Suyuq parafin uglevodorodlar C5 (tqayn = 30°C) dan C16 (tqayn = 286°C) gacha bo‘lgan parafin uglevodorodlar normal sharoitdagi suyuqlikdir. Ushbu uglevodorod- lar neftni to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydash natijasida mos holida benzin (20-200°C) va kerosin (170-285°C) fraksiyalarida mavjud. Keyingi kimyoviy qayta ishlashlarga normal tuzilishga ega bo‘lgan parafin uglevodorodlar qiziqish hosil qiladi. Mos fraksiyalardan rektifikatsiya yo‘li bilan ajratib olish imkoniyati yo‘q, chunki fraksiyada normal parafinlar bilan birga o‘sha oraliqda qaynaydigan izoparafin, aromatik va naften uglevodorodlar ham bor.
To‘g‘ri zanjirli parafin uglevodorodlarni ajratib olish usullari Hozirgi paytda parafin uglevodorodlarni muvofiq neft fraksiyalaridan mochevina (karbamid) bilan ekstrfaol kristallizatsiya qilish usuli bilan ajratib olinadi.
Ushbu usul normal tuzilishga ega bo‘lgan parafin uglevodorodlar mochevina bilan birikib, kristall mahsulot (kompleks) hosil qilishiga asoslangan, uglevodorodlarning boshqa turlari bunday kompleksni hosil qilmaydi.
Parafin uglevodorodlarning mochevina bilan bergan kompleksining stabilligi uglevodorod zanjiri uzunligining hamda mochevinaning eritmadagi kontsentratsiyasi oshishi bilan ortib boradi.
Kristallizatsiya jarayoni 35°C haroratda mochevinaning to‘yingan suvli eritmasi ishtirokida olib borilib, eritmani to‘yingan holatda doimiy ushlab turish maqsadida haroratni sekin-asta 25°C gacha pasaytiriladi, bu esa kompleks hosil bo‘lish tezligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Kompleks sentrifuga yoki filtrda ajratilib, erituvchi bilan yuviladi va suv yordamida 70-80°C gacha isitib, uni parchalaydi. Shu kabi normal parafin uglevodorodlar va mochevina ajratib olinadi, mochevina esa qayta kompleks hosil qilish uchun jarayonga qaytariladi.
Keyingi paytlarda karbamid yordamidagi deparafinlash o‘rniga iqtisodiy nuqtai nazardan samaraliroq bo‘lgan n-parafinlarni molekular elaklarda ajratib olish usuli kirib keldi. Molekulyar elak(seolitlar) – natriy va kalsiyli sintetik alyumosilikatlar g‘ovaklarining o‘lchamlari (4-5 Å ) tuslanishi mumkin bo‘lib, faqat n-parafinlarni o‘zlarinigina ajratib olish imkoniyatini beradi. Molekulalarning diametri katta bo‘lgan izoparafin, aromatik va naften uglevodorodlarni yutmaydi. Dastlabki fraksiya seolit bilan to‘latilgan adsorber orqali o‘tkaziladi, ularda n-parafin uglevodorodlar adsorbsiyalanadi. Desorbsiya bosimni tushirib, haroratni ko‘tarib, adsorbentni biron-bir erituvchi bilan yuvish orqali amalga oshiriladi. Ushbu jarayonning 200 dan 400°C gacha haroratda, 5-10 atmosfera bosimda o‘tkaziladigan turli modifikatsiyalari mavjud. Adsorbent 1000-3000 soat ishlagandan so‘ng oksidlab regeneratsiya qilinadi (koksi kuydi-riladi).