8-MAVZU: SOTSIAL USTANOVKA REJA: Sotsial ustanovka tushunchasi
Sotsial ustanovkalarni o‘rganishdagi uch bosqich
Attityud tushunchasining mohiyati va attityudning vazifalari
Ustanovkalarning to‘rt bosqichli tizimi
1. Sotsial ustanovka tushunchasi Psixologiya fanida shaxsning xulq-atvori va faoliyatga qaratilgan anglanilmagan mayllari orasidagi bog‘liqlik muayyan darajada tadqiq etilgani ustanovka borasidagi muammolarga tegishlidir. Ustanovka inglizcha “Set” so‘zidan olingan bo‘lib, ko‘rsatma berish, anglanilmagan mayllar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish ma’nolarida qo’llanib kelinadi. Ustanovkalar dunyoni bilishning samarali usulidir. Bizda biror-bir voqea-hodisa yoki shaxsga nisbatan ma’lum bir munosabat mavjud bo‘lsa, bu munosabat bizning his-tuyg‘ularimiz va harakatlarimizda ifodalanishi bizning ustanovkalarimiz bilan bog‘liqdir.
Masalan, bizda biror-bir millat yoki xalqqa tegishli bo‘lgan ma’lumotlar asosida ularni dangasa, tajovuzkor degan tasavvur mavjud bo‘lsa, o‘sha xalqning istalgan vakilini ko'rganimizda unga nisbatan bizda salbiy his-tuyg‘u paydo bo‘ladi va bu harakatlarimizda ham aks etadi. Ba’zi jamoa, guruh va oilalarda ustanovkaga asoslanish, ishonish ba’zi noxush oqibatlarga olib keladi.
Demak, ustanovka — insonning o‘ziga bog'liq bo‘lmagan holda his-tuyg‘ularini namoyon qilishi yoki o’zi bilmagan holda harakat qilishidir, desak bo‘ladimi? Bu savolga ustanovkalar haqidagi ilmiy ma’lumotlarni bilish asosida javob berishga harakat qilamiz.
Bir qarashda «ustanovka» va «ijtimoiy ustanovka» tushunchasi bir-biriga juda yaqin va o‘xshash. Ayniqsa, shaxs, faoliyat, yo‘nalish, tayyorgarlik, munosabat tushunchalari ikkala tushuncha uchun ham birday ahamiyat kasb etadi, qolaversa, bularni bir-biridan ajratgan holda ta’riflash ham juda mushkul.
Lekin fanda aniqlik va har bir sohaning ilmiy yo‘nalishi nuqtai nazaridan, shuningdek, ustanovka muammosining umumiy psixologiyadagi va ijtimoiy psixologiyada tutgan o‘rni va o‘ziga xos vazifalarini belgilash maqsadida «ustanovka» va «ijtimoiy ustanovka» tushunchalari shartli ravishda qabul qilingan. Balki, bu ustanovka muammosini yanada chuqurroq, yanada mukammalroq o‘rganishga xizmat qiladi.
Ustanovka shaxsning o‘zi anglab yetmagan muayyan ruhiy holati yoki maylidir. Bunday holatda shaxs biron-bir ehtiyojni qondirish mumkin bo‘lgan ma’lum faoliyatga nisbatan ruhan tayyor turadi. Avtoritar tafakkur, milliy stereotip, etnik rasm-rusumlar ham ustanovkaga misoldir. Ba’zi hollarda shaxs uchun anglanilmagan ustanovka o‘z pozitsiyasini aniq namoyish qilishda e’tiqod sifatida gavdalanadi, anglanilmagan omillar tariqasida aks etadi.
Ustanovka — insonning o‘zi bilmagan holda yon-atrofidagi insonlar va voqelikni baholashi va ularga nisbatan munosabat bildirishidir.
Ustanovka — bu faoliyatga mustaqil tayyorlikdir.
Ustanovka — insonning ichki o’ziga xos tuyg’ularini namoyon etishga ruhan tayyorlik holatidir.
Ustanovka uzoq vaqt davomida shakllanadi va u insonning qadr-qimmati bilan uzviy bog’liqdir. “Moyillik”, “yo’nalganlik”, “tayyorlik” kabi mazmunni anglatuvchi, bir-biriga o’xshovchi “ustanovka” va “sotsial ustanovka” tushunchalarini bir-biridan farqlash lozimligi ko’pchilik olimlar tomonidan qayd etilgan.
Sof psixologik ma’noda yangicha tafakkur va dunyoqarashni shakllantiruvchi va o’zgartiruvchi sotsial psixologik mexanizm — bu sotsial ustanovkalardir.
Bu — shaxsning atrof muhitida sodir bo’layotgan sotsial xodisalarni, obyektlarni, sotsial guruhlarni ma’lum tarzda idrok etish, qabul qilish va ular bilan munosabatlar o’rnatishga ruhiy ichki hozirlik sifatida odamdagi dunyoqarashni ham o’zgartirishga aloqador kategoriyadir.