BO‘LISHSIZLIK OLMOSHLARI So‘roq olmoshlari va bir, narsa nima so‘zlari oldidan hech so‘zining qo‘llanishi natijasida bo‘lishsizlik olmoshlari hosil bo‘ladi. Hech kim, hech nima, hech qachon, hech qanday, hech qancha, hech narsa so‘zlari bo‘lishsizlik olmoshlari sanaladi va ular yozuvda ajratib yoziladi. Bu olmoshlar ishtirok etgan gaplarning kesimi inkor shaklida bo‘ladi.
OLMOSH O‘RNIDA QO‘LLANILADIGAN SO‘ZLAR Eski o‘zbek tilida kamtarlik ifodasi sifatida men o‘rnida ko‘pincha kamina, kaminayi kamtaringiz, faqir, qulingiz, bandayi ojizingiz singari so‘z va birikmalar qo‘llanilgan. Hozirgi o‘zbek tilida ham xuddi shu ma’noda ba’zan men o‘rnida kamina so‘zi ishlatiladi. Men olmoshi o‘rnida yuqoridagi so‘zlar qo‘llanilganda, kesim mazmunan birinchi shaxsni bildirsa ham, lekin III shaxs shaklida, ba’zan esa I shaxs shaklida (asosan, eski o‘zbek tilida) bo‘lishi mumkin. Olmoshlar tuzilishiga ko‘ra sodda, qo‘shma, juft va takroriy bo‘ladi.
SODDA VA QO‘SHMA OLMOSHLAR. ULARNING IMLOSI Faqat bir asosdan iborat bolgan olmoshlar sodda, ikki asosdan tashkil topgan olmoshlar qo‘shma olmoshlar hisoblanadi. Kim?, nima?, hamma, barcha singari tub olmoshlar, kimdir, qaysidir, allakim, allaqanday singari yasama olmoshlar sodda olmoshlardir. Hech kim, hech qachon, har bir, har kim, mana shu, ana o‘sha kabi olmoshlar qo‘sh ma olmoshlardir. Yasama sodda olmosh qismlari qo‘shib, qo‘shma olmosh qismlari esa ajratib yoziladi.
JUFT VA TAKRORIY OLMOSHLAR. ULARNING IMLOSI Bir-biriga mazmunan yaqin bo‘lgan olmoshlarning birikuvidan hosil bo‘lgan olmoshlar juft olmoshlar sanaladi. Bir olmoshning aynan yoki ayrim tovush o‘zgarishi bilan (masalan, uncha-muncha) takrorlanishidan hosil bo‘lgan olmoshlar takroriy olmoshlar hisoblanadi. Juft va takroriy olmoshlar qismlari chiziqcha bilan yoziladi. Olmoshlar boshqa so‘zlarning yasalishiga asos bo‘lishi mumkin. O‘zboshimcha, o‘zbilarmon, manman kabilar sifat, о’zidan ketmoq, о’ziga kelmoq iboralar sanaladi.