2.1. Harakatlarning asosiy maqsadlari va strategik yo‘nalishlari
Milliy dastur O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Vena konvensiyasi va Monreal protokoli hamda unga kiritilgan va O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan tuzatishlardagi majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash, shuningdek, texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha GEJ talablariga muvofiq xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Milliy dastur ozon qatlamining yemirilishini to‘xtatishdan atrof muhitning yaxshilanishini, ozonga zarar yetkazmaydigan texnologiyalarga o‘tishning iqtisodiy foydalarini hisobga oladi. U har bir guruh uchun OBMni iste’moldan chiqarish jadvalining strategik yo‘nalishini belgilaydi.
Monreal protokoli bilan yuklangan majburiyatlarni bajarishda:
Monreal protokolida belgilangan OBMni xavfsiz bo‘lgan moddalarga almashtirish bo‘yicha talablarni o‘z muddatida bajarish;
O‘zbekiston Respublikasiga import qilinishi taqiqlangan OBMning respublikaga olib kirilishini taqiqlash;
OBM foydalanadigan yoki ishlash jarayoni ular bilan bog‘liq bo‘lgan havoni sovitish uskunalarini taqiqlash;
GEJ va boshqa xalqaro donor tashkilotlar yordamida ozon uchun xavfsiz moddalardan foydalanadigan texnologiyalarni ishlab chiqaradigan va joriy etadigan tashkilotlar, kompaniyalar va shaxslarga har tomonlama ko‘maklashish;
OBM o‘rnini bosuvchi ishlarning bajarilishi to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi shaxslar va aholi xabardorligini ta’minlash;
mahalliy resurslardan foydalangan holda sovitish uskunalari va tarkibida OBM bo‘lmagan mahsulotlar hamda texnologiyalarni ishlab chiqarish sohasida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish;
O‘zbekistonda ozon qatlamini yemirish salohiyati bo‘lmagan energiya jihatidan samarali texnologiyalarni joriy etish orqali GXFUni butunlay iste’moldan chiqarish kabi strategik yo‘nalishlarga amal qilish zarur.