Erkin konvetatsiya qilinadigan valyutalarga milliy iqtisodiyoti mustahkam, iqtisodiy o’sish imkoniyatiga ega bo’lgan, milliy valyutasiga chet ellik hamkorlar ishonadigan, odatda sanoati rivojlangan mamlakatlar ega bo’ladilar. O’zining milliy valyutasining erkin konvertatsiyasini ta’minlash maqsadida davlatlar ichki bozorda mahsulotlar va xizmatlarning jahon bozoridagi narxlarini shakllantirigan va unga ta’sir ko’rsatmagan holda erkin tashqi savdo rejimini tashkil etishlari zarur bo’ladi. Buning uchun esa, mamlakat Markaziy banki valyuta ayirboshlash operatsiyalarini tartibga solish, xorijiy valyutani olib kelish va chiqib ketish bo’yicha ma’muriy cheklovlarni joriy etmasdan, o’zida etarlicha oltin-valyuta zaxirasiga ega bo’lishi talab etiladi. Mamlakatlar tomonidan milliy valyutaning boshqa xorijiy valyutalarga nisbatan to’liq konvertatsiyasiga rasmiy ravishda (ya’ni, amalda esa boshqacha bo’lgani holda) erishish mamlakat uchun katta miqdorda iqtisodiy zarar keltirishi mumkin.
Erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalarning ma’lum bir qismi zaxira valyutalar hisoblanadi. Zaxira valyutalar boshqa mamlakatlar markaziy banklari tomonidan saqlanadigan va xalqaro hisob-kitoblar uchun zaxira vositasi hisoblangan valyutalardir. Bugungi kunda, zaxira valyutalar sifatida AQSh dollari, funt sterling, evro, Yaponiya yenasi, Shveytsariya franki qayd etilmoqda.
Qisman konvertatsiya qilinadigan valyutalar cheklangan miqdordagi xorijiy valyutalarga ayirbosh qilinib, barcha turdagi xalqaro to’lovlarda foydalanilmaydi. Dunyoning ko’plab mamlakatlari, jumladan asosan rivojlanayotgan va bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan mamlakatlarning valyutalari qisman konvertatsiya qilinadigan valyutalar sifatida qayd etiladi.
Konvertatsiya qilinmaydigan valyutalar boshqa mamlakatlar valyutalariga ayirboshlanmaydi. Ular faqat mamlakat ichida milliy pul birligi sifatida foydalaniladi.
Valyuta kurslarini prognozlash (bashoratlash) – kelajakda yuzaga keladigan valyuta kurslarini hisoblashdir. Bunday hisob-kitoblarnng keng tarqalgan turi bu forvard kursini hisoblashdir.