To‘rtinchidan, KIM amaliyotlari tashkilotlarga sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan mijozlar boykotining oldini olishga, bozorda esa raqobatchilar orasida ko‘proq manfaatlarga ega bo‘lishga yordam beradi. Masalan, 2010 yilda Nestle kompaniyasi Greenpeace tomonidan uyushtirilgan boykotga javoban palma yog‘i ta'minoti tizimida o‘rmonlar hududining kamayishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan reja ishlab chiqdi. Shu bilan birgalikda o‘rmonlarni kamaytirishga qarshi kurashuvchi «Forest Trust» nodavlat tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatdi. Sakkiz yil oldin atigi 18 foiz palma yog‘i mas'uliyatli ta'minot tizimi orqali olingan bo‘lsa, hozirda ushbu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazildi, ya'ni kompaniya palma yog‘ini faqat o‘rmonlarni yo‘q qilmaydigan korxonalardan ola boshladi. Mana shu orqali Nestle boykotni samarali bartaraf etdi. Bu kabi yondashuvni O‘zbekistonda ham qo‘llash mumkin. Jumladan, paxta ishlab chiqarishda KIM strategiyasi va g‘oyasi targ‘ib etilsa, mahalliy tekstil mahsulotlarga qarshi qilingan boykot harakatlarining oldini olishda samaraga erishish mumkin. Bu yo‘nalishda «Cotton campaign» tashkiloti bilan tegishli yo‘l xaritasi tuzsa bo‘ladi.
Beshinchidan, kuchli KIM siyosatiga ega kompaniyalar sarmoyadorlarni jalb qilishadi, chunki bu strategiyalar tadbirkorlarga potensial risklarni boshqarishga yordam beradi va bu orqali ular bozordagi raqobatchilar orasida ustunlikka ega bo‘ladi. G‘arbdagi axloq qoidalariga rioya qiluvchi sarmoyadorlar va aksiyadorlar kuchli KIM siyosati bo‘lgan firma va tashkilotlarga ko‘proq e'tibor beradi. Agar o‘zbek kompaniyalari o‘zlarining moliyaviy sharoitlarini mahalliy darajada yoki xalqaro miqyosda rivojlantirishni istasa, KIM tamoyillariga amal qilish, ularni amaliyotga tatbiq etish orqali ana shunday investorlarni jalb eta oladi.
Jahon bozorida muvaffaqiyat qozonish uchun kompaniya va tashkilotlar kuchli KIM siyosatini ishlab chiqishlari, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik standartlarini yaxshilashi zarur. Masalan, eng yirik investitsion kompaniyalarning rivojlanayotgan mamlakatlarga kirishdan qo‘rqishining sababi shuki, ular kiritayotgan sarmoyalarining etikaga to‘g‘ri kelmaydigan tadbirkorlik faoliyatiga ishlatilishidan xavfsirashadi, chunki bu ularning obro‘siga putur yetkazadi.
Shu bilan birga KIM o‘z obro‘sini yaxshilash yoki faqat raqobatchilar orasida farqlanish siyosati sifatida qo‘llanilmasdan, balki haqiqiy qiymatga ega va biznesning asosiy maqsadi sifatida hayotga tatbiq etilishi lozim. KIM qashshoqlik, inson huquqlari, sog‘liqni saqlash, ta'lim, majburiy mehnatni tugatish singari masalalarni hal qilish uchun rivojlanish vositasi bo‘lishi kerak. Korxonalar va tashkilotlarning KIM siyosati mahalliy qadriyatlar, muammolar va rivojlanish muammolariga asoslangan bo‘lishi darkor.
Agar biz Markaziy Osiyoda katta salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston 2017 yilgi ijtimoiy rivojlanish indeksi ro‘yxatida 128 mamlakat orasida 85-o‘rindan joy olganini hisobga olsak, bu holatni yaxshilash uchun tegishli KIM amaliyotlari muhim ekani ayon bo‘ladi. Bu borada biznesmenlarning roli shubhasiz salmoqlidir.