9. Arifmetik mantiqiy qurilma vazifasini tashkil etuvchilar bilan tanishish Arifmetik-mantiqiy qurilma axborotni o‘zgartirishga oid arifmetik va mantiqiy operatsiyalarni bajarish uchun mo‘ljallangan qurilma sanaladi. Funksional jihatdan AMQ, odatda, ikkita registr, summator va boshqaruv sxemasidan (mahalliy boshqaruv qurilmasidan) tashkil topgan. Summator - kirish qismiga kelayotgan ikkilik sonli kodlarni qo‘shish amalini bajaruvchi hisoblash sxemasi bo‘lib, mashinaning ikkilangan so‘ziga oid razryadlik darajasiga ega. Uzunligi turlicha bo‘lgan tez ishlovchi xotira registrlari: 1- registr (Pr1) ikkilangan so‘z, 2- registr (Pr2) esa bitta so‘zga oid razryadlik darajasiga ega. Operatsiya bajarilayotgan paytda Pr1 ichida operatsiyada ishtirok etayotgan birinchi son, operatsiya yakuniga yetgach - natija joylashadi; Pr2 ichida esa operatsiyada ishtirok etayotgan ikkinchi son joylashib, operatsiya yakuniga yetgach, uning ichidagi axborot o‘zgarmay qoladi. 1- registr axborotni ma’lumotlarning kodli shinasidan olishi va xuddi shu shinasi orqali uzatishi mumkin. Boshqaruv sxemasi yo‘riqlarning kodli shinasi orqali boshqaruv qurilmasidan boshqaruv signallarini qabul qilib, registrlar va AMQ summatori ishini boshqarish uchun mo‘ljallangan signallarga aylantiradi. MQ arifmetik (+, - , *, :) operatsiyalarni faqat so‘nggi razryaddan so‘ng qayd etilgan vergulli ikkilik axborotga, ya’ni faqat butun ikkilik sonlarga nisbatan bajaradi. O‘zgaruvchan vergulli ikkilik sonlar hamda ikkilik-kodlashgan o‘nli sonlarga nisbatan operatsiyalar ijrosi matematik soprotsessor yoki maxsus tuzilgan dasturlar jalb etilgan tarzda bajariladi.
10. Ommabop mikroprotsessorlar bilan tanishish. 1971 yilning noyabr oyida Intel korporatsiyasi o‘zining uch nafar muhandisi tomonidan ishlab chiqilgan va tijorat maqsadlarida tarqatish uchun mo‘ljallangan dunyoda eng birinchi 4004 rusumli mikroprotsessor yaratganini e’lon qildi. Bugungi standartlarga ko‘ra juda sodda sanaladigan ushbu mikroprotsessor tarkibida atigi 2300 ta tranzistor bo‘lib, soniyada bor-yo‘g‘i 60 000 ta hisoblash operatsiyalarini bajargan xolos. Bugungi mikroprotsessorlar ommaviy ishlab chiqarilayotgan juda murakkab mahsulot bo‘lib, o‘z ichiga 5,5 milliondan ortiq tranzistorni mujassam etadi, soniyada yuzlab million operatsiyalar bajaradi. Bu borada olib borilayotgan tadqiqotlar esa tobora jadal kechmoqda. Intel firmasining asosiy yutuqlaridan biri Pentium rusumli protsessor yaratilishi bo‘ldi. Bu ish 1989 yil iyun oyida boshlandi. Pentium ni ishlab chiqish va sinab ko‘rish ishlarida shaxsiy kompyuterlarni ishlab chiqadigan va dasturiy ta’minot tuzadigan asosiy mutaxassislar faol ishtirok etishdi. Bu esa, o‘z navbatida, loyihaning umumiy muvaffaqiyatiga sezilarli omil bo‘ldi. 1991 yil intihosida protsessor maketi tayyor bo‘lib, unda muhandislar dasturiy ta’minotni ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldilar. Loyiha ishlari asosan 1992 yilning fevral oyida nihoyasiga yetkazilib, protsessorlarning tajriba uchun yaratilgan partiyasi keng qamrovli sinovdan o‘tkazila boshlandi. Pentium sanoatini o‘zlashtirish yuzasidan qaror 1992 yilning aprel oyida qabul qilinib, 1993 yil 22 mart kuni Pentium protsessorining keng qamrovli taqdimoti o‘tkazildi.