Didaktikaning predmeti, funksiyalari va vazifasi. Pedagogika fani ta'lim va tarbiya jarayonini ularning yaxlitligi va birligi asosida o'rganadi.
Ikki faoliyatning har birining mohiyatini aniq bayon etish uchun didaktika (ta'lim nazariyasi) va tarbiya nazariyasini ajratib ko'rsatadilar. Hozirgi davrda didaktika o'qitishning mazmuni, metodlari va tashkiliy shakllarini ilmiy asoslab beruvchi pedagogika sohasi sifatida tushuniladi.
Umumiy didaktikadan tashqari xususiy didaktikalar yoki alohida fanlar bo'yicha ta'lim metodikasi deb ataluvchi didaktikalar ham mavjud.
Ularning mazmuni ta'limning ma'lum bosqichlarida u yoki bu fanlarni o'rganish va ta'lim berishning nazariy asoslarini belgilaydi. Har bir o'qituvchi didaktika asoslarini puxta bilishi va ularga tayangan holda faoliyatni tashkil etishi zarur.
Didaktika predmetini aniqlash bo'yicha turli qarashlar ilgari surilgan. Qarashlarning turlicha bo'lishi didaktikaning metodologik kategoriyalarini aniq ajratilmaganligi bilan bog’liq.
Ko'pchilik olimlar ta'lim obyekti deb o'qitish jarayonining maqsadi, mazmuni, qonuniyatlari, metodlari va tamoyillarini ko'rsatadilar.
Didaktika ta'limni ijtimoiy tajriba berish vositasi sifatida e'tirof etadi. Ta'lim yordamida yoshlarni hayotga tayyorlash amalga oshiriladi. Ta'limiy faoliyatni tashkil etishda o'qituvchi - o'quvchi, o'quvchi -o'quv materiali, o'quvchi — boshqa o'quvchilar o'rtasidagi munosabatlar yuzaga keladi.
Pedagogik adabiyotlarda ulardan qaysi biri didaktika uchun asosiy hisoblanishi kerakligi borasida ham turli fikrlar keltiriladi hamda o'quvchining o'quv materialiga bo'lgan munosabati, ya'ni, bilimlarni o'rganish munosabatini asosiy deb e'tirof etuvchi qarashlar soni nisbatan ko'p.
Darhaqiqat, o'qish, o'rganish ta'lim jarayonining ajralmas xususiyatidir. Ta'limga psixologiya nuqtayi nazaridan yondashilsa, ushbu munosabatning ustuvorligiga shubha qolmaydi. Biroq, ta'limga pedagogik, ya'ni, ijtimoiy tajribani berish, o'rgatish nuqtayi nazaridan qaralsa faoliyat uchun asosiy sanaluvchi munosabat - ikki shaxs (o’quvchi va o'qituvchi) o'rtasidagi munosabatlar yetakchi o'rin egallashi lozim ekanligi anglanadi.
Didaktika predmetining mohiyatini ochishga xizmat qiluvchi yana bir qarash ta'lim-tarbiya jarayonini yaxlit o'rganish zarurligini ilgari suradi. Ta'limning tarbiyaviy vazifalari o'quvchining bilimni o'zlashtirishlarini ta'minlabgina qolmay, shaxs xususiyati, uning rivojlanishi, ma'lum ma'naviy-axloqiy sifatlarni o'zlashtirishi, fe'1-atvori, xulqini tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitni yaratishdan iborat.
Didaktikaga ta'limning mazmunli va jaravonli jihatlarini birgalikda o'rganish xosdir. Amaliyotni qayta tashkil etish va takomillashtirish masalalarini nazarda tutgan holda didaktika ta'limni faqatgina o'rganish obyekti sifatidagina emas, balki ilmiy asoslangan loyihalashtirish obyekti sifatida qaraydi.
Umumiy didaktikaning predmeti dars o'tish (o'qituvchi faoliyati) va bilim olish (o'quvchining o'rganish faoliyati)ning o'zaro bog'liqligi va aloqadorligi hisoblanadi.
Didaktikaning vazifalari quyidagilardan iborat:
ta'lim jarayonlari va ularni amalga oshirish shartlarini ta'riflash va tushuntirish;
Didaktika nazariy va bir vaqtning o'zida me'yoriy-amaliy fan. Didaktikaning ilmiy-nazariy vazifasi ta'limning mavjud jarayonlarini o'rganish, uning turli jihatlari o'rtasidagi bog'liqliklar, ularning mohiyatini ochib berish, rivojlanish tendensiyalari va kelajagini aniqlashdan iboratdir.
O'zlashtirilgan nazariy bilimlar ta'lim amaliyotini yo'naltirish, ta'limni jamiyat tomonidan qo'yilayotgan ijtimoiy talablarga muvofiq takomillashtirishga imkon beradi. Ta'lim mazmunini anglab olish, ta'lim tamoyillari, ta'lim metod va vositalarini qo'llash me'yorlarini aniqlash asosida didaktika amaliy-me'yoriy hamda tashkiliy-texnologik vazifani bajaradi.