Gruppaviy yoki guruhiy oila – bir necha opa-singillarning boshqa bir toifa erkaklar guruhi bilan nikohga kirishini taqozo etgan. Bunday ayollar yo o’z qavmidan bo’lgan erkakka yoki tamoman boshqa begona urug’ning vakili bo’lmish erkakka turmushga chiqishi mumkin bo’lgan. Lekin avlodning kelib chiqishi onalik urug’iga bog’langan, otalikni belgilash holatlari inobatga olinmagan.
S. Golodning yozishicha (1998 y.), onadan tarqalgan avlodlar XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ham ko’pgina xalqlarda saqlanib kelgan.
Juftlik oila – alohida, bir-biriga unchalik yaqin bo’lmagan yoki mutloq begona ikki kishi o’rtasidagi nikohni nazarda tutgan bo’lib, ular o’rtasidagi munosabatlar har doim ham mustahkam bo’lmagan va tomonlarning xohish-irodasiga ko’ra u istalgan vaqtda barbod bo’lishi ham mumkin edi. Hozirda mavjud bo’lgan oilalarda shaklan shu model saqlab qolingan.
Patriarxal oila – bir erkak kishining bir yoki bir nechta ayol o’rtasidagi nikohiga asoslangan bo’lib, bunda erkakning huquqlari xotinnikidan ko’proq bo’lgan, nikohning bu shakli ayni xususiy mulkchilik rivojlangan davrlarda keng tarqalgan. Tabiiyki bunday oilada erkak huquqlari ustuvor bo’lib, uning har qanday oila masalalarini yechish va qarorlar qabul qilishdagi mavqei yuqori hisoblangan. Shu sababli avlodlarning kelib chiqishi, urug’ning tarqalishi kabi masalalar erkakning avlodlari shajarasidan boshlangan, mulkka egalik va unga vorislik ham erkaklar tabaqasi orqali yuritilgan.
Monogam oila – bir erkak va bir ayol juftligi o’rtasidagi nikoh munosabatlarini nazarda tutadi. Ularning er-xotinlik munosabatlari ham umrbod hisoblangan (qadimgi grek so’zlaridan olingan: “monos” – bir, yagona, tanho; “gamos” – nikoh ma’nosini bildiradi). Oilaning bunday shakli taxminan uch ming yillar avval paydo bo’lgan. O’z mohiyatiga ko’ra bu – patriarxal oilaning bir ko’rinishi hisoblanib, yaqin yillardan buyon oilaning bu shakli ayollar va ayollarning teng huquqliligi, bolalar tarbiyasidagi muayyan erkinlik, ona va bolaning oila hayotidagi nufuzi ortishi shaklida rivojlanib kelmoqda.