178
O‘zbekistonning noyob va kamayib borayotgan o‘simlik va hayvonlari
to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar 1979-yil ta’sis etilgan «Qizil kitob»da
o‘z aksini topgan. Birinchi marta O‘zbekiston «Qizil kitob»ining faunaga
bag‘ishlangan qismi 1983-yil nashrdan chiqdi. Unga umurtqali hayvonlar
(baliqlar, sudralib yuruvchilar, qushlar, sutemizuvchilar)ning 63 turi kiritilgan
edi. 1984-yil o‘simliklar olamiga bag‘ishlangan nashriga 163 tur o‘simlik
kiritilgan. «Qizil kitob» – davriy nashr hisoblanadi. Unga kiritiladigan
o‘simlik va hayvon turlari Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqi taklif
etgan tasnifga binoan 4 guruhga ajratiladi:
1) yo‘qolgan yoki yo‘qolish arafasida turgan (jiddiy muhofaza talab
etuvchi) turlar;
2) yo‘qolib borayotgan (areali va soni kun sayin kamayib borayotgan,
maxsus muhofazaga muhtoj) turlar;
3) kamyob, bevosita yo‘qolish xavfi bo‘lmasa-da, kichik maydonlarda
kamdan kam uchraydigan (muhofazaga muhtoj) turlar;
4) muayyan vaqt davomida soni va tarqalgan maydonlari tabiiy
sabablarga ko‘ra yoki inson ta’sirida qisqarib borayotgan (sonini nazorat
qilib turish talab qilinadigan) turlar.
«Qizil kitob»ga kiritiladigan hayvon va o‘simlik turlari bo‘yicha taklifni
ilmiy tekshirish muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlari, ayrim olimlar
tavsiya qilishi mumkin. Muhofaza qilinishi natijasida o‘z arealini qaytadan
tiklagan va yo‘qolib ketish xavfi tug‘ilmaydigan o‘simlik va hayvon turlari
«Qizil kitob»dan chiqariladi.
Dostları ilə paylaş: