Tijorat banklarining yangi bank xizmat turlari
Respublikamizda soʻnggi yillarda bank tizimini rivojlantirish, ayniqsa, sohaga zamonaviy IT-texnologiyalarni keng joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish qaratilgan konstruktiv choralar koʻrilmoqda. Bu boradagi jarayonlar joriy yildan boshlab yana-da tezlashtirildi. Bu bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlab oʻtganidek, "Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qoʻllash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy taʼminotlar boʻyicha zamon talablaridan 10-15 yil orqada qolmoqda.
2020-yildan boshlab har bir bankda keng koʻlamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi. Bu borada banklarimizning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish alohida eʼtiborimiz markazida boʻladi".
Xususan, oʻtayotgan yilda bank tizimida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlaydigan “loyihalar fabrikasi” faoliyatini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Oʻz navbatida banklarning xalqaro moliya bozorlariga chiqib, arzon va uzoq muddatli resurslar olib kelishi yoʻlida, masalan, Milliy bank va Ipoteka bank oʻz yevrobondlarini chiqarish ustida ish olib bormoqda.
Zero, davlatimiz rahbari aytib oʻtganidek, “Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – tijorat banklarini mijoz uchun ishlashga oʻrgatishdan iborat”.
Bu yoʻlda banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali ularning dasturiy taʼminotini tubdan yangilash, “kredit tarixi” axborot tizimini toʻliq ishga tushirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilanib, izchil amalga oshirilyapti.
Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida banklarning masofaviy xizmat koʻrsatish sifati va tezkorligi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etyapti. Quvonarlisi, koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida yurtimizda pensiya taʼminotini masofadan turib amalga oshirish jarayonlarini amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, bu borada pensionerlarga plastik kartochkalar ochib berish boʻyicha sezilarli ishlar olib borilyapti.
Shularga uygʻun tarzda bugungi kunda mamlakatimizda tijorat banklari tomonidan koʻrsatilayotgan masofaviy xizmatlar holatini yaxshilash, qulay va zamonaviy xizmatlarni joriy etish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Respyblikadagi epidemiologik holat barqarorlashgandan soʻng fuqaro (pensioner) Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga murojaat qilgan holda, oʻz xohishiga koʻra pensiya pulining maʼlum bir qismini naqd pul koʻrinishida olishi mumkin.
Hozirda pensionerlar uchun kartadagi mablagʻlarini bankomatlardan bepul naqdlashtirish, shuningdek, toʻlovlarni naqd pulsiz amalga oshirishlari uchun barcha hududlarda tegishli toʻlov infratuzilmasi yaratilgan. Toʻlovlarni masofadan onlayn tarzda toʻlash imkoniyati ham bank kartalaridan foydalanishning oʻziga xos qulayligi hisoblanadi.
Xalq banki tomonidan bosqichma-bosqich barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari oldida bankomatlar joylashtirish boʻyicha ham tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Shu oʻrinda, pensiya pullarini naqd shaklda oladigan pensionerlarga Xalq bankining shaxsiy pensiya-overdraft kartalarini ochish va pensiya mablagʻlarini bank kartalariga oʻtkazish tavsiya etiladi. Bu orqali ular bir qator qulayliklarga ega boʻladilar.
Plastik kartalarni esa hisob-kitoblardan soʻng tez va osonlik bilan dezinfeksiyalash mumkin. Shuningdek, hozirda har bir bank toʻlov va bank xizmatlaridan foydalanishni masofadan turib amalga oshirish, yaʼni mobil ilovalardan foydalanishni oson va qulay shaklga keltirishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Bu degani, naqd pulga qaraganda bank kartalaridan foydalanish kundan-kunga har tomonlama samarali va qulay boʻlib boradi.
Taʼkidlash joiz, yurtimizda banklarning masofaviy xizmatlarini koʻrsatish sifati va koʻlamini kengaytirishda Prezidentimizning 2018-yil 9-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni dasturilamalda toʻlov tizimini yana-da rivojlantirish, shu jumladan, masofadan turib bank xizmatlaridan foydalanish hamda yangi texnologiyalardan foydalanish asosiy vazifa etib belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi bank-moliya tizimida soʻnggi yillarda aynan shunday zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash sohada birmuncha qulaylik va yangiliklar yaratayotgani shundan dalolat beradi.
Jumladan, yurtimizda mijozlarga taklif etilayotgan masofaviy bank xizmatlaridan “Bank-mijoz”, “Internet-banking”, “SMS-banking” hamda “Mobil-banking” shakllari mijozlar tomonidan keng foydalanilmoqda. Sababi, ularning barchasi har ikkala tomonning oʻzaro manfaatli sheriklik asosida faoliyat yuritishida qoʻl kelmoqda.
Tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni soʻnggi 7 yil ichida salkam 83 barobarga oshgan. Yaʼni 2011-yil 1-yanvar holatiga koʻra 24 545 kishini tashkil etgan boʻlsa, 2017-yil 1-yanvarga kelib bu koʻrsatkich 2 042 111 nafarga yetgan.
Shuningdek, internet tarmogʻidan foydalanayotgan aholi soni ham keskin koʻpaymoqda. Bu esa masofaviy xizmatlar koʻrsatish tizimi zimmasiga yana-da katta vazifalar yuklaydi.
Binobarin, xalqaro standartlarni qoʻllagan holda texnologik platformani modernizatsiyalash natijasida plastik karta egalariga elektron tijorat SMS-xabarnomalari, pul oʻtkazmalari va shu kabi boshqa zamonaviy xizmat turlarini joriy etish imkoniyati yaratildi. Boshqacha aytganda, texnologik platforma mobil aloqa yoki internet mavjud boʻlgan har qanday joyda plastik kartochka boʻyicha tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda bank hisobvaraqlarini masofadan boshqarish tizimining qoʻllanish doirasi kengayib boryapti, tadbirkorlar oʻrtasida keng ommalashib, tijorat banklari tomonidan koʻrsatilayotgan masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni birgina 2017-yilning oʻziga kelib 2 milliondan oshib ketdi. Vaholonki, bu koʻrsatkich 2011-yilda 25 ming nafarga ham yetmasdi. Joriy yilda esa foydalanuvchilar soni keskin koʻpaydi(bu boʻyicha aniq statistikani topishning imkoni boʻlmadi).
Masofaviy bank xizmatlari ulardan foydalanadigan mijozlarning huquqiy maqomiga koʻra, yuridik va jismoniy shaxslarga moʻljallangan masofaviy bank xizmatlariga tavsiflanishi mumkin.
Hozirda yuridik shaxslarga “Korporativ internet-banking”, “Mobil-banking” va “SMS-banking” kabi zamonaviy xizmatlar koʻrsatilmoqda.
Yuridik shaxslar uchun “Internet banking” xizmati koʻlamini kengaytirish ham doimiy eʼtiborda turibdi.
Banklarning amalga kiritilgan tariflariga muvofiq, “Korporotiv internet banking” xizmatiga ulanish hamda “e-key” xavfsizlik kalitlarini taqdim etish bepul. Oylik abonent toʻlovi esa eng kam ish haqining 20 foiz miqdorida belgilangan.
Masalan, bu borada ATB “Qishloq qurilish bank” ni olib koʻraylik. 2018-yilning 1-fevral holatiga koʻra mazkur moliya muassasasining “Korporativ internet-banking” xizmatidan foydalanuvchi mijozlar soni 2998 nafarni tashkil qilgan edi. Ularning soni yildan yilga oʻsib boryapti. Buning afzalliklari nimada?
Gap shundaki, “Korporotiv internet-banking” xizmatidan foydalangan holda, mijozlar quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlishi mumkin:
- Bank muassasasiga kelmagan holda, toʻlovlarni masofadan, uydan yoki ofisdan bajarish;
- Mijozga zarur boʻlgan kunlik, oylik va yillik hisobotlarni (htms, xls) chiqarish hamda chop etish;
- Koʻp foydalanadigan maʼlumotlar, sana, valyutalar kursi va bank amaliyot kuni va tizimi maʼlumotlarini onlayn kuzatib borish;
- Toʻlov topshiriqnomalarining saqlangan tayyor shablonlaridan foydalanib, toʻlovlarni tezkor ravishda bajarish;
Shu bilan bir qatorda, “Bank-mijoz”, “Internet-banking”, “Mobil-banking” va “SMS-banking” xizmatlari yuqori oʻsishga ega boʻlib, 2011-yildan 95-martaga oshib, 2017-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, “Bank-mijoz”, “Internet-banking” xizmatidan foydalanuvchilar soni 135,629 mingtani tashkil etadi. 2011-yilda bu koʻrsatkich 1,424 mingtani tashkil etgan edi.
Yuridik shaxslar uchun “SMS-xabarnoma” xizmati uchun tarif miqdorlari “Toʻliq xizmat”, “Qoldiq xizmat” kabi turlarga tabaqalashtirilgan boʻlib, oylik abonent toʻlov mos ravishda eng kam oylik ish haqining 15, 10 va 5 foiz miqdorida belgilangan.
Bundan tashqari, "Bank-mijoz”, “Internet-banking”, “Mobil-banking” va “SMS-banking” kabi toʻlov tizimlari faoliyatlari tashkil etilgan va ular koʻmagida uyali aloqa operatorlari, kommunal toʻlovlar, internet provayderlar xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish, savdo-servis korxonalariga pul mablagʻlarini oʻtkazish bevosita bank hisobidan internet-magazinlardan onlayn xaridlarni amalga oshirish hamda kartadan-kartaga mablagʻ oʻtkazish imkoniyatlari yaratildi.
Aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh mablagʻlarini bank sektoriga jalb etish hamda bank daromadliligini oshirish va xizmat turlarini koʻpaytirish maqsadida mamlakatimiz banklarida “Internet-banking”, “Bank mijoz”, “SMS-Banking” va “Mobil-banking”, ular uchun moʻljallangan “Click”, “MBANK”, “UzCard”, “UPAY”, “Payme” ilovalari yana-da rivojlantirilmoqda.
Bularning barchasi mijozlar bank uchun emas, balki bank mijozlar uchun tamoyilini masofadan turib ham taʼminlashda katta ahamiyat kasb etadi. Elimizning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish esa eng asosiy vazifadir.
Dostları ilə paylaş: |