OLMOSHLARNING MA’NO XUSUSIYATLARI Beruniy Xorazmning qadimgi poytaxti Kot (Kat) shahrida tug‘ilgan. Uning ismi Muhammad, otasining ismi esa Ahmaddir. Bu gapda Beruniy atoqli oti o‘rnida uning so‘zi almashib, atoqli ot ifodalagan ma’noni anglatadi. Yoki: “Yaxshilik qo‘lingdan kelmasa, yomonlik qilma. Bu hech qachon yodingdan chiqmasin”. Mazkur gapda esa bu so‘zi oldingi butun gap o‘rnida almashib kelyapti. Barcha mustaqil so‘z turkumlari va hatto yordamchi so‘zlar hamda gap o‘rnida almashinib kelgan so‘zlarga olmosh deyiladi. Olmoshlar ot, sifat, son, ravish, fe’l o‘rnida va ba’zan yordamchi so‘z, gap o‘rnida almashinib keladi. Masalan, Gul ochildi. Uning ochilishi kishilarga rohat bag‘ishladi. Gullarning kо’pi pushti rangda. Ana shu rang menga juda yoqadi. Karim gullarni uza boshladi. Bu esa bog‘bonning jahlini chiqardi. Va bog‘lovchisi o‘zaro teng ma’noli gaplarni bog‘laydi. Bu teng bog‘lovchilar sirasiga kiradi. Bu gaplarning birinchisida gul (ot) o‘rnida u, ikkinchisida pushti (sifat) o‘rnida ana shu, uchinchi gapda uza boshladi (fe’l) o‘rnida bu so‘zlari, to‘rtinchi gapda va bog‘lovchi o‘rnida bu olmoshi almashinib kelyapti. Olmoshlar bevosita atash ma’nosiga ega bo‘lmaganligi uchun “ichi bo‘sh so‘zlar” deb ham yuritiladi.
OLMOSHLARNING TUZILISH TURLARI
1. Sodda olmoshlar barcha olmoshlar guruhida mavjud: men, shu, o‘z, kim, hamma, hech, birov. 2. Qo‘shma olmoshlar faqat ko‘rsatish, belgilash, bo‘lishsizlik olmoshlari guruhida mavjud: ana shu, har kim, hech nima. 3. Juft olmoshlarfaqat kishilik, ko‘rsatish olmoshlari guruhida bor: sizu biz, u-bu. 4. Takroriy olmoshlar ko‘rsatish, o‘zlik, so‘roq, belgilash olmoshlariga tegishlidir: shu-shu, o‘z-o‘zini, kim-kim, barcha-barchasi.
Nazorat uchun savollar:
1. Olmosh deb qanday so‘zlarga aytiladi?
2. Olmoshlarning grammatik xususiyatlarini sanab ko‘rsating.
3. Kishilik olmoshlari va ularning xususiyatlari haqida gapiring.
4. O‘zlik olmoshi va uning xususiyatlari haqida gapiring.
5. Ko‘rsatish olmoshlari va ularning ususiyatlari haqida gapiring.
6. So‘roq olmoshlari va ularning xususiyatlari haqida gapiring.