Oilaning iqtisodiy funksiyasi nimadan iborat? Oilaning iqtisodiy funktsiyasi uning asosiy funktsiyalaridan biri hisoblanadi. Oila iqtisodiy, byudjeti, daromadini rejali sarflash, kundalik xarajatga, zarur buyumlarga pul ajratish, bir necha yildan so’ng olinadigan narsalarga mablag’ yig’ish, tejamli ro’zgor yuritish er-xotinning katta tajriba, malakaga ega bo’lishiga bog’liq. Shuningdek, oilada o’sayotgan farzand xam mana shu malaka va ko’nikmalarga ega bo’lib borishi zarurligini unutmagan holda o’g’il-qizga iqtisodiy masalalarni hal etishni o’rgata borish lozim. Keyingi yillarda ro’zgorda yuzaga kelayotgan iqtisodiy muammolar oiladagi shaxslararo munosabatlarga salbiy ta’sir etishi bilan birgalikda farzandlar bilim saviyasining pasayishiga xam olib kelmoqda. Bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida moddiy qiyinchiliklar tufayli hosil bo’ladigan muammolarni bartaraf etishda odamlarga psixologik yordam ko’rsatish lozim.
Oila o’zining shu funktsiyasi tufayli jamiyatga, davlatga katta iqtisodiy foyda keltiradi. Masalan, bola tarbiyasi, bolani iqtisodiy ta’minlash borasidayoq uning jamiyatga keltirgan foydasi katta miqdorini tashkil etadi. Buni davlat tomonidan, davlat muassasalarida (bolalar uylarida) bir bolani 16-18 yil tarbiyalab, ishchi kuchi sifatida yetishtirish uchun (uni boqish, kiyintirish, o’qitish, moddiy ta’minlash va h.k ) davlat tomonidan har bir bolaga sarflanadigan mablag’ va aynan shunday ishchi kuchini oilada tarbiyalash uchun beriladigan nafaqa pullari miqdorini solishtiradigan bo’lsak, o’rtadagi farq birinchilar foydasiga bir necha yuz ming so’mni tashkil qiladi.
Tasavvur qilishga osonroq bo’lishi uchun aytish mumkinki, har bir bolani voyaga yetkazish uchun oila davlatga kamida bitta “Neksiya” avtomashinasi qiymati miqdorida iqtisodiy foyda keltiradi. Bu boradagi, ya’ni har tomonlama kamol topgan ma’naviy-ahloqiy yetuk, jismoniy-psixologik sog’lom shaxsni shakllantirishning ma’naviy-ahloqiy qimmatini esa xech qanday iqtisodiy mezon bilan o’lchab bo’lmaydi.
Bu oilani iqtisodiy funktsiyasini atiga birgina shaxsni shakllantirishdagi foydasini ko’rsatish xolos. Oilada xo’jalik yumushlarini yuritish, ro’zgorning yo`lga qo`yilishi, oilada moddiy ne’matlar ishlab chiqarish, fermer xo`jaligi, shaxsiy ishlab chiqarish kabilar uning jamiyat oldidagi iqtisodiy funksiyasi va ahamiyatini tobora orttiraveradi.