1. “Nazariy tilshunoslik masalalari” fani, uning predmeti, maqsa
Tilshunoslikning sotsiologiya bilan munosabati. Sotsiolingvistika.Ijtimoiy tuzumga aloqador, hayot bilan va kishilarning jamiyatdagi munosabatlari bilan bog‘liq qonunlarni o‘rganadigan sotsiologiya fani ham tilshunoslik fani bilan aloqadordir. Bu fan va tilshunoslik fanining tutash nuqtasida alohida yo‘nalish – sotsiolingvistika sohasi shakllandi. Sotsiolingvistika tilshunoslikning tilni va uning mavjud bo‘lgan ijtimoiy sharoitlar bilan bog‘liqligini o‘rganadigan sohasidir. Ijtimoiy sharoitlar deganda, amaldagi til rivojlanayotgan tashqi shart-sharoitlar majmuyi: mazkur tildan foydalanayotgan kishilar jamiyati, bu jamiyatning ijtimoiy strukturasi, til egalarining yoshi, ijtimoiy mavqeyi, madaniyat va bilim darajasi, yashash joyi orasidagi farqlari, shuningdek, ularning muloqot vaziyatiga bog‘liq bo‘lgan nutqiy muomalasidagi farqlar tushuniladi. Demak, sotsiolingvistika tilning jamiyat hayotidagi roli, uning ijtimoiy tabiati, ijtimoiy funksiya(vazifa)lari, ijtimoiy omillarning tilga bo‘lgan ta’sir mexanizmi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganadigan tilshunoslik sohasidir.