Ishlab chiqarish tannarxi – mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq xarajatlar yig‘indisi.
To‘la tannarx – mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish bilan bog‘liq xarajatlar yig‘indisi.
Chegaraviy tannarx – har bir navbatdagi ishlab chiqarilgan mahsulot birligining tannarxi.
Tijorat xarajatlari – mahsulotni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan, ya’ni uni qadoqlash, tashish va reklama qilish xarajatlari.
MAHSULOT TANNARXINI HISOBLASH
Mahsulot tannarxini hisoblash tannarxni kalkulatsiya qilish deb ham yuritiladi.
Kalkulatsiya – lotincha «calculatio» degan so‘zdan olingan bo‘lib, hisob, hisob-kitob degan ma’nolarni anglatadi.
Bu mahsulot birligiga to‘g‘ri keluvchi ishlab chiqarish xarajatlarini pul shaklidagi hisob kitobi.
Tannarxni kalkulatsiya qilish ishlab chiqarish ko‘zda tutilayotgan mahsulotning reja tannarxini yoki yaratilgan mahsulotning haqiqiy tannarxini aniqlash imkonini beradi. Kalkulatsiya qilish ishlab chiqarish harajatlarining muayyan moddalari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Quyida uning ayrim asosiy moddalarini ko‘rib chiqamiz:
1) xomashyo va materiallar. Bular ishlab chiqarish ko‘zda tutilayotgan mahsulotning asosini tashkil etadi. Xomashyo hali inson ta’siri katta bo‘lmagan, material esa ma’lum darajada qayta ishlovdan o‘tgan moddalar hisoblanadi. Misol uchun, mebel ishlab chiqarishda yog‘och xomashyo hisoblansa, undan tayyorlangan taxtalar material sanaladi; 2) qaytarilgan chiqindilar. Ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilar qiymati aniqlanib, xarajatlar qiymatidan chiqarib tashlanadi. Masalan, mebel ishlab chiqarishda kichik taxta bo‘laklari, yog‘och qipiqlari qiymati mahsulot tannarxidan ayirib tashlanadi;