1-mavzu: Muloqot madaniyatining fan sifatida rivojlanishi


-mavzu: Emotsional barqarorlikni oshirish muloqot madaniyati



Yüklə 236,5 Kb.
səhifə3/10
tarix24.12.2023
ölçüsü236,5 Kb.
#191663
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
MULOQOT MADANIYATI

4-mavzu: Emotsional barqarorlikni oshirish muloqot madaniyati.
Reja:

  1. Muloqot va til. Og'zaki kommunikatsiya (nutq)

  2. Nutq mexanizmlari va nutqsiz kommunikatsiya

  3. Sotsial nazorat va ijtimoiy qoidalar

Insonning uni o'rab turgan olamga o'zaro ta'siri obyektiv mu­nosabatlar tizimida namoyon bo'ladi. Obyektiv munosabat va aloqalar so'zsiz har qanday real guruhlarda paydo bo'ladi. Guruh a'zolarining bu obyektiv o'zaro munosabatlari subyektiv shaxslararo munosabatlarda aks etadi. Har qanday ishlab chiqarish odamlarning o'zaro birlashishini talab qiladi. Hech bir kishilik jamiyatida odamlar bilan munosabat o'rnatilmasa, ular bir-birini to'g'ri tushunmaydi, to'laqonli birgalikdagi faoliyatni tashkil eta olmaydi. Masalan, o'qituvchi o'quvchilarga biror narsani o'rgatish uchun ular bilan munosabatga kirishishi kerak.


Muloqot kishilarning hamkorlikdagi faoliyati, ehtiyojlari asosida tug'iladigan, ular o'rtasidagi aloqa rivojlanishining ko'p qirrali jarayonidir. Muloqot hamkorlikdagi faoliyat qatnashchilari o'rtasida axborot almashinishni o'z ichiga oladi, bu muloqotning kommunikativ ko'rinishida ifodalanadi. Odamlar bir-biri bilan munosabatga kirishishda tildan muomala vositasi sifatida foydalanadilar. Muloqotning ikkinchi jihati muomalaga kirishuvchilarning o'zaro ta'siridir. Bunda faqat so'zlar emas, balki harakat va holatlar ham almashinadi. Masalan, sotuvchi bilan xaridor o'rtasida biror so'z aytmasdan muomalaga kirishish mumkin. Muloqotning uchinchi tomoni muomalaga kirishuvchilarning bir-birini idrok qilishidir. Muomalaga kirishuvchilarning bir-birini to'g'ri tushunishi muhim ahamiyatga ega. Shunday qilib, muloqotning shartli uch tomonini ajratish mumkin: kommunikativ (axborot berish), interaktiv (o'zaro ta'sir) va perseptiv (o'zaro idrok qilish).
Muloqotning bu uch tomonining birligi muomalaga kirishuvchi kishilarning o'zaro munosabati va hamkorlikdagi faoliyatini tashkil etish usuli sifatida namoyon bo'ladi. Muloqotning mazmuni — axborot almashish, o'qituvchi tomonidan turli kommunikativ vositalar yordamida o'quvchilar bilan o'zaro tushunish va o'zaro munosabatlarni tashkil etishdir. Pedagoglarning tarbiyaviy va didaktik vazifalarini o'qituvchi hamda o'quvchilar jamoasi o'rtasida munosabatlarni ta'minlamay turib amalga oshirib bo'lmaydi.
Birgalikdagi faoliyat davomida odamlar turli fikrlar, o'y-xayollar, his-kechinmalar bilan o'rtoqlashadilar. Bunda o'y-fikrlar, his-kechinmalarni axborot sifatida, kommunikatsiyani esa axborot almashinuvi siftida talqin etish mumkin. Ammo insonlararo kommunikatsiya shunchaki axborot almashinuvidan iborat emas. Chunki muloqot jarayonida axborot nafaqat uzatiladi, balki shakllantiriladi, aniqlashtiriladi, rivojlantiriladi. Demak, inson muloqotini shunchaki axborot almashinuvidan iborat jarayon, deb hisoblash mumkin emas. Muloqot jarayonida axborot bir tomondan ikkinchi tomonga harakatlanishdan tashqari, faol almashinadi (kommunikativ jarayon ishtirokchilari bir-biriga axborot yuborayotganda, bir-birining motivlari, maqsadlari va boshqalami tahlil qiladilar). Shuningdek, muloqot jarayonida axborot almasha turib, kishilar belgilar tizimi orqali bir-biriga ta'sir etishi mumkin (insonlararo axborot almashinuvida, albatta, suhbatdosh xulq-atvoriga muayyan ta'sir o'tkaziladi). Muloqot jarayonida kommunikator (axborot yuborayotgan kishi) va retsipiyent (axborot qabul qilayotgan kishi) bir xil kodlashtirish hamda dekodlashtirish tizimiga ega bo'lishi kerak. Yagona tizimni qabul qilishgina kommunikativ jarayon ishtirokchilariga bir-birini tushunish imkonini beradi. Muloqot jarayonida faqal insonlararo kommunikatsiyaga xos to'siqlar vujudga kelishi mumkin. To'siqlar nafaqat belgilar tizimidagi farqlar, balki ijtimoiy-siyosiy, diniy, kasbiy farqlar yoki umuman dunyoqarash, olamni his etishdagi farqlar tufayli vujudga kelishi mumkin.
Kommunikatordan chiqayotgan axborot ikki xil bo'lishi mumkin:
1. Undovchi axborot — buyruq, maslahat, iltimos kabilarda
namoyon bo'ladi. Undan ko'zlangan maqsad retsipiyentni biror
harakatga rag'batlantirishdir. U uch xil bo'lishi mumkin:
a) aktivlashtirish, ya'ni faollashtirish (biror harakatni qilishga
undash);
b) interdiksiyalash (biror harakatni qilishdan to'xtatish);
d) destabillashtirish (biror harakatdagi muvozanatni buzish).
2. Konstatatsiyalovchi axborot — ma'lumot tarzida ifodalanadi. Bu
turdagi axborot turli ta'limiy tizimlardan o'rin olgan bo'lib, xulq-
atvorni o'zgartirish uchun bevosita ta'sir ko'rsatmaydi, ammo bilvosita
ta'sir ko'rsatish maqsadi ham bo'ladi.
Amerikalik jurnalist G. Lassuel besh unsurdan iborat bo'lgan kommunikativ jarayonning quyidagi modelini taklif etadi:
A. Kim (axborot kim tomonidan uzatilmoqda);
B. Nima (qanday axborot uzatilmoqda);
V. Qanday (axborot qanday yo'l bilan uzatilmoqda);
G. Kimga (axborot kimga yo'naltirilmoqda);
D. Qanchalik samarali (axborot qanchalik samarador uzatildi).
Kommunikativ jarayon aksial (bunda axborot ayrim konkret odamlargagina yo'naltiriladi) yoki retial (bunda axborot bir qancha ehtimol qilinayotgan retsipiyentlarga y o'naltiriladi) xarakterda bo'lishi mumkin.
Kommunikator retsipiyent uni qanchalik tushunayotganini «kommunikativ rollar» o'zgargach biladi. Chunki bunda retsipiyent kommunikatorga aylanib avvalgi kommunikatorga qabul qiigan axborotning mazmunini qanday tushunganligini bildiradi. Noverbal kommunikatsiyada belgilar tizimi sifatida quyidagi tizimlardan foydalaniladi:

  1. Optik-kinetik tizimga imo-ishoralar (qo'l motorikasi), mimika (yuz motorikasi), pantomimika (butun gavda motorikasi) kiradi. Ushbu belgilarning muloqotdagi ahamiyati shunchalik kattaki, ularni o'rganish uchun alohida soha-kinesika shakllangan.

  2. Paralingvistik tizim ovoz vokalizatsiyasidan iborat bo'lib, unga ovoz sifatlari, diapazoni kiradi. Ekstralingvistik tizimga to'xtalishlar, yo'talib qo'yishlar, yig'i, kulgu, nutq tempi kiradi.

  3. Proksemik tizimga kommunikativ jarayon ishtirokchilarining fazodagi joylashuvi va kommunikatsiya vaqti kiradi.

  4. Vizual kontaktga ko'zlar orqali muloqot qilish kiradi. Dastlab muloqotning bunday turi faqat intim muloqot doirasidagina bo'lishi mumkin, deb hisoblangan. Ammo so'nggi tadqiqotlar vizual kontakt boshqa sohalarda, ya'ni tibbiyot, pedagogika, boshqaruv kabilarda ham kuzatilishini isbotlamoqda.

Noverbal kommunikatsiya tizimlari kommunikatsiya jarayonida muhim rol o'ynaydi. Ular nutqni to'ldiradi, uning o'rnini bosadi, kommunikativ jarayon ishtirokchilarining emotsional holatini aks ettiradi.
Muloqot ikki va undan ortiq kishilar o'rtasida bilish yoki baholash tarzidagi axborot almashishda namoyon bo'luvchi o'zaro ta'sirdir.
Muloqotning o'zaro birgalikda harakat qilish va faoliyat ko'rsatish jarayonida odamlarni birlashtiradigan umumiy narsa ishlab chiqarish tarzida tushunilishi ana shu umumiy narsa muloqot vositasi sifatidagi tildan iborat ekanligini bildiradi. Til muloqotga kirishuvchilar o'rtasida aloqa bog'lanishini ta'minlaydi. Uni bu maqsad uchun tanlangan so'zlar mohiyatiga ko'ra kodlashtirgan holda axborotni ma'lum qilayotgan kishi ham, bu mohiyatning kodini ochgan, ya'ni uning ma'nosini oshkor etgan va ana shu axborot asosida o'z xulq-atvorini o'zgartirgan holda bu axborotni qabul qilayotgan kishi ham tushunadi.
A.V. Petrovskiy fikricha, axborotni boshqa kishiga yo'llayotgan kishi (kommunikator) va uni qabul qilayotgan kishi (retsipiyent) munosabat va birgalikdagi faoliyat maqsadlariga erishish uchun mohiyatlarni kodlashtirish va kodini ochishning bitta yagona tizimidan foydalanishlari, ya'ni bitta tilda so'zlashishlari kerak. Mohiyat — belgining tevarak-atrofdagi voqelikni bilishni ifoda etadigan qism sifatidagi mazmunga ega bo'lgan jihatidir. Qurol odamlarning mehnat faoliyatini ifodalagani singari belgilar ham ularning bilish faoliyati va munosabatini namoyon qiladi.
So'zlar belgilari tizimi hayot kechirish, ijtimoiy-tarixiy tajribani o'zlashtirish va uzatish vositasi sifatidagi tilni tarkib toptiradi. Til yordamida muloqotga kirishish tufayli borliqning alohida bir kishining miyasidagi in'ikosi boshqa odamlarning miyasida aks etayotgani bilan doimiy ravishda to'ldirilib turadi — o'y-frkrlarini ayirboshlash, axborot uzatish ro'y beradi. O'qituvchi u yoki bu so'zni ishlatganda uning o'zi ham, uning tinglovchilari ham yolg'iz o'sha bitta hodisani nazarda tutishadi va ularda anglashilmovchilik yuz bermaydi. Mohiyatlar tizimi kishining butun hayoti davomida rivojlanib va boyib boradi.
Hamkorlikdagi faoliyatda zaruriyat tufayli inson boshqa kishilar bilan birlashishi, ular bilan munosabatga kirishishi, aloqa o'rnatishi, o'zaro tushunishga erishishi va kerakli axborotni olishi, shunga mos javobni berishi kerak. Bunda muloqot faoliyatning bir tomoni, uning axborot jihati — kommunikatsiya sifatida namoyon bo'ladi. Biroq predmet yasash bilan birga inson o'zi yasagan predmetda o'zini «translyatsiya» qiladi, ya'ni o'zini boshqalarda davom ettiradi. Hosil qilingan predmet (qurilgan bino, yozilgan qatorlar, o'tqazilgan daraxt) bir tomonidan faoliyat predmeti, ikkinchi tomondan inson o'zini ko'rsatadigan vositadir. Chunki bu boshqa kishilar uchun hosil qilingan. Shunday qilib, faoliyat muloqotning bir qismi, uning tomoni; muloqot faoliyatning bir qismi va tomonidir. Lekin muloqot va faoliyat barcha hollarda yaxlit (buzilmas) birlikni tashkil etadi.
Til muomala vositasidir. Til muomalaga kirishuvchilar o'rtasidagi kommunikatsiyani ta'minlaydi, chunki uni axborot beruvchi ham, axborotni qabul qiluvchi ham birday tushunadi. Boshqa kishiga axborot beruvchi (kommunikator) va uni qabul qiluvchi (retsipiyent) muloqot jarayonida bir xil tildan foydalanishi kerak, aks holda bir-birini to'g'ri tushunolmaydi. Axborot almashishda bola onasiga savollar beradi va u javob beradi, bu javoblardan bola o'z faoliyatida keyinchalik foydalanadigan umumiy bilimlarning faqat ozgina qismini oladi. Umumiy bilimlarning bu qismini bola til shaklida, til yordamida so'z belgilari tizimida hosil qila oladi. Maktabda ham xuddi shunday bo'ladi: o'quvchi olam haqida barcha bilimlarni o'qituvchining tushuntirishidan yoki darslikdan, ya'ni til yordamida o'zlashtiradi. Bu yerda til o'zining muhim vazifalaridan birini bajaradigan, ya'ni yashash vositasi, ijtimoiy-tarixiy tajribani berish va o'zlashtirish vositasi tarzida namoyon bo'ladi.
Ikkinchidan, har bir alohida odamning ish-harakati va faoliyatini ko'pincha ijtimoiy qiymatga ega bo'lmagan o'zga kishilarning bevosita tajribalari belgilaydi. Masalan, men oshxona tomon yo'l olaman. Yo'lda o'rtog'im uchrab menga: «oshxona yopilgan», deydi. Shu paytda bu xabar mening faoliyatimni ma'lum bir tarzda boshqaradi: men qayrilib, boshqa oshxona tomon jo'nayman. Bu yerda til o'zining boshqa muhim vazifasi bilan, ya'ni vosita yoki kommunikatsiya usuli yoki odamning xatti-harakatlarini boshqaruvchi bir vosita sifatida namoyon bo'ladi. Har qanday kommunikatsiya, har qanday munosabat suhbatdoshiga ta'sir qilishdan iboratdir.
Uchinchidan, har bir alohida odamning ish-harakatlari va fao-liyatlarini har bir ayrim kishilarning shaxsiy tajribasi belgilaydi. Odamning «shaxsiy» tajribasi, o'z individual tajribasi boshqa kishilarning tajribalari va ijtimoiy tajribaning o'ziga xos aralashmasidan iborat. Odam hayvondan farqli o'laroq, o'z harakatlarini rejalashtira oladi. Bunday rejalashtirishning va umumiy fikriy masalalarni hal qilishning asosiy quroli tildir. Demak, biz tilning uchinchi vazifasi aqliy faoliyatning (idrok, xotira, tafakkur, xayol) quroli sifatidagi vazifasidir. So'z belgilar tizimi sifatida tildan nutq faoliyatida foydalaniladi.
Nutq faoliyati — odam tomonidan ijtimoiy-tarixiy tajribani o'zlashtirish va avlodlarga berish yoki kommunikatsiya o'rnatish, o'z harakattarini rejalashtirish maqsadida tildan foydalanish jarayonidir. Nutq faoliyati aloqa jarayonining o'zidir. Nutq faoliyatining quyidagi turlari farqlanadi: faol va passiv nutq. So'zlovchining nutqi faol nutq, tinglovchining nutqi passiv nutq hisoblanadi. Nutq ichki, tashqi nutqqa bo'linadi. Tashqi nutq — yozma va og'zaki nutqqa, og'zaki nutq esa monolog va dialogik nutqqa bo'linadi. Monolog — bir kishining o'ziga yoki boshqalarga qaratilgan nutqdir. Bu — o'qituvchining bayoni, o'quvchining toiaroq javobi, ma'ruza va boshqalar. Monologik nutq maium qiyinchiliklarga ega. Monologda gapirayotgan kishi fikrlarning aniqligiga, grammatik qoidalarning saqlanishiga, mantiq va aytilayotgan fikrlarning izchilligiga e'tibor berish kerak.
Dialogik nutqqa nisbatan monologik nutq kechroq shakllanadi. Maktabda o'quvchilarda monologik nutqni rivojlantirishga alohida e'tibor berish kerak. Ikki yoki undan ortiq kishilar o'rtasidagi nutq dialog deyiladi. Dialogik nutqda bayon qilinayotgan fikr ko'p jihatdan undan oldingi fikrga bog'liq bo'ladi. Dialogik nutqda suhbatdoshlarga ma'lum bo'lgan ayrim so'zlar tushirib qoldiriladi. Shuning uchun yozib olingan dialog boshqalarga unchalik tushunarli bo'lmasligi mumkin. Dialogik nutqda har xil turdagi shablonlar, ya'ni odatlanib qolgan so'z birikmasi ko'p uchraydi (qoyil, marhamat qilib aytingchi).
Nutqning ichki nutq deb atalgan turi nutq faoliyatining alohida turi hisoblanadi. Ichki nutq amaliy va nazariy faoliyatni rejalashtirish fazasi (bosqichi) sifatida namoyon bo'ladi. Biz ba'zida so'zni chala — yarim aytishimiz bilanoq tushunaveramiz. Ichki nutq ayrim og'zaki nutq aktlaridan, xususan ixtiyoriylik darajasi ancha yuqori bo'lgan og'zaki nutqdan yuksakroq sodir bo'lishi mumkin.
Yozma nutq monologik nutqning turlaridan biri bo'lib, yozma nutq monologik nutqqa nisbatan batafsilroqdir. Yozma nutq tufayli kishilar to'plagan tajribani avloddan avlodga eng yaxshi tarzda yetkazish imkoniyati bor. Yozma nutq piktografiyadan (biror narsa yo hodisa ifodalangan ramziy surat) minglab so'zlar bir necha o'nlab harflar yordamida ifoda etilayotgan hozirgi zamon yozuviga qadar rivojlandi. Ko'pincha bir narsani yozib qo'yish — uni anglab olish va eslab qolish demakdir.
Nutq o'zining fiziologik negiziga ko'ra, eshitish va harakat analizatorlari faoliyatini bajaradi. Miya qobig'ida tashqi olam tomonidan bo'ladigan turli xil qo'zg'atuvchilar bilan so'zlarning talaffuz qilinishini boshqarib turadigan tovush paychalari, xiqildoq, til va boshqa a'zolar harakati o'rtasidagi muvaqqat bog'lanishlar o'rnatiladi. Nutq ikkinchi signallar tizimi negizida amal qiladi. So'z, LP. Pavlov fikricha, «signallar signali»dir. Nutqni dasturlashtirish — nutqiy ifodaning, ya'ni kishi bildirmoqchi bo'lgan fikming ma'naviy o'zagini tuzish — birinchi bosqich hisoblanadi. Ikkinchi bosqich — jumlaning sintaktik tarkibini tuzishdan iborat. Nihoyat, jumla ovoz chiqarib aytiladi, ya'ni nutq real tarzda ro'yobga chiqadi. Shunday qilib, «gapirish» jarayoni boshlanadi. Bu jarayon davomida kommunikator uzatilishi lozim boigan axborotni kodlashtiradi. Retsipiyent tinglash jarayonida olingan axborotning kodini ochadi. Bu kommunikator aytmoqchi bo'lgan so'zning anglab yetilishini ta'minlaydi.
XIX asrning o'rtalaridayoq olimlar miyaning ba'zi bir qismlari ishidagi buzilish nutqning buzilishiga olib kelishini kashf etgan edilar. Jumladan, P.Broka bemorlarda chap yarimsharning pastki peshona qismidagi burmalari orqa tomonining uchdan bir ulushi shikastlangan holda so'zlarni talaffuz etishda buzilish ro'y berishini aniqladi. Keyinroq K. Vernike chap yarimsharning ustki chakka qismidagi burmalari orqa tomonining uchdan bir ulushi shikastlanganda so'zlarni tushunishning buzilishi hollarini tavsif qilgan edi. Miya to'qimalarining ushbu qismlari harakatlantiruvchi nutq («Broka markazi») va nutqni tushunish («Vernike markazi») «markazlari» deb yuritila boshladi. Lekin keyinchalik, asosan psixofiziologlar (A.R. Luriya, N.A. Bernshteyn, P.K. Anoxin va boshqalar) ning ilmiy ishlari tufayli nutqning fiziologik negizi miyaning alohida qismlari («Nutq markazlari») faoliyatidan ko'ra ko'proq yaxlit holdagi miya faoliyatining murakkab tarzda tashkil topishidan iborat ekanligi aniq-ravshan bo'ldi. Shunday qilib, nutq funksiyalarining jo'shqin, ya'ni anatomik tarzda emas, balki harakatchan tarzda cheklanishi to'g'risidagi tasavvur tarkib topdi. Bu — markaziy asab tizimining keng ravishda kompensatsiyalab (o'rnini to'ldirib) turish imkoniyatlaridan foydalanishi munosabati bilan nutqning buzilishini to'g'rilashida juda katta ahamiyat kasb etadi.
Noverbal (nutqsiz) kommunikatsiya vositalariga yuz ifodasi, mimika, ohang, pauza, poza (holat), ko'z yosh, kulgu va boshqalar kiradi. Bu vositalar verbal kommunikatsiya — so'zni to'ldiradi, kuchaytiradi va ba'zan uning o'rnini bosadi. Bolgarlarda boshni qimirlatish «yo'q» degan ma'noni anglatsa, ruslarda uning aksini anglatadi. Turli yosh guruhlarida noverbal kommunikatsiya vositasi turlicha bo'ladi. Masalan, bolalar ko'pincha kattalarga ta'sir etish, ularga o'z xohish va kayfiyatlarini o'tkazishda yig'idan vosita sifatida foydalanadilar. Axborotni so'z bilan bayon etishning mazmuni va maqsadiga noverbal kommunikatsiya vositalarining mos kelishi muomala madaniyatining bir turidir.
O'rtog'ining boshiga tushgan kulfatdan xabar topib, unga hamdardlik bildirayotgan suhbatdoshi nutqsiz kommunikatsiya belgilarini ishlatadi: yuzlarini g'amgin tutadi, past ohangda, qo'llarini yuziga yo peshonasiga qo'ygan va boshini chayqagan holda chuqur xo'rsinib gapiradi va h.k.
Nutqsiz kommunikatsiyani amalga oshirish uchun turli xil yosh guruhlarida turlicha vositalar tanlanadi. Nutqsiz kommunikatsiyada qo'llanayotgan vositalarning axborotni so'z bilan yetkazish maqsadlariga va mazmuniga muvofiqligi munosabat madaniyatining tarkibiy qismlaridan hisoblanadi. Bunday muvofiqlik ham og'zaki, ham nutqsiz kommunikatsiya vositalari kasb faoliyatining quroli hisoblangan pedagog uchun juda muhimdir.
Noverbal muloqot tizimlari kommunikatsiya jarayonida muhim rol o'ynaydi. Ayrim ma'lumotlarga qaraganda 80% axborot imo-ishoralar, mimika va pantomimika yordamida ifodalanadi. Noverbal belgilar nutqni to'ldiradi, ba'zida uning o'rnini bosadi, kommunikativ jarayon ishtirokchilarining emotsional holatini aks ettiradi. Shuning uchun muloqot davomida noverbal signallarni kuzatish va ularning mazmunini tushunish juda muhimdir.
Noverbal muloqotda quyidagi belgilar tizimlaridan keng foydalaniladi:
1. Kinetik belgilar tizimi imo-ishoralar, mimika va pantomimikadan iborat. Masalan, rost so'zlayotgan kishi ochiq kaftlarini ko'rsatishdan qo'rqmaydi. Aksincha, yolg'onchi ularni berkitishga harakat qiladi. Suhbatdoshdan o'zini yuqori tutish belgilaridan biri — butun kaft cho'ntakda bo'lib, bosh barmoqning tashqariga chiqarib qo'yilganligidir. Shubhalanuvchanlikni odatda og'izni qo'l bilan himoyalash, burunga tegib qo'yish, qovoqlarni silab qo'yish, quloq ortini yoki bo'yinni qashlab qo'yish bildirib qo'yadi. Dahanni silab-silab qo'yish qaror qabul qilishga qiynalishni ko'rsatadi. Asabiylik holati kishining biror narsaga — bilak uzugi, soati va shu kabilarga hech qanday maqsadsiz qayta-qayta tegib turishi ostiga yashirinadi. Stulning ustiga «minib», oyoqlarni keng yozib o'tirishdan odamdagi dominantlikka (ustunlikka, hukmronlikka) moyillikni sezish mumkin. Oldinga chiqarilgan oyoq, ayniqsa, uning uchi bilan yer depsinayotgan bo'lsa, dominantlik yaqqol namoyon bo'ladi. Bosh orqasida chalishtirilgan qo'llar, ayollarda belga tiralgan mushtlar ham dominantlikka intilish munosabatidan darak beradi. Kiyimdagi yo'q changlarni qoquvchilar bunday harakati bilan suhbatdosh fikriga e'tiborsizligini yoki qo'shilmasligini ko'rsatadi. Qo'llarini boshining orqasiga o'tkazib, oyoqlarini chalishtirib o'tirgan kishi vaziyat to'la uning nazorati ostida, deb hisoblaydi. O'tirganda qo'llarni tizzaga qo'yish harakatga darhol tayyorlikni bildiradi. Suhbatni tugatmoqchi bo'lgan kishi qo'llarini tizzasiga qo'yib, qaddini biroz oldinga egadi. Odam gapira turib oyoqdan oyoqqa ko'chaversa, tezroq ketishga harakat qilayotganligini, suhbat unga yoqmayotganligini yoki shoshayotganligini taxmin qilish mumkin. Ko'krak qafasini berkitish himoyalanish alomatidir. Bunda qo'llar ko'krak qafasiga chalishtirilgan, qaddi-qomat egilgan bo'lishi mumkin. Agar kishi dahanini kafti bilan tirab o'tirgan bo'lsa, bu ko'pincha diqqat bilan tinglayotganligi va o'ylanib qolganligini bildiradi.

  1. Proksemik belgilar tizimi kommunikativ jarayon ishtirok­chilarining fazodagi joylashuvidan iborat. Muloqot davomida kishilar o'rtasidagi munosabat to'rt xil hududdan birida amalga oshadi. Jumladan, intim hudud (oralig'i 15—45 sm) ga eng yaqin va tanish odamlargina kiritiladi. Uning asosiy belgilari: ishonch muhiti, past ovoz, taktil aloqa. Intim hududga begonalarning kirishi organizmda muayyan fiziologik o'zgarishlarni keltirib chiqaradi (yurak urishi tezlashadi, adrenalin ajralishi ko'payadi). Shaxsiy hudud (45—120 sm) da tanishlar hamkasblar muloqoti amalga oshadi. Uning asosiy belgilari: vizual kontaktning uzoqroq davom etishi, verbal muloqotning noverbal muloqotdan ustun bo'lishi. Ijtimoiy hudud (120 -400 sm) da begona kishilar muloqoti amalga oshadi. Uning asosiy belgilari: muloqotning rasmiy xarakterga ega bo'lishi, suhbatdoshlar bir-birini yaxshi tanimasligi. Ommaviy hudud (400 sm va undan ortiqroq) da kishilarning katta guruhi bilan muloqot qilinadi. Uning asosiy belgilari: bevosita kontaktning yo'qligi, noverbal signallar rolining ortishi.

  2. Vizual kontakt ko'zlar orqali amalga oshiriladigan aloqadan iborat. Psixologik tajribalardan ma'lum bo'lishicha, suhbatdoshlar bir-birining ko'zlariga tikilishi bilan o'zidagi yoqtirish, sadoqat yoki aksincha, (agressiv) tajovuzkor reaksiyalarga tayyorlikni ifodalaydi. Yoqimsiz mavzudagi suhbat davomida kishilar ko'zlar to'qnashuvidan o'zlarini saqlaydilar. Ayollar erkaklarga nisbatan vizual kontaktga ko'proq moyildirlar. Odamning emotsional holati ta'sirida ko'z qorachig'i kengligi o'zgaradi. Salbiy emotsiyalar ta'sirida qorachiq torayadi, ijobiy emotsiyalar ta'sirida esa kengayadi.

Mutaxassislar maslahatiga ko'ra, ijobiy va ishonchli munosabat o'rnatish uchun suhbatdoshlar vizual kontakti butun muloqot vaqtining 60—70%ini egallashi kerak. Odam samimiy bo'lmasa yoki uyalayotgan bo'lsa vizual aloqa butun muloqot vaqtining 1/3 qismini egallaydi. Agar vizual kontakt butun muloqot vaqtining 2/3 qismini egallasa, bu holat odamga nisbatan qiziqish kuchlihgini (bunda ko'z qorachig'i kengayadi) yoki salbiy munosabat kuchliligini ko'rsatadi (bunda ko'z qorachig'i torayadi). Ammo vizual aloqada milliy xususiyatlarni inobatga olish kerak. Janubiy Yevropa xalqlarida suhbatdosh ko'zlariga uzoqroq tikilish odatiy holat. Ba'zilarga bu haqorot bo'lib tuyulishi mumkin. Yaponlar yuzga nisbatan bo'yinga ko'proq qaraydilar. Vizual kontakt 10 soniyadan ortmasligi kerak. Vizual aloqaning optimal varianti suhbatdoshlarning yuzma-yuz emas, ma'lum burchak ostida (90 gradus) bir-biriga yuzlanishidan iborat. Bunday joylashish tikilib turishga majbur qilmaydi va harakatlarning erkin bo'lishini ta'minlaydi. Demak, noverbal muloqotda bir qancha belgilar tizimlaridan foydalaniladi. Ulardan foydalanish ko'pincha ongsiz ravishda amalga oshadi.
Kishi ehtiyojlari azaldan agar u boshqa odamlar bilan birgalikda harakat qilgan holda o'zaro munosabatga kirishgan taqdirdagina qondirilishi mumkin bo'lib kelgan. Bu hoi subyektda uning uchun nima muhim va ahamiyatli ekanligini aytish ehtiyojini keltirib chiqaradi. Muayyan yoshda bola aniq-ravshan nutqni egallay boshlaydi, bir yoshning oxiriga yetganda buning dastlabki belgilari paydo bo'ladi. Murakkab talaffuzni talab qilmaydigan va oson aytiladigan «o — pa», «bu — vi» kabi ohangdosh so'zlar jumlasidandir. Katta yoshdagilar bu hamohanglikni konkret shaxslarga — ona — ota — buviga bogiaydilar va bolaga ana shu ohangdosh so'zlarning uning yaqin atrofidagi konkret shaxslar bilan bog'lanishi qaror topishiga («bu sening buving») yordamlashadilar. Bola so'zni talaffuz qilarkan, istaganiga erishishga — e'tiborga, erkalatilishga, o'yinchoq kabilarga erishishga intiladi. So'z aloqa vositasiga aylanadi. Qo'llanadigan so'zlar soni to'xtovsiz orta boradi va 2 yoshda bolalarning so'z boyligi kengayib, ularning grammatik shakllarini to'g'ri ishlatishi ham mumkin bo'lib qoladi. Jumlalar murakkablashib va uzunroq qilib tuzila boshlaydi. Bolaning tili maktab yoshigacha bo'lgan yillar davomida muttasil boyib boradi.
Maktabda o'qish, yozish, keyinroq esa til va adabiyot darslarida bolalarda muloqot vositasi sifatida tilga va munosabat jarayoni sifatida nutqqa ongli munosabat shakllantiriladi. Til o'qituvchi tomonidan maxsus uyushtirilgan tahlil predmetiga aylangan holda o'quvchilar oldida ijtimoiy jihatdan shakllangan qonunlar ta'siriga bo'ysunadigan murakkab belgilar tizimi sifatida namoyon bo'ladi.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda va o'quvchilarda nutqiy munosabatga kirishish malakasini hosil qilishda pedagogikaning roli katta. Bu o'rinda ham o'qituvchining erkin hamda aniq-ravshan nutqi o'quvchilar nutqi va tafakkurini rivojlantirishning birinchi darajali muhim shartlaridan hisoblanadi. Yuksak nutq madaniyati — o'qituvchi tomonidan vaqtdan oqilona foydalanishning muhim shartidir. Demak, nutq faoliyati turli davrlarda o'ziga xos tazrda shakllanib, takomillashib boradi.
Muloqot maqsadlari kishilarning birgalikdagi faoliyat ehtiyojlarini aks ettiradi. Bu hoi quruq safsatabozlikning, ya'ni fatik muloqotning, kommunikatsiya vositalarining birgina muloqot jarayonining o'zini hosil qilishdan iborat yagona maqsad yo'lida tuturuqsizlik bilan foydala-nilishini istisno etmaydi.
Kishilar muloqotga kirishar ekan, savol berish, buyruq, iltimos qilish, biror narsani tushuntirish bilan birga o'z oldiga boshqalarga ta'sir etish, shu narsani ularga tushuntirish maqsadini qo'yadi. Muloqotning maqsadi kishilarning birgalikdagi faoliyatga ehtiyojini aks ettiradi. Bunda muloqot shaxslararo o'zaro ta'sir sifatida namoyon bo'ladi, ya'ni kishilarning birgalikdagi faoliyati jarayonida paydo bo'luvchi aloqa va o'zaro ta'sirlar yig'indisidir. Birgalikdagi faoliyat va muloqot ijtimoiy nazorat sharoitida ro'y beradi. Jamiyat ijtimoiy me'yorlar sifatida maxsus xulq-atvor namunalari tuzilishini ishlab chiqqan. Ijtimoiy norma (me'yor)lar ko'lami nihoyatda keng — mehnat intizomi, harbiy burch, vatanparvarlik, xushmuomalalik qoidalari ana shular jumlasidandir. Ijtimoiy nazorat muloqotga kirishuvchilar bajaradigan rolning «repertuar»iga mos holda namoyon bo'ladi.
Psixologiyada «rol» deganda ijtimoiy (sotsial) mavqeni egallab turuvchi har bir kishidan atrofdagilar kutadigan, normativ tomonidan ma'qullangan xulq-atvor namunasi tushuniladi. (Yosh, mansab, jins va oiladagi, o'qituvchi va o'quvchi, shifokor va bemor, katta kishi yoki bola, boshliq yoki xodim, ona yoki buvi, erkak yoki ayol, mehmon yoki mezbon rolida namoyon bo'lishi mumkin.) O'z navbatida har bir rol o'ziga mos talablarga javob berishi kerak.
Bir kishi turli muloqot vazifalarida turli rollarni bajarishi mumkin. Masalan, xizmat joyida direktor, kasal bo'lsa vrach ko'rsatmalariga itoat etuvchi bemor, oilada keksa ota-onasining qobil farzandi, mehmondo'st oila boshlig'i bo'ladi. Turli rollarni bajaruvchi kishilarning o'zaro munosabati rolli kutishlar bilan boshqariladi. Xohlaydimi yoki yo'qmi atrofdagilar undan ma'lum namunaga mos keluvchi xulq-atvorni kutadilar. Agar rol yaxshi bajarilmasa ijtimoiy nazorat tomonidan baholanadi, ozmi-ko'pmi cheklashlar qilinadi.
Turli xil rollarni bajarayotgan kishilarning o'zaro birgalikdagi harakati rollar ehtimoli bilan boshqariladi. Rolning qanday bajarilishi sotsial nazorat ostida bo'ladi, ijtimoiy jihatdan baholanadi, namunadan chetga chiqish esa qoralanadi. Jumladan, ota-onalar mehribon, xushmuomala, bolaning aybiga nisbatan shafqatliroq bo'lishlari kerak. Bu rollar ehtimoliga mos bo'lib tushadi va ijtimoiy jihatdan ma'qullanadi. Ammo atrofdagilarga ota-onaning mehribonligi haddan oshib ketayotgani sezilib turadi va qoralanadi. Vaqti kelganda ota-ona bolaga nisbatan qattiqqo'l, talabchan bo'lishi lozim. Shunday qilib, o'zaro birgalikda harakat qilayotgan kishilar xulq-atvorining bir-birlaridan kutgan taxminlariga mosligi muloqot jarayonida muvaffaqiyatga erishishning zarur sharti hisoblanadi.
Pedagog kommunikativ madaniyatga erishish uchun quyidagilarga ahamiyat berishi lozim:

  • bolani sabr-toqat bilan tinglash madaniyati;

  • unga qiziqarli bo'lmasa ham bolani diqqat bilan tinglash;

—bola zerikayotganligini sezib, mavzuni boshqa qiziqarli tomonga burib yuborish;
—suhbatlashishdan avval bolaning kayfryatini ko'tarishga harakat qilish;
—bozor iqtisodiyotiga mos keladigan muloqot madaniyatini o'zlashtirishni ta'minlash.
O'qituvchi o'zi uchun boshqalar bilan bo'ladigan muloqotning yaxlit portretini tuzib olishi kerak. Bu auditoriya bilan bo'ladigan munosabatlarni tashkil qilishiga yordam beradi. Pedagogik muloqot — o'quv jarayonining muhim qismi hisoblanadi.



Yüklə 236,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin