1-mavzu “Soliq nazariyasi” fanining predmeti, mazmuni va
2. O‘zbeksiton Respublikasi soliq xizmati organlarining tarkibiy tuzilishi.
Davlat boshqaruvi organining tashkiliy tuzilishi (ichki tuzilmasi) deganda uning huquqiy va tashkiliy jihatdan nisbatan mustaqil va alohida tusdagi bir-biriga o‘zaro bog‘langan bo‘linmalarining uyushmasi tushuniladi, ularning har biri alohida tarzda va barchasi birgalikda davlat vakolatlarining amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Organning tuzilishi unga yuklangan vakolatlarning samarali tarzda bajarilishini, har bir tarkibiy bo‘linmaning vakolatlari va mas’uliyatining aniq chegaralab qo‘yilishini, hammaning yagona bir butun mexanizmning unsurlari sifatida kelishilgan holda ish olib borishini ta’minlashi lozim. Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasi va faoliyatini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida»gi 1998 yil 12 yanvardagi 14-son Qarori bilan tasdiqlangan «Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risida»gi Nizomga va unga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan belgilangan.
Respublika soliq idoralarining tuzilishi bu uch darajali ierarxiya bo‘lib, u markaziy idora, ya’ni Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar soliq boshqarmalarini hamda tumanlar va shaharlardagi soliq inspekpiyalarini o‘z ichiga oladi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi soliq qonunlariga rioya qilinishini ta’minlash, davlatning iqtisodiy va mulkiy huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat nazoratining hududiy organi hisoblanadi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomning bajarilishini ta’minlashda mahalliy bojxona idoralari bilan bahamjihat harakat qilinishini amalga oshiradi.
Tumanlardagi, shaharlardagi va shaharlar tumanlaridagi davlat soliq inspektsiyalari davlat soliq boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan va u bilan birgalikda soliq idoralarining bir yagona tizimini tashkil etadigan idoralar hisoblanadi.
Davlat soliq boshqarmasi o‘zining faoliyati to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi oldida javob beradi. Soliq inspekpiyasi esa o‘zining bevosita rahbari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari oldida javob beradi.
Soliq inspektsiyasi Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomga amal qilgan holda ushbu Nizomning uning vakolatlariga tegishli talablarini to‘liq amalga oshiradi. Tuman (shahar) soliq inspektsiyasi idorasining tuzilishi va xodimlar soni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat soliq bosh boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan Davlat soliq qo‘mitasi belgilagan ish haqi fondi va xodimlar soni doirasida tasdiqlanadi.
Davlat soliq qo‘mitasining tuzilmaviy bo‘linmalari, odatda, funktsional asosda tashkil etiladiki, uning mohiyati rahbarlikning mustaqil funktsiyalarga taqsimlanishi va har bir ana shunday funktsiyani maxsus tuzilmaviy bo‘linmaning (boshqarma, bo‘lim, sektor) amalga oshirishidan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tuzilishining negizini quyidagicha uchta tamoyil tashkil etadi.
Nazorat-muvofiqlashtiruvchi - tarmoqli tamoyil (savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalarini nazorat qilish, umumiy ovqatlanish korxonalarini nazorat qilish bo‘limlarini o‘z ichiga oladigan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalarini nazorat qilish boshqarmasi; dehqonchilik - sanoat majmui korxonalarini taftish qilish bo‘limi) nazorat-muvofiqlashtiruvchi - funktsional tamoyili (jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarni soliqqa tortish boshqarmalari) bilan birga qo‘shib olib boriladi.
Nihoyat, tuzilmaviy bo‘linmalar funktsional bo‘linmalar (ular orasida mablag‘ bilan ta’minlash, buxgalterlik hisobi va hisoboti bo‘limi va shu kabilar bor) va markaziy idoraga xizmat ko‘rsatadigan bo‘linmalar kotibiyati, rais huzuridagi inspektsiya va shu kabilar bilan to‘ldiriladi.
Davlat soliq qo‘mitasining tuzilmaviy bo‘linmalari ushbu boshqaruv organining ishchi idorasi hisoblanadi. Ularning faoliyati rang-barang bo‘lib, mazkur organ funktsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Bu bo‘linmalar turli materiallarni tayyorlaydi, Davlat soliq qo‘mitasining boshqaruviga taalluqli o‘zga faoliyatni bajaradi, shu jumladan muvofiqlashtirish tusidagi funktsiyalarni bajaradi, maslahatlar beradi, fikr-mulohaza va xulosalar taqdim etadi, loyihalarning ekspertizasini o‘tkazadi, hujjatlarning loyihalarini, yuqori hokimiyat va boshqaruv organlariga takliflarni tayyorlaydi.
Boshqaruv organlarining butun faoliyati, barcha tashkiliy munosabatlari va huquqiy munosabatlari organning o‘z vakolatlarini amalga oshirishining natijasi hisoblanadi. Idoraning vakolatida boshqaruvning irodaviy mazmuni hammadan ko‘prok namoyon bo‘ladi. Davlat huquqiy normalarni chiqarish yo‘li bilan boshqaruv idorasining vakolatini belgilar ekan ushbu organning har qanday sohadagi hatti-harakatlarining chegaralarini belgilab beradi.