1. Statistik to’plam – bu umumiy bog’liqlikda, qandaydir bir sifat belgisi bilan birlashgan va bir-biridan farq qiluvchi ob’ekt yoki hodisalarning yig’indisidir. Masalan,
korxonalar soni, aktsiyadorlik jamiyatlari soni, oilalar soni va h.k. To’plamlar bir jinsli (o’xshash, bir xil bo’lgan) va turli jinsli bo’lishi mumkin.
2. Belgi - bu to’plam birligining sifatiy xususiyatidir. O’rganilayotgan to’plam birligini ifodalash xarakteriga
qarab belgilar miqdoriy, atributiv va alternativ belgilarga bo’linadi.
3. Statistik ko’rsatkich – bu kategoriya bo’lib, hodisa va voqealarni aniq sharoit va vaqtdagi miqdoriy tasvirlanishidir. Statistik ko’rsatkichlar hajmiy va hisoblangan ko’rsatkichlarga bo’linadi. Ular, reja, hududiy, haqiqiy, bashoratlangan ko’rsatkichlar shaklida bo’lishi mumkin.
4. Statistik ko’rsatkichlar tizimi – bu bir-biri bilan o’zaro bog’langan statistik ko’rsatkichlar yig’indisidir. Statistik ko’rsatkichlar tizimi ijtimoiy hayotni barcha pog’onalarini o’zida qamrab oladi. Agarda ko’rsatkichlar mamlakat, hudud,
tarmoq darajasida hisoblansa, ular makrodaraja ko’rsatkichlari deyiladi.
3. O’zbekistonda statistika rivojlanishi va uning huquqiy asoslari
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan davrdan boshlab statistika faoliyatini tashkil etish masalasida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Dastavval, statistika va bashorat qilish ishlarini uyg’unlashtirish hamda metodologik-uslubiy masalalarni bozor iqtisodiyoti sharoitlariga moslashtirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 6 avgustdagi UP-949 sonli Farmoni va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 avgustdagi 367-sonli qaroriga ko’ra Davlat statistika qo’mitasi Taraqqiyot istiqbolini belgilash qo’mitasi bilan birlashtirilib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika («O’zistiqbolstat») Davlat qo’mitasi tashkil qilindi.
Respublikamizda statistika ishlarini qonuniy va xalqaro standartlar asosida olib borish ishlarini tashkil qilish uchun 1993 yilning 2 sentyabrida Oliy Majlis tomonidan «Davlat statistikasi to’g’risida» qonun va 1994 yilning 24 avgustida Vazirlar Mahkamasining 433-sonli qaroriga binoan «O’zbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisob va statistika tizimiga o’tish bo’yicha Davlat dasturi» qabul qilindi.
4. Statistika fanining predmeti va metodi
Statistikaning o’rganish ob’ekti insoniyat hayotida ro’y beradigan barcha ommaviy voqea va hodisalardir, predmeti esa shu ommaviy voqea va
hodisalarni miqdoriy tomonlarini o’rganuvchi, aniq sharoit va vaqtda hodisalarning rivojlanish qonuniyatlarini o’rgatuvchi metodlar yig’indisidir.
Hozirgi kungacha statistikaga berilgan ta’riflarni har tomonlama tahlil qilib, ularni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
statistika deganda mamlakatning iqtisodiy va sotsial rivojlanishi haqida ma’lumotlarni to’plovchi, umumlashtiruvchi va chop qiluvchi organ, ya’ni statistika organlari tushuniladi;
statistika deganda biror-bir hodisa haqidagi raqamlar yig’indisi tushuniladi. Masalan, Futbol bo’yicha jahon chempionati tugadi. Qaysi komanda nechta gol urdi yoki o’tkazdi, kimlar gol urdi, nechtadan urdi va h.k. bu statistika emish. Yoki kasalxonani olaylik. Necha kishi operatsiya qilindi, shundan nechtasi tirik qoldi yoki o’ldi. Bu ham statistika emish;
statistika deganda ijtimoiy fan tushuniladi (bu ayniqsa sobiq ittifoq olimlari o’rtasida eng ko’p tarqalgan ta’rif);
statistika deganda statistik metodlar yig’indisi tushuniladi;
statistika deganda raqamli ma’lumotlarni to’plash va interpretatsiya (izohlash, talqin qilish) metodlarini o’rgatuvchi fan tushuniladi va h.k.;