Maktabgacha ta’lim pedagogikasi – maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni tarbiyalash, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy va jismoniy jihatdan kamolotga yetkazish masalalarini o‘rganadi.
Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi – boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tarbiyalash, ularga ta’lim berish, ularning o‘ziga xos psixologik hamda fiziologik xususiyatlarini tadqiq etish, shuningdek, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy va jismoniy jihatdan kamolotga etkazish masalalarini o‘rganadi.
Korrektsion (maxsus) pedagogika – jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bilan bog‘liq muammolarni o‘rganadi.
Metodika – xususiy fanlarni o‘qitish mazmuni, qonuniyatlari, tashkiliy shart-shroitlarini tadqiq etadi.
Pedagogik texnologiya– ta’lim va tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, texnologik yondashuv asosida ta’lim va tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish muammolarini o‘rganadi.
Ta’lim menejmenti – ta’lim muassasalarining faoliyatini tashkil etish, boshqarish, nazorat qilish hamda istiqbollarini belgilash masalalarini o‘rganadi.
Ijtimoiy pedagogika – shaxs ijtimoiylashuvi, ijtimoiy me’yordan og‘ishishning pedagogik diagnostikasi, korrektsiyasi va reabilitatsiyasi hamda ijtimoiy-pedagogik faoliyatni tashkil etish masalalarini tadqiq etadi.
Oila pedagogikasi – oilaviy ta’lim -tarbiya, oilada bolalarni yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar asosida tarbiyalash, ota-onalarning pedagogik madaniyatini oshirish masalalarini o‘rganadi.
Xalq pedagogikasi – xalq og‘zaki ijodi, urf-odatlar, marosimlar, milliy va bolalar o‘yinlari, o‘yinchoqlari kabilarda saqlanib qolgan pedagogik ma’lumotlar va milliy tarbiyaga doir tajribalar majmuidir.
Qiyosiy pedagogika – qiyosiy aspektda turli davlat, hudud, umuman dunyo miqyosida, turli tarixiy davrlarda pedagogika nazariyasi va amaliyotining mavjud holati, rivojlanish tendensiyalari va qonuniyatlarini o‘rganadigan pedagogik fan sohasi.