoida bo’yicha, bitim kunini hisobga olmagan holatda, ikki ish kuni davomida valyutani ayirboshlash bitimini bildiradi.
Shuni alohida qayd etib o’tish lozimki, valyuta operatsiyalari ichida eng ko’p qo’llaniladigani spot operatsiyalaridir va ushbu bozorlarda tijorat banklarining ulushi sezilarli darajada. Tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan valyuta operatsiyalarining tarkibiga qaraladigan bo’lsa, unda spot operatsiyalari hajmi jami valyuta operatsiyalarining 80 foiz miqdorini tashkil etadi.
Shuning bilan birga, spot operatsiyalari tijorat banklarining valyuta operatsiyalari ichida eng ko’p riskka tortilgani bo’lib hisoblanadi. Bunga asosiy sabab, spot operatsiyalarining qisqa muddatliligi va ularni sug’urtalashning imkoniyatini yo’qligidir. Shu sababli, tijorat banklariga valyuta pozitsiyalari bo’yicha limitlar joriy etilgan.
Vakolatli banklarning ochiq valyuta pozitsiyasi yuritilishi haqidagi hisobotni tahlil qilishning zarurati Markaziy Bank tomonidan respublikadagi mavjud vakolatli banklarning valyutaviy risklari kamaytirilishiga qaratilgan siyosati bilan izohlanadi.