[
OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.03.00 Bojxona rejimlari / 10.06.03.05 Tranzit]
[
TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tovarlarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish bilan bog‘liq operatsiyalarni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq,
shuningdek, tovarlarni elektron shaklda deklaratsiyalash tartibini yanada takomillashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 118 va 261-moddalariga muvofiq:
tovarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona organiga tranzit deklaratsiyasi va tovarning kuzatuv hujjatlari taqdim etilishi belgilanganligi;
tranzit deklaratsiyasi bojxona hududiga kirib kelayotgan tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasini kesib o‘tguniga qadar yoki kesib o‘tish vaqtida berilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
bojxona organlariga dastlabki axborot taqdim etilgan hollarda Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish daftarchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi Bojxona konvensiyasiga (1975-yil 14-noyabr, Jeneva) muvofiq to‘ldirilgan xalqaro yo‘llarda tashish daftarchasi hamda Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi konvensiyaga (1990-yil 26-iyun, Istanbul) muvofiq to‘ldirilgan ATA karneti tranzit deklaratsiyasi
sifatida qabul qilinadi;
bojxona organiga tranzit deklaratsiyasi tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasini kesib o‘tguniga qadar taqdim etilganda, qonunchilikda belgilangan dastlabki elektron shakldagi axborotni
taqdim etish talab etilmaydi;
tranzit deklaratsiyasini bojxona organiga taqdim etish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining “E-Tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tranzit deklaratsiyasining bojxona rasmiylashtiruvi bosqichlari;
tranzit deklaratsiyasi taqdim etilishi talab etiladigan
va talab etilmaydigan holatlar;
tranzit deklaratsiyasini taqdim etishda ilova qilinadigan hujjatlar turlari;
tranzit deklaratsiyasini “E-Tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatga
olish tartibi;
tranzit deklaratsiyasini o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish asoslari va tartibi.
4. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-noyabrdagi 700-son qarori bilan tasdiqlangan Bojxona yig‘imlari stavkalariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Belgilansinki:
mazkur qaror 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran
kuchga kiradi;
mazkur qarorga 2-ilovaning 2-bandi 2023-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-dekabr,
737-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-dekabrdagi 737-son
qaroriga
1-ILOVA
Tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: