1-mavzu. Oila tizim sifatida. Reja: Oila tushunchasi va uning turlari.
Oila turlari va uning funksiyalari.
Oila munosabatlari, oilani inqirozga olib keluvchi yoki uni mustahkamlovchi omillar
Tayanch iboralar:Oila, nikoh, er-xotin, farzandlar, monogam oila, avtoritar tip.
Oila tushunchasi va uning turlari Oilabu qon-qarindoshlik, qarindoshchilik (nikoh orqali) yoki birga istiqomat qilish orqali bogʻlangan odamlardan iborat ijtimoiy guruhdir. Koʻp jamiyatlarda oila bolalar sotsializatsiyasi uchun asosiy institut vazifasini oʻtaydi. Antropologlar oilalarni matrilokal (ona va uning bolalari), er-xotin (bolalari boʻlsa, nuklear oila deyiladi) va qon-qarindosh (qaynota-qaynona bilan birga yashovchi) tiplarga ajratishadi.
Oila— nikoh yoki tugʻishganlikka asoslangan kichik guruh. Uning aʼzolari roʻzgʻorining birligi, oʻzaro yordami va maʼnaviy masʼuliyati bilan bir-biriga bog’langan. Oilaning eng muhim ijtimoiy vazifalari — inson zotini davom ettirishdan, bolalarni tarbiyalashdan, oila aʼzolarining turmush sharoitini va boʻsh vaqtini samarali uyushtirishdan iboratdir. Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa sanalsada, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy munosabatlar bilan belgilanadi va ular taʼsirida oʻzgarib boradi. Shunga muvofiq, har bir jamiyat oʻzgarib mos oila tipini, oilaviy munosabatlarni oʻrnatadi.
“Jamiyat” va “oila” tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bu bog‘liqlik jamiyatning oilalarsiz mavjud bo‘lmasligi hamda o‘z navbatida oilaning ma’lum bir jamiyat tarkibida vujudga kelishi va yashovchanligida ko‘rinadi. Oila hamda jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar ikki tomonlama aloqadorlik xususiyatiga ega. Har bir oila umumjamiyat talablari asosida faoliyat yuritadi. Jamiyat taraqqiyotining rivoji esa uning bag‘rida mavjud bo‘lgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy qiyofasining shakllanganlik darajasiga bevosita bog‘liqdir. Chunonchi, ijtimoiy borliqning oilalar zimmasiga qo‘yadigan talablari ularning manfaatlariga zid bo‘lmasa, aksincha, oilalar farovonligi, tinchligini ta’minlashga yordam bersa, oilalar tomonidan ijtimoiy talablarning qo‘llab-quvvatlanishi, ularning amaldagi ijrosini ta’minlash ko‘rsatkichi shuncha yuqori bo‘ladi.
Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bo‘lib, bu muhitda shaxs kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, harakter va dunyoqarash shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko‘radi, jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi.
Oilani turlarga bo’lganda, turli olimlar turlicha yondashadilar. Masalan, Sank-Peterburglik olim S.I. Golod (1998) faqat er va xotin hamda ularning farzandlaridan iborat oilalarni tasavvur etgan holda ularning oila davrasidagi ijtimoiy nufuzlari va rollari nuqtai nazaridan oilani toifalarga bo’lib o’rganishni taklif etadi. Xususan, u monogam oiladagi munosabatlarni oilaviy tabaqalar nuqtai nazaridan farqlashni taklif etgan. Undan tashqari, Golod o’z kitobida oxirgi yillarda Rossiyada keng tarqab borayotgan o’ziga xos tabaqali oilalarga ham ilmiy jamoatchilikning diqqatini qaratadi.