Fonetika fonologiya,uning o’rganish manbai va predmeti,yo’nalishlari Fonetika deganda eng quyi lisoniy sath ham, tilshunoslikning shu sathni o‘rganadigan sohasi ham tushuniladi. Fonetika (gr.phonetikos - tovushga, ovozga xos) tilshunoslikning boshqa sohalaridan farqli o‘laroq, nafaqat o‘rganish manbaining funktsional tomonini, balki nutq tovushlarini hosil qiluvchi talaffuz apparatini, shuningdek, ularning akustik xossalarini va til egalari tomonidan qabul qilinish jihatlarini ham tekshiradi. Fonetikada tilshunos-likning boshqa fan sohalari-adabiyotshunoslik, fiziologiya, fizika, psixologiya kabi fanlar bilan aloqasi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu fanlardan farqli o‘laroq, fonetika tovushlarga so‘z, qo‘shimcha va gaplarga moddiy qiyofa beruvchi til tizimi unsuri sifatida qaraydi.
Fonetika nutqdagi tovush o‘zgarishlari va almashinishini, urg‘u va uning turlarini ham o‘rganadi.
Fonetikani o‘rganish imlo (orfografiya), to‘g‘ri talaffuz (orfoepiya) me’yorlarini yaxshi o‘zlashtirib olishda, adabiy va dialektal talaffuz farqlarini aniqlashda, logopediya va surdopedogogikada nutqiy nuqsonlar diagnostikasi va ularni bartaraf etishda katta ahamiyatga ega. Fonetika yutuqlari aloqa vositalarini tekshirish va ular samaradorligini oshirishda hamda nutqni avtomatik aniqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Fonetikaning bo‘limlari. Fonetika, avvalo, umumiy, xususiy va qiyosiy fonetikaga ajraladi.