3. Psixologik xizmat predmeti, maqsadi va vazifalari Psixologik xizmatda tadqiqot va ta'sir o`tkazish ob'ekti maktabgacha yoshdagi bolalar, o`quvchilar, maxsus o`quv yurti va oliy maktab, kollej talabalari, o`qituvchilar, ota-onalar bo`lib hisoblanadi, ularni alohida yoki guruhiy shaklda tadqiq qilish mumkin.
P sixologik xizmat uch asosiy bo`g`indan tuzilgan:
1) Aniq o`quv muassasasida ishlaydigan bolalar amaliy psixologi.
2) Tuman xalq ta'limi qoshidagi tashhis markazi.
3) Respublika kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik tashhis markazi.
Psixologik xizmat metodlari turli tuman bo`lishi mumkin:
a) xalq ta'limi va o`rta maxsus kasb-hunar ta'limi xodimlari, o`quvchilar, talabalar bilan ma'ruzalar turkumi, aholining psixologik madaniyatini o`stirish maqsadida trening mashg`ulotlari o`tkazish;
b) ilmiy ommabop adabiyotlarni yaratish va ularni tarqatish;
v) ommaviy axborot vositalarida chiqishlar;
g) psixodiagnostik tadqiqotlar o`tkazish, metodikalar ishlab chiqish (test savol varaqasi, tajriba, kuzatish, suhbat va boshqalar);
d) psixologik maslahat berish;
e) psixologik konsiliumlar o`tkazish;
j) ta'lim va tarbiya beruvchi dasturlardan foydalanib psixodrama, psixokorreksion treninglarni amalga oshirish;
z) psixologik tadqiqot ob'ektining psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda o`quv dasturi, o`quv tarbiya rejalarini tahlil qilish va hokazolar.
Hozirgi bosqichda psixologik xizmat faoliyatining 2 yo`nalishi: dolzarb va kelajak yo`nalishlari mavjud. Dolzarb yo`nalish o`quvchilar ta'lim tarbiyasidagi qiyinchiliklar, ular xulq-atvoridagi, muloqotdagi va shaxsi shakllanishidagi buzilishlar bilan bog`liq muammolarni hal qilishga qaratilgan.
Kelajak yo`nalishi har bir bola individualligini rivojlantirishga, jamiyatda yaratuvchanlik hayotiga psixologik tayyorlikni shakllantirishga qaratilgan. Psixolog pedagogik jamoa faoliyatiga har bir o`quvchi shaxsi garmonik rivojlanish imkoniyatlari haqida asosiy psixologik g`oyani olib kiradi. Ikki yo`nalish ham bir-biri bilan bog`liq.
Kollejlardagi va akademik litseylardagi psixologik xizmat o`rta maxsus ta'limining zaruriy tarkibiy qismidir. Bu xizmatning zaruriyligi kollej va akademik litsey ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Har bir o`quvchida hayotga ijodiy munosabat va individual xususiyatlarning taraqqiyotini ta'minlaganligini psixologik xizmat to`g`ri tashkil etilgan deyish mumkin.
Psixologik xizmatni uch nuqtai nazardan qarab chiqish mumkin: ilmiy nuqtai nazar, tashviqot nuqtai nazar va amaliy nuqtai nazar. Ilmiy nuqtai nazar, tashviqot nuqtai nazar va amaliy nuqtai nazarlarning birligi psixologik xizmat predmetini tashkil etadi.