5-bob. Maktabgacha yoshdagi bolaning kompetensiyalari 1-§. Maktabgacha yoshdagi (6-7 yosh) bolaning umumiy muhim kompetensiyalari 12. Maktabgacha yoshdagi (6-7 yosh) bolaning umumiy muhim kompetensiyalari quyidagilardan iborat:
kommunikativ kompetensiya — muloqot vositalaridan turli vaziyatlarda foydalana bilish ko‘nikmasi;
o‘yin kompetensiyasi — bolaning o‘yin jarayoni va uni tashkil qilishda tajriba, bilim va ko‘nikmalardan ijodiy foydalanishi. O‘quv-tarbiyaviy faoliyat uchun asos hisoblanadi;
ijtimoiy kompetensiya — hayotiy vaziyatlarda kattalar va tengdoshlar bilan muloqotda axloq qoidalari va me’yorlariga rioya qilgan holda o‘zini tutish mahorati;
bilish kompetensiyasi — atrofdagi olamni ongli ravishda idrok qilish va olingan bilim, ko‘nikma, malaka va qadriyatlardan o‘quv va amaliy vazifalarni hal qilish uchun foydalanish.
2-§. Bolaning rivojlanish sohalari kompetensiyalari 13. Bolaning kompetensiyalari bola rivojining quyidagi sohalarida belgilanadi:
jismoniy rivojlanish va sog‘lom turmush tarzining shakllanishi;
ijtimoiy-hissiy rivojlanish;
nutq, muloqot, o‘qish va yozish malakalari;
bilish jarayonining rivojlanishi;
ijodiy rivojlanish.
3-§. “Jismoniy rivojlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish” sohasi kompetensiyalari 14. “Jismoniy rivojlanish va sog‘lom turmush tarzining shakllanishi” sohasidagi o‘quv-tarbiyaviy faoliyat yakunlanganidan so‘ng 6-7 yoshli bola:
o‘z imkoniyatlari va yoshi bilan bog‘liq jismoniy rivojlanish me’yorlariga mos ravishda jismoniy faollik ko‘rsatadi;
turli harakatchanlik faolligini uyg‘un ravishda va maqsadli bajarishni biladi;
turli hayotiy va o‘quv vaziyatlarida mayda motorika ko‘nikmalaridan foydalanadi;
o‘z harakatlarini hissiyot va sezgi organlari yordamida boshqaradi;
shaxsiy gigiyena malakalarini qo‘llaydi;
sog‘lom turmush tarzi va ovqatlanish asoslarini biladi;
xavfsiz hayotiy faoliyat asoslari qoidalariga rioya qiladi.