1-mavzu. Pul nazarisining asosiy tushunchalari. Pulning funktsiyalari va turlari



Yüklə 53,56 Kb.
səhifə1/20
tarix02.06.2023
ölçüsü53,56 Kb.
#123281
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
1-мавзу лат (3)


1-mavzu. Pul nazarisining asosiy tushunchalari. Pulning funktsiyalari va turlari
1.1. Pullarning kelib chiqishi, mohiyati va turlari
1.2. Pullarning funktsiyalari
1.3. Pulning nazariyalari
1.4. Pul muomalasi va pullarning aylanishi


1.1. Pullarning kelib chiqishi, mohiyati va turlari
Pul – bu umumiy ekvivalent sifatida qo'llaniladigan universal tovarning alohida turi bo'lib, boshqa barcha tovarlarning qiymati u orqali ifodalanadi. Pul ayirboshlash, to'lov, qiymatni o'lchash, boylikni to'plash vositasi funktsiyalarini bajaradigan noyob tovardir. Hozirgi iqtisodiyotda pul muomalasi amalda tovarlarning hamma turlari muomalasining o'zgarmas sharti hisoblanadi. Pul tufayli tovarlarni qiyoslash, ayirboshlashda zarur bo'ladigan qiymatning yagona mezoniga ega bo'lish mumkin.
Pul– bu boshqa ne'matlarning qimmatini o'lchashvositasi (umumiy ekvivalent) yoki ayirboshlashda hisob-kitoblarni amalga oshirish vositasi (ayirboshlash vositasi) funktsiyalarini bajaruvchi ne'matdir.
Pul – bu mutloq likvidlilikka ega bo'lgan ne'matdir. Pul – bu iqtisodiy kategoriya bo'lib, odamlar o'rtasidagi munosabatlar unda namoyon bo'ladi va uning yordamida quriladi. Pulning maqsadi bozorga oid o'zaro harakatlarning transaktsion xarajatlarini tejashdan iborat.
Avvalo, sotib olinadigan ne'matlarning turlari va miqdorini, bitimni amalga oshirish vaqti va joyini, shuningdek, bitim bo'yicha kontragentlarni tanlashdagi chiqimlarni tejashga pullar yordamida erishiladi. Barterli (mavozali) iqtisodiyotda bunday chiqimlar shunchalik ko'p bo'lishi mumkin ediki, bu amalda har qanday ayirboshlash harakatlarini amalga oshirishni istisno qilib, mehnat taqsimoti eng kam miqyos kasb etgan bo'lardi va faoliyatning ko'pgina turlari aslida vujudga kelmas edi. Aks holda shunday bir iqtisodiyot tashkil topgan bo'lardiki, unda, masalan, sochini oldirmoqchi bo'lgan iqtisodchi iqtisodiyot bo'yicha ma'ruza tinglamoqchi bo'lgan sartaroshni izlashiga to'g'ri kelardi. Aytaylik, yangi pal'to tikdirmoqchi bo'lgan akter buning uchun uning fil'mlarda o'ynagan rollari bilan qiziquvchi tikuvchini topishi kerak bo'lardi va hokazo. Pulllar potentsial sheriklar xohish-istaklarining shu tarzda juftlik holdagi mos kelishi zaruratini bartaraf etadi va bitimlarni amalga oshirish joyi va vaqtini, ayirboshlanadigan ne'matlar sifati va miqdorini, bitim bo'yicha sheriklarni qayishqoqlik bilan tanlashga imkon beradi va hokazo.
Ne'matlar qimmatini o'lchashdagi chiqimlarning katta qismi pullar yordamida tejaladi. Umumiy ekvivalent xususida kelishuvga erishilgan iqtisodiyotda individlar ayirboshlanadigan proportsiyalarni osonlik bilan tuzishi mumkin. Agar ikkita tovarning narxi ma'lum bo'lsa, unda ularning nisbiy qimmati ham aniq bo'ladi.
Shuni ta'kidlash zarurki, tovar ayirboshlash munosabatlari ular paydo bo'lgan vaqtdan boshlab bozorda umumiy ekvivalent bo'la oladigan, hamma uchun maqbul qulay tovarni izlashni ob'ektiv ravishda taqozo etgan. Ma'lumki, turli davrlarda metallar – bronza, temir, mis, kumush, oltin ana shunday ekvivalent bo'lgan. Oldiniga ular taqinchoqlar, qurollar, mehnat qurollari va ko'pincha tasodifiy shakldagi va miqdorlardagi kam ishlov berilgan metall parchalari shaklida qo'llanilgan. Ular brusoklar, novdalar, plastinalar va yombilardan iborat bo'lgan. Yombilar bilan hisob-kitob qilish uchun ularni tarozida tortishga to'g'ri kelgan, lekin ko'pincha yombilarni birmuncha kichikroq bo'laklarga bo'lish zarurati vujudga kelgan.
Universal hisob-kitob ekvivalentiga bo'lgan ehtiyoj eramizdan oldingi vIII asrdayoq kafolatlangan vaznli va tarkibli standartlashtirilgan yombilar paydo bo'lishiga olib keldi. Birmuncha keyingi davrlardagi yombilarning ayrim turlari ularni bo'laklarga bo'lishda qulay bo'lishi uchun belgili kertiklar bilan yasalgan. Biroq, bunday takomillashtirishlar baribir savdogarlarni hisob-kitoblarni amalga oshirishda yombilar va ularning bo'laklarini tortib ko'rish zaruratidan xalos etmagan.
Tovar ishlab chiqarishning o'sishi va tovar ayirboshlashning kengayishi, bunday jarayonlarga ko'p sonli hunarmandlar va boshqa qatnashchilarning jalb etilishi metall pullarning keyingi standartlashtirilishiga va ular miqdorlarining chakana savdo ehtiyojlariga moslashtirilishiga olib keldi. Taxminan eramizdan oldingi XII asrda Xitoyda, vII asrda esa O'rta yer dengizi davlatlari – Lidiya va Eginada vazni, miqdori va qotishmalarining tarkibiga ko'ra bir xildagi metall pullar paydo bo'ldi. Ular sekin-asta ishlab chiqarish va foydalanish uchun qulay bo'lgan dumaloq shaklga ega bo'ldi. Ular an'anaviy yombilardan birmuncha kichik o'lchamlari bilan, shuningdek, ularning to'lovga qobiliyatliligi va asosiy parametrlari (miqdori, qotishmalar tarkibi, vazni) u yoki bu darajada davlat tomonidan kafolatlanishi va muhofaza qilinishi bilan ajralib turardi. Shunday qilib, shu davrdan e'tiboran metall pullar hukmronligining uzoq davri boshlandi.
Bunday pullarda nominallar – metall pulning muayyan vaznli standartini ifodalovchi va pullarning nomlari sifatida muqim o'rin olgan tushunchalarning paydo bo'lishi, ushbu pullar evolyutsiyasining eng muhim natijalaridan biri edi. Asrlar qa'ridan bizgacha yetib kelgan tangalarning nomlari – draxmalar, franklar, markalar, talerlar va boshqa ko'plab tangalar nomlari – metall pullarning muayyan vaznli mohiyatlarini anglatardi.
Pullarning yombilarda bo'lmagan yangi sifatlari hisob-kitoblarni amalga oshirishda ularni shunchaki oddiy qayta hisoblashga va vaqti kelib ularni tortib ko'rishdan voz kechishga imkoniyat yaratdi. Belgilar va yozuvlar shunday sifat belgilari bo'lib, ular oldiniga pul birliklarining bir tomoniga, keyinchalik – ikkala tomoniga ham bosilgan. Eramizdan oldingi v asrdan boshlab esa ularning majburiy atributlari tusini olgan .
Muomalaga kirgan pullar «moneta» («tanga») degan nomni Yunonaning nomlaridan biri (Juno Moneta – Ogohlantiruvchi Yunona) sharafiga qabul qilingan bo'lib, uning Rimdagi Kapitoliy tepaligidagi Yunona saroyida ushbu antik davlatning yangi zarbxonasi joylashgan bo'lgan. Tangalarning paydo bo'lishi tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi bilan bog'liq edi. Metall pulning eng muhim xususiyatlaridan biri - qiymat ana shu voqeada o'z aksini topgan. Ular muomala uchun yombilarga qaraganda ancha qulay bo'lib, qisqa davr ichida butun dunyoda keng ommalashib ketdi.
Tanganing ko'p asrlik tarixida uning turlari ko'p marta o'zgardi, har bir davr unda o'z «tamg'asi»ni qoldirdi. Masalan, eramizdan ilgarigi vIIv asrlardagi eng qadimgi tangalarda faqat bir necha oddiygina chuqurchalarni ko'rish mumkin. v asrdan boshlab ularda shaharlar nomlarining boshlang'ich harflari, keyinroq - shaharlar nomlari va hukmdorlar ismlarining qisqacha nomlari paydo bo'ldi. qadimgi Rimdagi tangalardagi ayrim raqamlar va harflar tangalarning nominallarini bildirgan. Masalan, 1 raqami bir assni (bir rim funtiga, ya'ni misning 12 untsiyasiga teng bo'lgan og'irlik o'lchamini), S harfi 1/2 asosni anglatgan. Antik Eginaning ilk kumush draxmalarida toshbaqalar, fors shohi Dariyning (eramizdan oldingi vI-v asrlar) oltin tangalarida esa - yoydan o'q uzayotgan shoh tasvirlangan. qadimgi Rim tangalarida majusiylar xudolari, qahramonlari va imperatorlari aks ettirilgan.
Keyingi davrlar ularning o'rniga qirollar, shohlar va cherkov ierarxlari suratlari tasvirlangan. Burjua respublikalari tangalarida podsholar va avliyolar tasvirlari o'rniga davlat gerblari, turli belgilar va yangi tarixiy hodisalar manzaralari aks ettirilgan.
Ko'p asrlar davomida, deyarli XIX asrning boshiga qadar ko'pchilik mamlakatlarning pul tizimlarida bir xildagi maqomga ega bo'lgan oltin va kumush tangalar parallel ravishda amal qilib kelgan. Bunda oltin bilan kumush o'rtasidagi narxga oid o'zaro nisbat rasman belgilanmagan, balki bozor mexanizmlari bilan belgilangan. Ayrim mamlakatlarda esa to'laqonli oltin va kumush tangalarning amal qilishi oltin bilan kumush o'rtasidagi davlat tomonidan belgilangan narxga oid o'zaro nisbatga ko'ra yuritilgan.
1816 yildan 1900 yilgacha mamlakatlarning ko'pchiligi oltin yoki oltin tangali standartga o'tganlar: bu standartda mamlakatning asosiy pul birligi to'laqonli muomalada bo'ladigan oltin tangada zarb qilingan.
Uning nominali uning tarkibidagi oltin qiymatiga teng edi. Bu davrda banknotalarning oltin tangalarga hech qanday to'siqsiz ayirboshlanishi ta'minlangan. Kumush va mis tangalar esa mayda pul rolini o'ynardi.
Bunda mayda pullarning metall qiymati ham, odatda, u yoki boshqa darajada oltin tangaga bog'lanar edi. XX asr boshiga kelib tovar ishlab chiqarish katta miqyoslarga erishdi va tovar massasining oshib borayotgan hajmlariga xizmat ko'rsatish uchun tobora ko'proq miqdordagi pullar talab qilingan.
XIX asrning oxiri – XX asrning boshida yirik mashinali ishlab chiqarishning rivojlanishi bilan tovarlarning keskin ortib borayotgan massasi bilan oltin standart shartlariga ko'ra amalda mavjud bo'lishi cheklangan metall pullarning miqdori o'rtasida jiddiy disproportsiyalar vujudga keldi. Lekin oltin standart aksariyat ko'pchilik davlatlarda birinchi jahon urushigacha amal qilib turdi. Birinchi jahon urushi boshlangan vaqtga kelib amalda barcha mamlakatlar harbiy strategik zaxiralarni shakllantirish maqsadlarida oltin va kumush tangalarni muomaladan olib tashlashdi. Pul muomalasida ularning o'rnini ta'minlanmagan banknotalar va mayda pullar egalladi. Shu munosabat bilan printsipial jihatdan yangi pul tizimlari paydo bo'ldiki, ular o'zining tovar qiymatiga ega bo'lgan real pullardan shakllantirilmasdan, balki ularning surrogatlariga asoslangan edi. Bunday pul surrogatlari oltin bilan ta'minlanmagan pul belgilari – banknotalar, g'azna biletlari, arzon qotishmalardan yasalgan tangalar nomini oldi.
To'laqonli oltin tangadan farqli ravishda bunday pul surrogatlari tovar bozorida o'zining qiymatiga ega emas edi, chunki bunday qiymat juda kam bo'lib, faqat ularni tutib turuvchining bunday pullarni almashtirganda muayyan qiymatni olish huquqidan guvohlik berardi. Bunday holda pul belgilari faqat qiymatning vositachi vakillari rolini bajarardi.
Birinchi jahon urushi haddan ortiq moddiy zararlar keltirib, xo'jalik faoliyatini izdan chiqargani sababli, dunyodagi barcha mamlakatlarning hukumatlari real qimmatga ega bo'lmagan juda katta miqdordagi pul belgilarini chiqarishga kirishdi. Buning natijasida urush tugaganidan keyin bu mamlakatlarda qadri tushib ketgan pullar miqdori ko'payib qoldi. Inflyatsiya jarayonlari 1930-yillargacha ko'pgina davlatlarni o'z girdobiga tortdi. Bunday jarayonlar sababli iqtisodiy va moliyaviy sohalarda yuz bergan deformatsiyalar shunchalik jiddiy ediki, Yevropada urushdan keyin bir qator mamlakatlarda oltin standartni yana qaytadan tiklashga bo'lgan urinishlar kerakli natija bermadi.
XX asrning 70-yillarida oltinning denominallashuvi yuz berib, buning natijasida oltin oldiniga mamlakatning ichki aylanishida muomala va to'lov vositasi funktsiyalarini, so'ngra 1976 yildan boshlab jahon pullari funktsiyasini ham bajarmay qo'ydi. Ichki aylanishda va jahon bozorida ham qog'oz va kredit pullari oltinni siqib chiqarib tashladi.

Yüklə 53,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin