Boychechak marosimi – turkiy xalqlarda ko‘klam kelishi bilan bahorning ilk guli – boychechak chiqqanligi munosabati bilan o‘tkaziladi. Bahor bilan bog‘liq «Lola», «Gul» kabi ko‘plab sayillarning ibtidosida «Boychechak» marosimi turadi. Boychechak sayli qish qahratonidan omon chiqqan xalqning shukronalik bayrami hamdir. Qadimda bu marosim qish va ko‘klamning kurashini ifodalagan. Bunday marosim va bayramlar tog‘ bag‘rida, qir-adirlarda, bog‘larda o‘tkazilgan. Marosim yerli xalq hayotida muhim sanalgan va unga maxsus tayyorgarlik ko‘rilgan. Boychechak sayli dastlab kattalar va bolalar ishtirokida o‘tkazilgan. Hozirgi kunda faqat bolalar tomonidan nishonlanadi. Bolalar guruh-guruh bo‘lib qishloq yaqinidagi qir-adirlardan boychechak terib kelishadi. Bunda guruhlar o‘rtasida raqobat ham kechishi mumkin. Qaysi guruh qishloqqa birinchi bo‘lib boychechak keltirsa eng ko‘p sovg‘a-salomlar ularga beriladi.
Darvishona - Bahor faslida o‘tkaziladigan marosimlar ichida chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi, dasht joylarda o‘troq yashaydigan aholi tomonidan o‘tkaziladigan Darvishona marosimi alohida o‘rin tutadi. Bu marosim o‘tkaziladigan kun yerli aholining oqsoqollari tomonidan belgilanadi va erta tongdan boshlab qishloq atrofidagi ma'lum joyga erkaklar yig‘ilishadi. Bu yerda kun davomida amalga oshiriladigan obodonchilik va tozalash ishlari taqsimlanadi. Asosan, qabriston, suv keladigan ariqlar, quduqlar, zovurlar, yo‘llar va boshqa aholi umumiy ravishda foydalanadigan ob'ektlarda tozalash va obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Qishloq yig‘iladigan ma'lum joy yoki ochiq havoda qishloq aholisidan yig‘ilgan pulga sotib olingan mol (yoki qo‘y)lar so‘yilib, taomlar tayyorlanadi. Ishlar yakunlangandan keyin bu ishlarda ishtirok etgan barcha aholi yana to‘planib, taom tortilishidan oldin yil davomida qilinadigan ishlarni kelishib olishadi.
Yomg‘ir chaqirish – qurg‘oqchilik munosabati bilan bahor faslida o‘tkaziladigan marosim hisoblanadi. Asosan lalmi (faqat qor va yomg‘ir suvlari bilan sug‘oriladigan) yerlarda dehqonchilik qiluvchi aholi tomonidan o‘tkaziladi. Marosim turli viloyatlarda turlicha “So‘z xotin”, “Sut xotin”, “Suv xotin”, “Sust xotin” nomlari bilan yuritiladi. “Sust xotin” marosimi O‘zbekistonning Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan viloyatlaridagi ayrim qishloqlarda ayollar, Sho‘rchi, Koson tumanlarida va o‘zbek laqaylarida erkaklar ishtirokida o‘tkazilgan. Bunda belgilangan vaqtda o‘n-o‘n besh nafar ayollar maxsus yasalgan qo‘g‘irchoqqa keksa ayolning kiyimini kiydirishgan. Uni bir ayol ko‘tarib olgan va qolganlar uning orqasidan ergashib, qishloqdagi uylarga birma-bir kirib chiqishgan. Xonadon egasi esa mamnuyat bilan ularga atagan narsalarini hadya etishgan. Marosim so‘ngida ramziy qo‘g‘irchoq qishloq ahli tomonidan yaqin oradagi suv havzasiga oqizib yuborilgan.
Kelin salom-Nikoh to‘yidan keyingi katta marosimlardan biri “kelin salom” udumidir. Marosimdan maqsad kelinni kuyov tomonning qarindoshlari bilan tanishtirish. Marosim turli hududlarda turlicha o‘tkaziladi.
Muchal to‘yi – inson hayotida (aslida) har o‘n ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan marosim bo‘lgan. Muchal yoshlari (o‘n ikki yillik sikl tugab, u yana takrorlana boshlanish davri) qadimdan Navro‘z bayrami kunlari nishonlanib kelingan. Ayniqsa birinchi muchal almashish – o‘n ikki yoshdan o‘n uch yoshga o‘tish (boshqa muchal yoshlariga qaraganda) katta tantana bilan nishonlangan. Qadimda muchal yoshini nishonlayotgan inson o‘zining kiyimlarini yaqin qarindosh-urug‘lari yoki qo‘ni-qo‘shnilarga hadya qilgan. Bu odat muchal davriyligini saqlashga xizmat qiladi deb ishonishgan.